“Jaholatga qarshi maʼrifat”

18:48 09 Sentyabr 2019 Jamiyat
482 0

Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasida “Jaholatga qarshi maʼrifat” rukni ostida “Davlat va din” mavzuida davra suhbati boʻlib oʻtdi. Unda Prezident Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, Din ishlari boʻyicha qoʻmita, Oʻzbekiston musulmonlari idorasi, Taʼlim, fan va madaniyat masalalari boʻyicha islom tashkiloti, Respublika “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi, IIVning Jazoni ijro etish bosh boshqarmasi, Toshkent shahar IIBBning Ekstremizm va terrorizmga qarshi kurash boʻlimi vakillari, taniqli imomlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Mamlakatimizda davlatning din va diniy tashkilotlar bilan oʻzaro munosabati, islom dinining tinchlikparvarlik mohiyati hamda islom dinida mutaassiblik va jaholatning qoralanishi, “jaholatga qarshi maʼrifat” bilan kurashish gʻoyasining ahamiyati, ekstremizm gʻoyalari taʼsiriga tushib qolgan, toʻgʻri yoʻldan adashgan fuqarolarni ijtimoiy reabilitatsiya qilish kabi bugungi kunning bir qator dolzarb masalalari ushbu tadbirda atroflicha muhokama qilindi.

Shuningdek, tadbirda akademiyaning Ilmiy tadqiqotlar va innovatsion loyihalar markazi tomonidan tayyorlangan “Jaholatga qarshi maʼrifat” oʻquv qoʻllanmasining taqdimoti ham boʻlib oʻtdi. Mazkur qoʻllanmada millatlararo totuvlik va diniy bagʻrikenglikning mohiyati, mutaassiblik, ekstremizm hamda terrorizmning salbiy jihatlari keng qamrovli maʼlumotlar va dalillar asosida keng bayon qilingan. Islom niqobi ostida faoliyat koʻrsatayotgan buzgʻunchi oqim va harakatlarning yuzaga kelish tarixi, ularning maqsadi, gʻoyaviy-aqidaviy asoslari, moliyaviy manbalari, faoliyat uslublari va gʻayriislomiy mohiyati alohida bandlar asosida ochib berilgan.

Davra suhbatida ommaviy axborot vositalari vakillari savollariga javoblar qaytarildi.

“Xalq soʻzi”.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?