Jabrlanuvchilarni, guvohlarni va jinoyat protsessining boshqa ishtirokchilarini himoya qilish toʻgʻrisida

09:41 15 Yanvar 2019 Hujjatlar
1168 0

Oʻzbekiston Respublikasining QONUNI

Qonunchilik palatasi tomonidan 2018 yil 22 noyabrda qabul qilingan

Senat tomonidan 2018 yil 13 dekabrda maʼqullangan

1-bob. Umumiy qoidalar

1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi va asosiy vazifalari

Ushbu Qonunning maqsadi jabrlanuvchilarni, guvohlarni va jinoyat protsessining boshqa ishtirokchilarini himoya qilish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.

Ushbu Qonunning asosiy vazifalari jabrlanuvchilarning, guvohlarning va jinoyat protsessi boshqa ishtirokchilarining (bundan buyon matnda himoya qilinuvchi shaxslar deb yuritiladi) hayoti, sogʻligʻi hamda mol-mulkiga tajovuz tahdidi mavjud boʻlganda qoʻllaniladigan, jinoyatlarning oldini olishga yoki ularni fosh etishga koʻmaklashadigan, xavfsizlik va ijtimoiy himoya qilish choralarini oʻz ichiga oladigan chora-tadbirlar tizimini belgilashdan, shuningdek ularni qoʻllashning asoslari hamda tartibini aniqlashdan iboratdir.

2-modda. Himoya qilinuvchi shaxslarni himoya qilish toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari

Himoya qilinuvchi shaxslarni himoya qilish toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari ushbu Qonun va boshqa qonun hujjatlaridan iboratdir.

Agar Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida Oʻzbekiston Respublikasining himoya qilinuvchi shaxslarni himoya qilish toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan boʻlsa, xalqaro shartnoma qoidalari qoʻllaniladi.

3-modda. Himoya qilinuvchi shaxslarni himoya qilishning asosiy prinsiplari

Himoya qilinuvchi shaxslarni himoya qilishning asosiy prinsiplari qonuniylik, himoya qilinuvchi shaxsning huquqlari va qonuniy manfaatlari ustuvorligi, himoya qilinuvchi shaxslarning hamda himoya qilishni taʼminlovchi davlat organlarining oʻzaro javobgarligidan iborat.

4-modda. Himoya qilinuvchi shaxslar

Himoya qilinuvchi shaxslar quyidagilardan iborat:

1) jabrlanuvchi va uning qonuniy vakili;

2) guvoh;

3) jamoat ayblovchisi va jamoat himoyachisi;

4) gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchi, ularning himoyachilari va qonuniy vakillari;

5) mahkum, oqlangan shaxs, oʻziga nisbatan jinoyat ishi tugatilgan shaxs;

6) fuqaroviy daʼvogar, fuqaroviy javobgar va ularning vakillari;

7) ekspert, mutaxassis, tarjimon va xolis.

Ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan shaxslarning oila aʼzolari va yaqin qarindoshlari ham himoya qilinuvchi shaxslar boʻlishi mumkin.

Himoya qilish choralari jinoyat ishi qoʻzgʻatilguniga qadar arizachiga, jinoyat shohidiga yoki jinoyatning oldini olishga yoxud uni fosh etishga koʻmaklashuvchi shaxslarga nisbatan ham qoʻllanilishi mumkin.

5-modda. Himoya qilishni taʼminlovchi davlat organlari

Himoya qilishni taʼminlovchi davlat organlari quyidagilardan iborat:

himoya qilishni taʼminlash toʻgʻrisida qaror qabul qiluvchi organlar;

xavfsizlik choralarini taʼminlovchi organlar;

ijtimoiy himoya qilish choralarini taʼminlovchi organlar.

Himoya qilishni taʼminlash toʻgʻrisidagi qaror jinoyat ishini yuritayotgan, tergovga qadar tekshiruvni amalga oshirayotgan, surishtiruv, dastlabki tergov organlari va sud tomonidan qabul qilinadi.

Ichki ishlar organlarining yoki Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati organlarining yurituvida boʻlgan jinoyat ishlari boʻyicha himoya qilinuvchi shaxslarga nisbatan xavfsizlik choralari mazkur organlar tomonidan taʼminlanadi.

Sudning yoki prokuratura organining yurituvida boʻlgan jinoyat ishlari boʻyicha himoya qilinuvchi shaxslarga nisbatan xavfsizlik choralari himoya qilinuvchi shaxslar joylashgan yerdagi ichki ishlar organlari tomonidan sudning yoki prokurorning qaroriga binoan taʼminlanadi.

