Zarbdor oylik boshlandi. Samarqandda qanday chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda?

10:39 06 Iyul 2020 Iqtisodiyot
174 0

Mamlakatimiz qishloq xoʻjaligi boʻyicha ulkan salohiyatga ega. Bozorlarimiz toʻkin, xalqimiz rizqi moʻl-koʻl boʻlishidan tortib, eksportdan qoʻshimcha daromad topishgacha boʻlgan juda koʻp masalalar shu yoʻnalish rivojiga bogʻliq.

Keyingi yillarda sohani isloh qilish va bozor mexanizmlarini joriy etish boʻyicha qator ishlar amalga oshirildi. Davlat xarid narxlari qariyb 3 barobarga koʻtarilgani natijasida dehqon va fermerlarda manfaatdorlik tuygʻusi oshdi. Paxtachilik va gʻallachilik hashar emas, chinakam daromad manbaiga aylandi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 23-oktyabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligini rivojlantirishning 2020-2030-yillarga moʻljallangan strategiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi Farmoni qishloq xoʻjaligidagi islohotlarning huquqiy asosi boʻldi, desak xato boʻlmaydi.

Joriy xoʻjalik yilida Samarqand viloyatda 2 ming 106 ta fermer xoʻjaliklari tomonidan 75 ming 580 gektar yer maydoniga chigitning Sulton, Buxoro-102, Omad, S-8286, Porloq-1 navlari ekilgan boʻlib, 215 ming 500 tonna paxta xom ashyosi ishlab chiqarish rejalashtirilgan.

Respublika Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi Samarqand viloyat boshqarmasi tomonidan gʻoʻza parvarishida agrotexnik tadbirlarning oʻz vaqtida oʻtkazilishi yuzasidan koʻrgazmali seminarlar oʻtkazilmoqda. Paxta yetishtirishga ixtisoslashgan 9 ta tumanda mavjud 523 ta qishloq xoʻjaligi texnika vositalarining yuqori unum bilan ishlashini taʼminlash doimiy nazoratga olingan. Ayni kunlarda gʻoʻza parvarishi yuzasidan agrotexnik tadbirlarni oʻz vaqtida oʻtkazish muhim ahamiyatga ega.

Payariq tumani dehqonlari ham mazkur muhim tadbirlarni uyushqoqlik bilan oʻtkazishmoqda. Joriy yilda tumanning 12 ming 459 gektar yer maydonida chigit ekilgan boʻlib, bir tekis unib chiqishi taʼminlandi. Paxta yetishtirishga ixtisoslashtirilgan 2 ta klaster korxonalari 350 ta fermer xoʻjaliklari tomonidan paxta xom ashyosidan yuksak xirmon yaratish maqsadida samarali mehnat qilinmoqda. Xususan, tumandagi “Gʻulom Ergashev dalasi” fermer xoʻjaligi dalasida ham ish qizgʻin. Mavjud 18 gektar paxtadan 60 tonnadan ortiq paxta yetishtirish uchun 4 ta haydov traktoridan unumli foydalanmoqda.

“Anvar Qoʻchqorov zamini” fermer xoʻjaligi aʼzolari joriy yilda 60 gektar yer maydonida paxta parvarishlayapti. Tajribali dehqon va mexanizatorlar 180 tonnaga yaqin paxta yetishtirish maqsadida harakat qilishmoqda. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida shu yilning 14-aprel kuni qishloq xoʻjaligi tarmoqlarini yana-da rivojlantirish, oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini oshirish masalalari boʻyicha oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida belgilangan vazifalardan ruhlangan xoʻjalik aʼzolari har gektar yerdan gʻalladan 20 sentner, paxtadan 10 sentnerdan qoʻshimcha hosil yetishtirishni rejalashtirganlar.

Tajribali dehqonlar taʼbiri bilan aytganda, saratonda hosil taqdiri hal boʻladi. Quyosh taftiga toʻyingan gʻoʻza nihollarini sharbat usulida sugʻorish hosil salmogʻini orttirib qolmay sifatni ham yaxshilashga xizmat qiladi. Inspeksiyaning Samarqand viloyat boshqarmasi va tumanlar boʻlimlari tomonidan qishloq xoʻjaligi korxonalari va fermer xoʻjaligi rahbarlariga hosilning taqdiri hal etiladigan muhim davrda gʻoʻza parvarishida bajariladigan muhim agrotexnik tadbirlar yuzasidan tavsiyalar berilmoqda.

Jumladan, gʻoʻza qator orasiga ishlov berishda 1 va 2-kultivatsiya oʻrtasida chizel-kultivator yordamida chuqur (20–25 sm) yumshatishni amalga oshirish yaxshi samara beradi. Tuproq yetilgan paytida kultivatsiya oʻtkaziladi. Zarur boʻlganda tuprogʻi yetilgan yerlarda tanlab kultivatsiya qilish lozim.

Shuningdek, bu paytda begona oʻtlarni vaqtida oʻtoq qilib turish kerak. Kultivatsiya bilan birga sugʻorish uchun joʻyak olinganda birinchi suvda 60 sm qator oraligʻida ekilgan dalalar uchun egat chuqurligi 12–14 sm, 90 sm qator oraligʻida ekilgan maydonlar uchun esa 15–18 sm, keyingi sugʻorishlarda ushbu chuqurlik tegishlicha 14–15 va 18–20 sm. ni tashkil etishi lozim.

Bu yilgi yogʻingarchilik oqibatida tuproqda toʻplangan ozuqa moddalarning bir qismi yer osti qatlamlariga yuvildi. Shuning uchun paxta maydonlariga oʻgʻitni erta muddatlarda solishni tashkil etish kerak. Odatda oʻgʻitni sugʻorishdan oldin egat olish bilan birga solinadi. Organik va mineral oʻgʻitlarning aralashmalaridan foydalanish eng yaxshi chora hisoblanadi. Bunda nihollarning ozuqa moddalar bilan yaxshi taʼminlanishi maqsadida gʻoʻza qator oralariga ishlovning 2-martasida har gektariga 250–300 kg.dan chirigan, quritilgan va elakdan oʻtkazilgan mahalliy oʻgʻitlarni moslamalar bilan gʻoʻza qator oralarida 14–16 sm uzoqlikka va 15–17 sm chuqurlikka solish kutilgan natija beradi. Gʻoʻzaning shonalash va gullash davrlarida gektariga 400–500 kg quruq goʻngni azotli oʻgʻitlar bilan birgalikda qoʻllash paxta hosilini gektaridan 2,0 sentnerga oshiradi.

N.Tursunov,
Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish 
inspeksiyaning Samarqand viloyat

boshqarmasi boshligʻi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?