Zavq ortiga yashiringan zarar yoxud bitta chilim zahri 150 dona sigareta ziyonidan kuchliroq

11:22 04 Oktyabr 2018 Jamiyat
1083 0
Illyusttrativ foto

Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining hisob-kitoblariga koʻra, har yili dunyoda qariyb 6 million kishilar kashandalik bilan bogʻliq kasalliklar oqibatida hayotdan koʻz yumadi. Xavotirli jihati shundaki, vaqtida chora koʻrilmasa, mazkur koʻrsatkich 2030 yilga borib, 8 millionga yetishi mumkin.

Chilim — tamaki mahsulotlari orasida sogʻliq uchun eng zararlisi. Afsuski, keyingi paytlarda uni chekish nafaqat erkaklar, balki xotin-qizlar oʻrtasida ham ommalashib bormoqda. Baʼzi davlatlardagi tamaddixona va restoranlarda chilim isteʼmoliga nisbatan cheklov oʻrnatilmagani, internet orqali uning keng targʻib qilinayotgani, odamlar ongida chilim tamakiga qaraganda zararsiz, degan notoʻgʻri fikr shakllangani, qolaversa, ayrim yoshlar uni “moda” oʻrnida qabul qilayotgani bu illatning keng tarqalishiga sabab boʻlayotir.

Kashandalar chilim chekkanda asabi tinchlanishi, oʻzini yengil his etishi, tamaki singari unga qattiq bogʻlanib qolmasligini roʻkach qilishadi. Biroq soʻnggi tadqiqotlarning koʻrsatishicha, chilim odamni oʻziga qaram qilishda tamakidan oʻtsa oʻtadiki, ammo undan kam emas.

AQSHning Virjiniya hamdoʻstligi universiteti hamda Bayrut universiteti xodimlari chilim chekishning zararli taʼsiriga oydinlik kiritish maqsadida katta yoshli 31 koʻngilli oʻrtasida tajriba oʻtkazdi. Ishtirokchilar galma-galdan avval chilim, soʻngra bir donadan tamaki chekib koʻrishdi. Shundan keyin qatnashchilarning qoni tarkibi tahlil qilindi. Tajriba chilim chekkanda odam qonidagi is gazi miqdori uch baravar oshishini, tamakidan kam boʻlmagan miqdorda nikotin yutishini isbotladi.

Chilim Sharq mamlakatlari boʻylab keng tarqalgan. XIX asrga kelib Yevropada ommalasha boshladi. U, odatda, tutun tortishga moʻljallangan naychadan iborat boʻladi. Chilim tamakisi yopishqoq massa koʻrinishida boʻlib, unga meva, asal yoki qiyomga oʻxshash xushtaʼm moddalar qoʻshiladi. Sovitish vositasi sifatida chilim choynagiga odatda suv, baʼzan spirtli ichimlik solinadi.

Chilim chekkan odam tamakiga nisbatan 40 baravar koʻp is gazini ichiga yutadi. Shu bois ularning yurak-qon tomir, nafas yoʻli va onkologik kasalliklarga chalinish ehtimoli koʻproq. Yana shu narsa aniqki, chekish uskunasiga solinadigan aralashmaning zarari tamakinikiga nisbatan bir necha baravar yuqori. Chunki tamaki ishlab chiqarish jarayoni xalqaro standartlar asosida qatʼiy nazoratda, chilimni esa har kim oʻz taʼbiga koʻra tayyorlaydi.

Doimiy foydalaniladigan chilim quvurchasida turli infeksiyalar yashashi ham mutaxassislar tomonidan isbotlangan.

Uning suyuqlik solinadigan choynagi tamakini toʻliq filtrlashga qodir emas. Chunki tamaki tutuni tarkibidagi barcha modda ham suvda erimaydi. Misol uchun, bugʻ tarkibidagi uglerod monoksidi ichaklarni kengaytirib, odamni sarxush qiladi, yurak urishini tezlashtiradi, meʼyordan koʻp miqdorda ajralganida esa markaziy asab tizimi va bosh miya faoliyatiga salbiy taʼsir koʻrsatib, inson oʻlimiga ham sabab boʻlishi mumkin.

— Chilim chekish gepatit hamda turli yuqumli kasalliklar rivojlanishiga olib keladi, — deydi Toshkent shahar narkologiya dispanseri narkolog-shifokori Faxriddin Nizomov. — Bir marotaba chilim chekish 150 dona sigareta chekkan bilan baravar. Spirtli ichimlik ichish bilan bir vaqtda chilim chekish esa uning ziyonini bir necha baravar oshiradi. Chilim choynagi filtr vazifasini bajaradi. Biroq u chilimdan chiqadigan zararni 100 foiz filtrlay olmaydi. Oqibatda yuzdan ortiq ogʻir metall tuzlari odam organizmini zaharlaydi. Erkak va ayollarda bepushtlik, oʻsmirlarda esa unga nisbatan ruhiy qaramlikni keltirib chiqaradi, kashanda ayollarda homilaning rivojlanishiga salbiy taʼsir koʻrsatadi.

Bugun ijtimoiy tarmoqlarda ayrim yoshlarimizning kafe yoki restoranlarda navbatdagi chilimkashlikdan zavqlangani aks etgan suratlarga koʻzimiz tez-tez tushadi. Yengil-yelpi hayotni xush koʻruvchilar uchun ulfatlar bilan bir stol atrofida jam boʻlib, suhbat asnosida qoʻlma-qoʻl qilib chilim chekish oliftalik, oʻzini koʻz-koʻz qilish vositasiga aylanmoqda. Aslida esa u “ommaviy madaniyat”ning bir koʻrinishi ekani inkor etib boʻlmas haqiqatdir.

Yaqinda qabul qilingan “Jamoat joylarida chilim va elektron sigaretalar chekishni cheklash toʻgʻrisida”gi Qonun fuqarolarni bu illatlarning ayanchli taʼsiridan muhofaza qilishga, shuningdek, jamiyatda sogʻlom turmush tarzini qaror toptirishning tashkiliy va huquqiy sharoitlarini yaratishga qaratilgani bilan ahamiyatli boʻldi.

Har bir inson — oʻz baxtining bunyodkori. Salomatlikni asrash har kimning oʻz qoʻlidadir. Shunday ekan, oʻtkinchi hoyu havasga berilayotgan, vaqtinchalik zavq-shavqni deb kashandalikka ruju qoʻyayotgan ayrim insonlar bugun qoʻl urayotgan “odat”ining oqibatini ham oʻylab koʻrsalar, foydadan xoli boʻlmaydi.
Shahzod GʻAFFOROV.

R/s: Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti tomonidan 2018 yil 2 iyul kuni “Jamoat joylarida chilim va elektron sigaretalar chekishni cheklash toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni imzolangan.

Mazkur Qonunning 15-moddasida Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran uch oy oʻtgach kuchga kirishi belgilab qoʻyilgan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?