Harbiy xizmatchilar orasidan boʻlgan himoya qilinuvchi shaxslarga nisbatan xavfsizlik choralari tegishli harbiy qismlar qoʻmondonligi va Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari harbiy tuzilmalarining yuqori turuvchi qoʻmondonligi tomonidan taʼminlanadi.

Tergov hibsxonalarida saqlanayotgan himoya qilinuvchi shaxslarga nisbatan xavfsizlik choralari tegishincha ichki ishlar organlari va Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati organlari tomonidan taʼminlanadi.

Jazoni oʻtash joylarida saqlanayotgan himoya qilinuvchi shaxslarga nisbatan xavfsizlik choralari Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining Jazoni ijro etish bosh boshqarmasi muassasalari tomonidan taʼminlanadi.

Himoya qilinuvchi shaxslarni ijtimoiy himoya qilish choralarini taʼminlash Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda aholini ijtimoiy muhofaza qilish organlari va boshqa organlar zimmasiga yuklatiladi.

2-bob. Himoya qilish turlari

6-modda. Xavfsizlik choralari

Xavfsizlik choralari quyidagilardan iborat:

1) himoya qilinuvchi shaxs toʻgʻrisidagi maʼlumotlarning maxfiyligini taʼminlash;

2) shaxsni, uy-joyni va boshqa mol-mulkni qoʻriqlash;

3) himoya qilinuvchi shaxsga maxsus individual himoya vositalarini va texnik vositalarni berish;

4) vaqtinchalik xavfsiz joyga joylashtirish;

5) boshqa yashash joyiga koʻchirish, ish (xizmat) yoki oʻqish joyini oʻzgartirish;

6) hujjatlarni almashtirish;

7) himoya qilinuvchi shaxs toʻgʻrisidagi maʼlumotlardan foydalanilishini cheklash;

8) qamoqda yoki jazoni oʻtash joylarida saqlanayotgan himoya qilinuvchi shaxsga nisbatan qoʻshimcha xavfsizlik choralarini taʼminlash.

Ushbu modda birinchi qismining 6 va 7-bandlarida nazarda tutilgan xavfsizlik choralari faqat ogʻir va oʻta ogʻir jinoyat ishlari boʻyicha zarur boʻlgan hollarda amalga oshiriladi.

7-modda. Himoya qilinuvchi shaxs toʻgʻrisidagi maʼlumotlarning maxfiyligini taʼminlash

Himoya qilinuvchi shaxs toʻgʻrisidagi maʼlumotlarning maxfiyligini taʼminlash xavfsizlik choralarini taʼminlovchi organning qaroriga binoan, operatorlarda turgan davlat axborot-maʼlumot fondlaridagi va boshqa axborot-maʼlumot fondlaridagi himoya qilinuvchi shaxs haqidagi maʼlumotlar berilishiga taqiq oʻrnatish, uning telefoni abonent raqamlarini hamda uning foydalanuvidagi yoki unga tegishli transport vositalarining davlat raqam belgilarini oʻzgartirish yoʻli bilan amalga oshiriladi.

Boshqa jinoyat, maʼmuriy, iqtisodiy yoki fuqarolik ishini yuritish bilan bogʻliq alohida hollarda, himoya qilinuvchi shaxs toʻgʻrisidagi maʼlumotlar yozma soʻrov asosida va himoya qilishni taʼminlash toʻgʻrisida qaror qabul qilgan organning yozma roziligi bilan surishtiruv, dastlabki tergov organlari, sudga taqdim etilishi mumkin.

8-modda. Shaxsni, uy-joyni va boshqa mol-mulkni qoʻriqlash

Himoya qilinuvchi shaxsning hayotiga yoki sogʻligʻiga yoxud mol-mulkiga tajovuz tahdidi mavjudligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar aniqlangan taqdirda, xavfsizlik choralarini taʼminlovchi organlar tomonidan ushbu shaxsning roziligi bilan uning oʻzini, uy-joyini va boshqa mol-mulkini qoʻriqlash amalga oshiriladi.

Himoya qilinuvchi shaxs tomonidan egallab turilgan uy-joy va boshqa mol-mulk kuzatuvning texnik vositalari, yongʻinga qarshi va qoʻriqlash signalizatsiyasi, shuningdek boshqa uskunalar bilan jihozlanishi mumkin.

9-modda. Himoya qilinuvchi shaxsga maxsus individual himoya vositalarini va texnik vositalarni berish

Xavfsizlik choralarini taʼminlovchi organlar himoya qilinuvchi shaxsning hayoti va sogʻligʻiga nisbatan tahdid darajasini hisobga olgan holda unga maxsus individual himoya vositalarini hamda texnik vositalarni berishi mumkin.

