Jahon banki bilan hamkorlikda pandemiyaning taʼlim sifatiga koʻrsatgan taʼsiri oʻrganiladi

10:27 29 Iyul 2020 Jamiyat
111 0

Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi rahbariyati bilan Jahon banki vakillarining videokonferensiya formatida oʻtkazilgan navbatdagi uchrashuvida pandemiya sharoitining taʼlim sifati oʻtkazayotgan salbiy taʼsirini kamaytirish boʻyicha amalga oshirilishi lozim boʻlgan vazifalar muhokama qilindi. Bu haqda Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi matbuot xizmati xabar berdi.

Uchrashuvda avvalida Taʼlim inspeksiyasi boshligʻi Ulugʻbek Tashkenbayev pandemiya sharoitida taʼlim sifati taʼminlash va nazorat qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida maʼlumot berdi. Xususan, Prezidentimiz Oliy Majlisga Murojaatnomasida yurtimizda inson kapitali rivojlantirish masalasiga alohida toʻxtalib ustuvor vazifalar belgilab bergani, pandemiya davrida ham taʼlim sohasiga oid dolzarb masalalar shaxsan Davlat rahbarining doimiy eʼtiborida ekanligini taʼkidlab oʻtdi.

Oʻz navbatida Jahon banki vakillari berilgan maʼlumotlar uchun minnatdorchilik bildirar ekan, Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi va Xalq taʼlimi vazirligi bilan hamkorlikda maktab oʻquvchilarining bilimini sinash orqali pandemiyaning Oʻzbekistonda taʼlim sifatiga oʻtkazgan taʼsiri oʻrganishni taklif etishdi.

Jahon bankining 157 ta davlatdagi holatlar boʻyicha tahlillariga koʻra, COVID-19 pandemiyasi taʼsirida, taʼlim muassasalari taxminan 4 oy davomida yopiq holatda qolgan boʻlib, masofaviy tarzda taʼlim olish sinfxonada yuzma-yuz oʻtilgan dars kabi samarali boʻla olmasligi taxmin qilinmoqda. Buning obyektiv sababi sifatida esa masofaviy oʻqitish anʼanaviy dars kabi samarali boʻla olmasligi, masofaviy oʻqitish barcha oʻquvchilar uchun birdek qulay emasligi, taʼlim sifatini nazorat qilish qiyinligi, mavjud sharoitlar va aloqa vositalaridagi muammolarni keltirish mumkin.

Taʼlim boʻshliqlarini aniqlab, ularni toʻldirish boʻyicha oʻquv dasturlarini joriy etish jamiyatimiz uchun suv va havodek zarur inson kapitalini shakllantirish, taʼlim natijalarini yaxshilash orqali Oʻzbekistonning xalqaro reytinglardagi oʻrnini mustahkamlash (xususan, Inson kapitali indeksi), oʻquvchilarimizning xalqaro baholash tadqiqotlarida (PISA, TIMSS, PIRLS) muvaffaqiyatli ishtirokini taʼminlash va eng muhimi farzandlarimizni real hayot chaqiriqlariga tayyorgarligini taʼminlaydi.

Oʻzbekistonning Inson kapitali indeksidagi oʻrnini aniqlash uchun 2019-yilning noyabr oyida Taʼlim inspeksiyasi Jahon banki bilan hamkorlikda TIMSS xalqaro tadqiqotlari savollari asosida 5-sinf oʻquvchilarining matematika fani boʻyicha bilimi oʻrganilib, tahlillar olib borilayotgan edi. Tadqiqotlar doirasida aniqlangan boʻshliqlarni toʻldirish maqsadida taʼlim tizimini yana-da takomillashtirish zaruriyatiga qaramasdan, COVID-19 koronavirus pandemiyasi maktablarning yopilishi va darslarni telekanallar va internet tarmogʻi orqali masofaviy tarzda tashkil etishga majbur qildi.

Endilikda pandemiyaning taʼlim sifatiga taʼsirini, masofaviy taʼlim davomida oʻquvchilar fanlarni qay darajada oʻzlashtirganini oʻrganish ehtiyoji paydo boʻlmoqda.

Jahon banki vakillari tomonidan oʻquvchilarning bilimidagi yoʻqotishlar keyinchalik iqtisodiy daromadlarining ham pasayishiga olib kelishi mumkinligi aytildi.

Shu maqsadda, taʼlim boʻshliqlarini aniqlash va bartaraf etish boʻyicha tadqiqotlar oʻtkazish rejalashtirildi. Tadqiqotlar muvaffaqiyatli tashkil etilgan holda, pandemiya sababli taʼlim olishdagi boʻshliqlarning salbiy taʼsirini kamaytirish va taʼlim tizimini yana-da takomillashtirish boʻyicha tavsiyalar ishlab chiqiladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?