10-modda. Vaqtinchalik xavfsiz joyga joylashtirish

Zarur boʻlgan taqdirda, voyaga yetgan himoya qilinuvchi shaxslar oʻz roziligi bilan, voyaga yetmagan shaxslar esa ota-onasining yoki boshqa qonuniy vakillarining roziligi bilan oʻz xavfsizligi taʼminlanadigan joylarga joylashtirilishi mumkin. Mazkur joyda boʻlish muddati himoya qilinuvchi shaxs va xavfsizlik choralarini taʼminlovchi organ oʻrtasida kelishiladi.

11-modda. Boshqa yashash joyiga koʻchirish, ish (xizmat) yoki oʻqish joyini oʻzgartirish

Himoya qilinuvchi shaxslarning roziligi bilan yoki ularning arizasiga koʻra ular boshqa vaqtinchalik yoxud doimiy yashash joyiga koʻchirilishi, oʻzga vaqtinchalik yoki doimiy ishga (xizmatga) yoxud boshqa oʻqish joyiga oʻtkazilishi mumkin.

Himoya qilinuvchi shaxs boshqa doimiy yashash joyiga koʻchirilganda unga davlat hisobidan uy-joy beriladi, koʻchib oʻtish bilan bogʻliq xarajatlarning oʻrni qoplanadi, moddiy yordam koʻrsatiladi, uning ishga joylashtirilishi kafolatlanadi va avvalgisiga oʻxshash ish (xizmat) yoki oʻqish joyini tanlashda yordam koʻrsatiladi. Himoya qilinuvchi shaxs vaqtinchalik yashash uchun boshqa joyga koʻchirilganda u ilgari egallab turgan uy-joy va avvalgi yoki avvalgisiga oʻxshash ish (xizmat) yoxud oʻqish joyiga joylashtirish kafolatlari ushbu shaxs koʻrsatilgan sababga koʻra yoʻq boʻlgan butun davr mobaynida saqlanib qoladi.

Boshqa yashash joyiga koʻchirish, ish (xizmat) yoki oʻqish joyini oʻzgartirish himoya qilinuvchi shaxsning xavfsizligini unga nisbatan boshqa xavfsizlik choralarini qoʻllash orqali taʼminlashning imkoni boʻlmagan hollardagina amalga oshiriladi.

12-modda. Hujjatlarni almashtirish

Himoya qilinuvchi shaxslarning arizasiga koʻra yoki ularning roziligi bilan ularga familiyasi, ismi, otasining ismi va boshqa maʼlumotlari oʻzgartirilgan shaxsini tasdiqlovchi hujjatlar hamda oʻzga hujjatlar berilishi mumkin.

Yangi familiya, ism, otasining ismi himoya qilinuvchi shaxs bilan albatta kelishilgan holda yoki ushbu shaxs tomonidan, voyaga yetmaganlar uchun esa ular ota-onalarining yoki boshqa qonuniy vakillarining roziligi bilan tanlanadi.

13-modda. Himoya qilinuvchi shaxs toʻgʻrisidagi maʼlumotlardan foydalanilishini cheklash

Himoya qilinuvchi shaxs toʻgʻrisidagi maʼlumotlardan foydalanilishini cheklash jinoyat ishi materiallaridan shaxsning anketa maʼlumotlarini olib qoʻyishdan va ularni asosiy ish yurituvidan ajratib saqlashdan, shuningdek buning uchun taxallusdan foydalanishdan iboratdir.

14-modda. Qamoqda yoki jazoni oʻtash joylarida saqlanayotgan himoya qilinuvchi shaxsga nisbatan qoʻshimcha xavfsizlik choralarini taʼminlash

Qamoqda yoki ozodlikni cheklash, ozodlikdan mahrum etish yoxud intizomiy harbiy qismda saqlash tarzidagi jazoni oʻtash joylarida saqlanayotgan himoya qilinuvchi shaxsning xavfsizligi unga nisbatan ushbu Qonun 6-moddasi birinchi qismining 1 va 7-bandlarida nazarda tutilgan xavfsizlik choralarini qoʻllash orqali taʼminlanadi.

Ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan shaxslarning xavfsizligi choralarini taʼminlash maqsadida quyidagilar ham qoʻllanilishi mumkin:

1) himoya qilinuvchi shaxsni va zoʻravonlik tahdidini keltirib chiqaruvchi shaxsni ular ushlab turilganda, qamoqqa olinganda va ularga nisbatan jinoiy jazolar tayinlanganda boshqa-boshqa qamoqda saqlash va jazoni oʻtash joylariga yuborish;

2) himoya qilinuvchi shaxsni yoki zoʻravonlik tahdidini keltirib chiqaruvchi shaxsni bir qamoqda saqlash joyidan va jazoni oʻtash joyidan boshqasiga oʻtkazish;

3) himoya qilinuvchi shaxsni va zoʻravonlik tahdidini keltirib chiqaruvchi shaxsni alohida-alohida saqlash;

4) himoya qilinuvchi shaxsga nisbatan ehtiyot chorasini oʻzgartirish.

15-modda. Ijtimoiy himoya qilish choralari

Himoya qilinuvchi shaxs jinoyat protsessida ishtirok etishi munosabati bilan halok boʻlgan (vafot etgan) taqdirda, halok boʻlgan (vafot etgan) shaxsning oila aʼzolariga va uning qaramogʻida boʻlgan shaxslarga himoya qilishni taʼminlash toʻgʻrisida qaror qabul qiluvchi organning qaroriga koʻra Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan bir yoʻla beriladigan nafaqa toʻlanadi hamda boquvchisini yoʻqotganlik pensiyasi tayinlanadi.

Himoya qilinuvchi shaxs jinoyat protsessida ishtirok etishi munosabati bilan unga nogironlikni keltirib chiqaruvchi tan jarohati yetkazilgan yoki uning sogʻligʻiga boshqacha ziyon yetkazilgan taqdirda, himoya qilishni taʼminlash toʻgʻrisida qaror qabul qiluvchi organning qaroriga koʻra Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan bir yoʻla beriladigan nafaqa toʻlanadi va nogironlik pensiyasi tayinlanadi.

Himoya qilinuvchi shaxs jinoyat protsessida ishtirok etishi munosabati bilan unga nogironlikni keltirib chiqarmaydigan tan jarohati yetkazilgan yoki uning sogʻligʻiga boshqacha ziyon yetkazilgan taqdirda, himoya qilishni taʼminlash toʻgʻrisida qaror qabul qiluvchi organning qaroriga koʻra Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan bir yoʻla beriladigan nafaqa toʻlanadi.

Himoya qilinuvchi shaxs jinoyat protsessida ishtirok etganligi munosabati bilan halok boʻlgan (vafot etgan) taqdirda, agar uning oila aʼzolari va uning qaramogʻida boʻlgan shaxslar turli bir yoʻla beriladigan nafaqalar olish huquqiga ega boʻlsa, bir yoʻla beriladigan nafaqalardan bittasi ularga oʻz tanloviga koʻra tayinlanadi.

Tan jarohati yetkazilgan yoki sogʻligʻiga boshqacha ziyon yetkazilgan taqdirda, bir vaqtning oʻzida turli bir yoʻla beriladigan nafaqalarni olish huquqiga ega boʻlgan himoya qilinuvchi shaxslarga oʻz tanloviga koʻra bir yoʻla beriladigan nafaqalardan bittasi tayinlanadi.

Himoya qilinuvchi shaxsga jinoyat protsessida ishtirok etishi munosabati bilan yetkazilgan mulkiy zararning oʻrni Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablagʻlari va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan qoplanib, keyinchalik ushbu mablagʻlar himoya qilinuvchi shaxsga mulkiy zarar yetkazilishida aybdor boʻlgan shaxsdan undirilishi lozim.

3-bob. Himoya qilishni amalga oshirish asoslari va tartibi

16-modda. Xavfsizlik choralarini qoʻllash asoslari

Himoya qilishni taʼminlash toʻgʻrisida qaror qabul qiluvchi organ tomonidan aniqlangan, himoya qilinuvchi shaxsni jinoyat protsessida ishtirok etganligi munosabati bilan oʻldirish, unga zoʻrlik ishlatish, uning mol-mulkini yoʻq qilish yoki mol-mulkiga shikast yetkazishning aniq tahdidi mavjudligi haqidagi maʼlumotlar xavfsizlik choralarini qoʻllash uchun asos boʻladi.

Xavfsizlik choralari himoya qilinuvchi shaxsning yozma arizasi asosida yoki uning yozma roziligi bilan, voyaga yetmagan shaxslarga nisbatan esa ular ota-onasining yoki boshqa qonuniy vakillarining, shuningdek vasiylik va homiylik organlari vakolatli vakillarining (ota-onasi yoki boshqa qonuniy vakillari homiyligidan mahrum boʻlgan taqdirda) yozma arizasi asosida yoxud ularning yozma roziligi bilan qoʻllaniladi.

Agar xavfsizlik choralarining qoʻllanilishi himoya qilinuvchi shaxsning voyaga yetgan oila aʼzolari va u bilan birga yashovchi boshqa shaxslar manfaatlariga daxl qiladigan boʻlsa, xavfsizlik choralarini qoʻllash uchun ularning yozma roziligi olinishi zarur.

17-modda. Ijtimoiy himoya qilish choralarini qoʻllash asoslari

Himoya qilinuvchi shaxsning jinoyat protsessida ishtirok etishi munosabati bilan halok boʻlganligi (vafot etganligi), unga tan jarohati yoki uning sogʻligʻiga boshqacha ziyon yetkazilganligi, mulkiy zarar yetkazilganligi ijtimoiy himoya qilish choralarini qoʻllash uchun asos boʻladi.

18-modda. Xavfsizlik choralarini qoʻllash tartibi

Tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi, surishtiruv, dastlabki tergov organlari, prokuror, sud ushbu Qonunning 4-moddasida koʻrsatilgan shaxsni oʻldirish, unga zoʻrlik ishlatish, uning mol-mulkini yoʻq qilish yoki mol-mulkiga shikast yetkazish yoxud unga nisbatan boshqacha gʻayriqonuniy qilmish sodir etilishi tahdidi mavjudligi toʻgʻrisidagi arizani (xabarni) olgach, ushbu arizani (xabarni) tekshirib koʻrishi va bu shaxsga nisbatan xavfsizlik choralarini qoʻllash toʻgʻrisida yoxud ularni qoʻllashni rad etish haqida uch sutka ichida, kechiktirib boʻlmaydigan hollarda esa darhol qaror (ajrim) qabul qilishi shart. Qaror (ajrim) chiqarilgan kunning oʻzida xavfsizlik choralarini taʼminlovchi organga ijro etish uchun, shuningdek oʻziga nisbatan mazkur qaror (ajrim) chiqarilgan shaxsga yuboriladi.

Xavfsizlik choralarini qoʻllash haqidagi yoki ularni qoʻllashni rad etish toʻgʻrisidagi qaror (ajrim) ustidan yuqori turuvchi organga, prokurorga yoki sudga shikoyat qilinishi mumkin. Shikoyat berilgan paytdan eʼtiboran yigirma toʻrt soat ichida koʻrib chiqilishi lozim.

Xavfsizlik choralarini taʼminlovchi organ ushbu Qonunda nazarda tutilgan zarur xavfsizlik choralarini tanlab oladi va ularning qoʻllanilish usullarini aniqlaydi. Himoya qilinuvchi shaxsga uning xavfsizligi maqsadida rioya etilishi shart boʻlgan koʻrsatmalar beriladi. Himoya qilinuvchi shaxsning iltimosnomasiga koʻra koʻrsatmalarga faqat xavfsizlik choralarini taʼminlovchi organning roziligi bilan oʻzgartishlar kiritilishi mumkin.

Qoʻllanilayotgan xavfsizlik choralari himoya qilinuvchi va boshqa shaxslarning uy-joyga, mehnatga, pensiyaga oid huquqlarini va boshqa huquqlarini cheklamasligi kerak.

Xavfsizlik choralarini taʼminlovchi organ tanlangan xavfsizlik choralari, ularni oʻzgartirish, ularga qoʻshimcha kiritish toʻgʻrisida va koʻrsatilgan choralarni qoʻllash natijalari haqida jinoyat toʻgʻrisidagi ariza (xabar) yoxud jinoyat ishi oʻz yurituvida boʻlgan tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi, surishtiruv, dastlabki tergov organini, prokurorni yoki sudni xabardor qiladi, himoya qilinuvchi shaxsning xavfsizligiga tahdid bartaraf etilgan taqdirda esa, xavfsizlik choralarini bekor qilish toʻgʻrisida iltimosnoma kiritadi.

Zarur boʻlgan taqdirda, xavfsizlik choralarini taʼminlovchi organ himoya qilinuvchi shaxs bilan xavfsizlik choralarini qoʻllash shartlari, taraflarning oʻzaro majburiyatlari va oʻzaro javobgarligi haqida yozma shaklda kelishuv tuzadi.

Voyaga yetmaganlar yoxud oʻzining jismoniy yoki ruhiy holatiga koʻra oʻz huquqlari va manfaatlarini mustaqil ravishda amalga oshirish imkoniyatidan mahrum boʻlgan shaxslarga nisbatan xavfsizlik choralarini qoʻllash ularning qonuniy vakillarini jalb etgan holda amalga oshiriladi. Qonuniy vakillar oʻzlari vakillik qilayotgan jismoniy shaxslar bilan ushbu Qonunda nazarda tutilgan doirada bir xil huquqlarga ega boʻladi.

19-modda. Ijtimoiy himoya qilish choralarining qoʻllanilish tartibi

Himoya qilishni taʼminlash toʻgʻrisida qaror qabul qiluvchi organ himoya qilinuvchi shaxsning halok boʻlganligi (vafot etganligi) haqidagi arizani (xabarni) olganidan hamda halokat (oʻlim) shaxsning jinoyat protsessida ishtirok etishi munosabati bilan sodir boʻlganligini aniqlaganidan soʻng, halok boʻlgan (vafot etgan) shaxsning oila aʼzolariga va uning qaramogʻida boʻlgan shaxslarga nisbatan ijtimoiy himoya qilish choralarini qoʻllash haqida yoki ularni qoʻllashni rad etish toʻgʻrisida uch sutka ichida qaror (ajrim) qabul qilishi shart.

Himoya qilishni taʼminlash toʻgʻrisida qaror qabul qiluvchi organ himoya qilinuvchi shaxsga jinoyat protsessida ishtirok etishi munosabati bilan tan jarohati yoki uning sogʻligʻiga boshqacha ziyon yetkazilganligi, mulkiy zarar yetkazilganligi haqidagi arizani (xabarni) olgach, ushbu arizani (xabarni) tekshirib koʻrishi hamda ijtimoiy himoya qilish choralarini qoʻllash haqida yoki ularni qoʻllashni rad etish toʻgʻrisida uch sutka ichida qaror (ajrim) qabul qilishi shart.

Ijtimoiy himoya qilish choralarini qoʻllash toʻgʻrisidagi qaror (ajrim) ijtimoiy himoya qilish choralarini taʼminlovchi organga ijro etish uchun, shuningdek oʻziga nisbatan mazkur qaror (ajrim) chiqarilgan shaxsga yuboriladi.

Ijtimoiy himoya qilish choralarini qoʻllash yoki ularni qoʻllashni rad etish toʻgʻrisidagi qaror (ajrim) ustidan yuqori turuvchi organga, prokurorga yoki sudga shikoyat qilinishi mumkin. Shikoyat berilgan kundan eʼtiboran bir oy ichida koʻrib chiqilishi lozim.

Ijtimoiy himoya qilish choralarini taʼminlovchi organ ijtimoiy himoya qilish choralarini qoʻllash toʻgʻrisidagi qarorni (ajrimni) olganidan soʻng oʻn sutka ichida ijro etishi shart.

20-modda. Xavfsizlik choralarini bekor qilish tartibi

Xavfsizlik choralarini qoʻllashning ushbu Qonunning 16-moddasida koʻrsatilgan asoslari bartaraf etilgan taqdirda, shuningdek xavfsizlik choralarini taʼminlovchi organ himoya qilinuvchi shaxs bilan ushbu Qonun 18-moddasining oltinchi qismiga muvofiq tuzgan kelishuv shartlarining himoya qilinuvchi shaxs tomonidan buzilganligi oqibatida xavfsizlik choralarini keyinchalik qoʻllash imkonsiz boʻlgan taqdirda, xavfsizlik choralari bekor qilinadi.

Xavfsizlik choralari himoya qilishni taʼminlash toʻgʻrisida qaror qabul qilgan organga himoya qilinuvchi shaxs tomonidan yuborilgan yozma arizaga koʻra bekor qilinishi mumkin.

Xavfsizlik choralarini bekor qilishga faqat himoya qilishni taʼminlash toʻgʻrisida qaror qabul qilgan organning qaroriga (ajrimiga) yoxud jinoyat ishini yuritayotgan organning qaroriga (ajrimiga) koʻra yoʻl qoʻyiladi.

Xavfsizlik choralarini bekor qilish toʻgʻrisidagi qaror (ajrim) ustidan yuqori turuvchi organga, prokurorga yoki sudga shikoyat qilinishi mumkin. Shikoyat berilgan paytdan eʼtiboran yigirma toʻrt soat ichida koʻrib chiqilishi lozim.

Xavfsizlik choralarini bekor qilish toʻgʻrisidagi qarorda (ajrimda) himoya qilinuvchi shaxsning mulkiy huquqlarini va ular bilan bogʻliq shaxsiy nomulkiy huquqlarini tiklash masalalari tartibga solinishi kerak.

Xavfsizlik choralarini qoʻllash toʻgʻrisidagi qaror (ajrim) ushbu Qonun 5-moddasining ikkinchi qismida koʻrsatilgan organ mazkur choralarni bekor qilish haqida qaror qabul qilguniga qadar amal qiladi.

Sud jinoyat ishi boʻyicha hukm chiqarayotganda xavfsizlik choralarini bekor qilish haqida yoxud mazkur choralarni bundan buyon qoʻllash toʻgʻrisida ajrim chiqaradi.

21-modda. Himoya qilishni taʼminlash toʻgʻrisidagi qarorlar ijrosining majburiyligi

Organlarning oʻz vakolatlariga muvofiq qabul qilinadigan himoya qilishni taʼminlash toʻgʻrisidagi qarorlari mazkur qarorlar yuborilgan organlar va tashkilotlar tomonidan ijro etilishi majburiydir.

4-bob. Himoya qilinuvchi shaxslarning hamda himoya qilishni taʼminlovchi davlat organlarining huquq va majburiyatlari

22-modda. Himoya qilinuvchi shaxslarning huquqlari

Himoya qilinuvchi shaxslar quyidagi huquqlarga ega:

shaxsiy va mulkiy xavfsizligini, shuningdek ushbu Qonun 4-moddasining ikkinchi qismida koʻrsatilgan shaxslarning shaxsiy va mulkiy xavfsizligini taʼminlashni talab qilish;

ushbu Qonunda nazarda tutilgan hollarda ijtimoiy himoya qilish choralari qoʻllanilishini talab qilish;

oʻziga nisbatan, shuningdek ushbu Qonun 4-moddasining ikkinchi qismida koʻrsatilgan shaxslarga nisbatan xavfsizlik choralarining qoʻllanilishi va xususiyati haqida bilish;

qoʻshimcha xavfsizlik choralarini qoʻllash haqidagi yoxud ularni bekor qilish toʻgʻrisidagi ariza bilan murojaat etish;

himoya qilishni taʼminlovchi davlat organlarining qarorlari, ular mansabdor shaxslarining harakatlari (harakatsizligi) ustidan yuqori turuvchi organga, prokurorga yoki sudga shikoyat qilish;

xavfsizlik choralarini taʼminlovchi organga psixologik yordam olish uchun murojaat etish.

23-modda. Himoya qilinuvchi shaxslarning majburiyatlari

Himoya qilinuvchi shaxslar:

xavfsizlik choralarini taʼminlovchi organ tomonidan berilgan koʻrsatmalarni, shuningdek uning qonuniy talablarini bajarishi;

oʻziga nisbatan qilingan har bir tahdid yoxud gʻayriqonuniy harakatlar toʻgʻrisida xavfsizlik choralarini taʼminlovchi organni darhol xabardor qilishi;

xavfsizlikni taʼminlash uchun oʻziga berilgan mol-mulkni asrab-avaylashi;

oʻziga nisbatan qoʻllanilgan xavfsizlik choralari haqidagi maʼlumotlarni oshkor etmasligi shart.

Xavfsizlikni taʼminlash maqsadida foydalanishga berilgan ­mol-mulk sotib yuborilgan, oʻzga shaxsga berib yuborilgan yoki unga shikast yetkazilgan taqdirda, himoya qilinuvchi shaxs qonunga muvofiq javobgar boʻladi.

24-modda. Himoya qilishni taʼminlovchi davlat organlarining huquqlari

Himoya qilishni taʼminlash toʻgʻrisida qaror qabul qiluvchi organlar quyidagi huquqlarga ega:

davlat organlaridan, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlaridan, yuridik va jismoniy shaxslardan himoya qilishni taʼminlash toʻgʻrisida oʻziga nisbatan qaror qabul qilinadigan shaxslarning xavfsizligiga tahdid mavjudligi haqidagi arizalar (xabarlar) yuzasidan zarur maʼlumotlarni soʻrash hamda olish;

protsessual harakatlarni amalga oshirish yoxud xavfsizlik choralarini taʼminlovchi organlarga zarur topshiriqlar berish;

zarur boʻlgan taqdirda, xavfsizlik choralarini taʼminlovchi organlardan hamda ijtimoiy himoya qilish choralarini taʼminlovchi organlardan himoya qilishning qoʻshimcha choralarini qoʻllashni talab qilish;

xavfsizlik choralarini va ijtimoiy himoya qilish choralarini taʼminlovchi organlar bilan kelishuvga koʻra mazkur choralarni toʻliq yoki qisman bekor qilish.

Xavfsizlik choralarini taʼminlovchi organlar quyidagi huquqlarga ega:

zarur xavfsizlik choralarini tanlab olish, ularni qoʻllash usullarini aniqlash, qoʻllaniladigan xavfsizlik choralarini zarur boʻlgan hollarda oʻzgartirish va ularga qoʻshimchalar kiritish;

himoya qilinuvchi shaxslardan ularga nisbatan xavfsizlik choralarini qoʻllash shartlariga rioya etilishini, mazkur choralarni qoʻllash bilan bogʻliq qonuniy farmoyishlarning bajarilishini talab qilish;

jinoyat ishini yuritayotgan tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi, surishtiruv, dastlabki tergov organlariga, prokurorga yoki sudga protsessual harakatlarni amalga oshirish chogʻida xavfsizlik choralarini qoʻllash haqidagi yoxud ularni bekor qilish toʻgʻrisidagi iltimosnoma bilan murojaat etish;

tezkor-qidiruv tadbirlarini oʻtkazish.

Ijtimoiy himoya qilish choralarini taʼminlovchi organlar quyidagi huquqlarga ega:

himoya qilishni taʼminlash toʻgʻrisida qaror qabul qilgan organlardan hamda himoya qilinuvchi shaxslardan ijtimoiy himoya qilish choralarini amalga oshirish uchun zarur boʻlgan qoʻshimcha maʼlumotlarni soʻrab olish;

ijtimoiy himoya qilish choralarini qoʻllashni istisno etuvchi holatlar aniqlangan taqdirda, himoya qilishni taʼminlash toʻgʻrisida qaror qabul qilgan organlarga mazkur choralarni bekor qilish toʻgʻrisidagi iltimosnoma bilan murojaat etish.

25-modda. Himoya qilishni taʼminlovchi davlat organlarining majburiyatlari

Himoya qilishni taʼminlovchi davlat organlari:

oʻziga maʼlum boʻlib qolgan, xavfsizlik choralarini yoki ijtimoiy himoya qilish choralarini qoʻllashni talab etadigan har bir holatga nisbatan darhol munosabat bildirishi;

barcha zarur xavfsizlik choralarini va ijtimoiy himoya qilish choralarini taʼminlashi;

himoya qilinuvchi shaxslarni ularga nisbatan xavfsizlik choralari va ijtimoiy himoya qilish choralari qoʻllanilishi, bu choralarning oʻzgartirilishi, ularga qoʻshimchalar kiritilishi yoki ularning qoʻllanilishi bekor qilinishi toʻgʻrisida, shuningdek himoya qilishni taʼminlash bilan bogʻliq qarorlar qabul qilinishi haqida oʻz vaqtida xabardor etishi;

himoya qilinuvchi shaxsga nisbatan uning himoya qilinishini taʼminlash toʻgʻrisidagi qarorni (ajrimni) eʼlon qilish chogʻida uning huquqlari va majburiyatlarini tushuntirishi;

himoya qilinuvchi shaxsning psixologik kuzatuvini tashkil etish va amalga oshirish choralarini koʻrishi shart.

26-modda. Himoya qilinuvchi shaxslarni himoya qilish choralarini moliyalashtirish va moddiy-texnik jihatdan taʼminlash

Himoya qilinuvchi shaxslarni himoya qilish choralarini moliyalashtirish va moddiy-texnik jihatdan taʼminlash byudjet mablagʻlari hamda himoya qilishni taʼminlovchi davlat organlariga shu maqsadlar uchun ajratiladigan, qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.

Himoya qilinuvchi shaxslarni himoya qilishni taʼminlash bilan bogʻliq xarajatlar ushbu shaxslarning zimmasiga yuklatilishi mumkin emas.

5-bob. Yakunlovchi qoidalar

27-modda. Himoya qilinuvchi shaxslarni himoya qilish toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlik

Himoya qilinuvchi shaxslarni himoya qilish toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar boʻladi.

28-modda. Ushbu Qonunning ijrosini, yetkazilishini, mohiyati va ahamiyati tushuntirilishini taʼminlash

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi va boshqa manfaatdor tashkilotlar ushbu Qonunning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini hamda mohiyati va ahamiyati aholi oʻrtasida tushuntirilishini taʼminlasin.

29-modda. Qonun hujjatlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirish

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:

hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;

davlat boshqaruvi organlari ushbu Qonunga zid boʻlgan oʻz normativ-huquqiy hujjatlarini qayta koʻrib chiqishlari va bekor qilishlarini taʼminlasin.

30-modda. Ushbu Qonunning kuchga kirishi

Ushbu Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran olti oy oʻtgach kuchga kiradi.

Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti                       Sh. Mirziyoyev

Toshkent shahri,

2019 yil 14 yanvar

№ OʻRQ—515


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?