“Zarafshan”mi yoki “Zarafshon”

13:35 10 May 2019 Jamiyat
607 0

Keksa avlod vakillari, oʻtgan asrning yetmishinchi, saksoninchi yillaridagi sobiq shoʻrolar davrida shov-shuvlarga sabab boʻlgan ikki voqeani yaxshi eslashadi. Biri avar shoiri Rasul Hamzatovning “Mening Dogʻistonim” asari edi. U, kam sonli aholi yashaydigan avar tilini har qanday kamsitishu taqiqlardan shu qadar mardona himoya qildiki, xalqning onaga, tilga, bebaho qadriyatlarga boʻlgan ehtiromini jonli chizgilar bilan koʻrsatib, jamoatchilik olqishiga sazovor boʻlgandi.

Ikkinchisi, Oʻljas Sulaymonning “Ming bir soʻz” etimologiya lugʻati edi. U etimologiyadagi yangi usul bilan, dunyoning turli til oilalariga kiritilgan insoniyatning eng qadimgi soʻzlarining kelib chiqishini qayta tiklamoqchi edi. Qozoq adibi oʻz lugʻati ustida turkiy tilning qadimiyligi va jozibadorligini, Qozogʻistonda ruslashtirish kuchaygan bir paytda,butun olamga namoyish eta oldi. Shu bois, har ikkalasi ham, oʻz davrida jamoatchilik tomonidan chuqur eʼtirof etilgani uchun, jazolanishdan omon qoldi.

Necha asrlar avval, ona tilimizni Hazrati Alisher Navoiy kamsitishu malomatlardan himoya qilib, tilning sofligini saqlash uchun hayqirgan edi. Nazarimda biz, ulugʻ bobolarimiz bilan faxrlanishni boplaymizu, ularga munosib boʻlishni unutib qoʻyayotganga oʻxshaymiz. Yaqinda Ishtixon tumanidagi koʻchalardan birida, peshtoqiga zarhal harflar bilan “Mы otkrilis” lavhasi osilgan somsaxona yonida toʻxtadim. Rosti, somsa yeyish uchun emas, rusiyzabon aholi deyarli boʻlmagan joydagi ruscha chorlovdan ajablanib toʻxtadim.

- Zdrastvuyte, samsa po chyom, - dedim sinash uchun, qoʻlini koʻksiga qoʻyib, tavoze koʻrsatayotgan somsapaz yigitga.

- Ie, siz axir oʻzbeksizku deydi, hayratlangan shovvoz...

Kasb taqozosi bilan koʻp joylarda boʻlganman. Masalan, Buxoroga ziyoratga ketayotganimda Navoiy viloyatining xalqaro aeroporti yaqinidagi besh yulduzli mehmonxona tepasidagi “Zarafshan” yozuvi uzoq yillardan beri turgani ajablantirdi. Uni hokim ham, olim ham, hatto noshir ham koʻradi. Lekin hech kim buni “Zarafshan emas, Zarafshon deb yoz” demaydi. Xorazm yoʻlidagi “Gorod Gazli” yozuvini oʻzbekchalashtirish hech kimning hayoliga ham kelmasa kerak. Bu kabi misollardan minglab keltirishim mumkin.

Afsuski, hanuzgacha koʻpgina tashkilot va korxonalardagi hujjatlar ruscha yuritilib, “Oʻzbekiston Respublikasining Davlat tili toʻgʻrisida”gi Qonun talablari qoʻpol ravishda buzilmoqda va hatto ayrimlarining rasmiy elektron sahifalarida birorta oʻzbekcha jumlani topa olmaysiz. “Oʻzbekenergo”, “Oʻzbekneftegaz” kabi ilgʻor tizimlardan maʼlumot olsangiz, uni oʻzbekchaga oʻgirish uchun aniq tilmoch qidirib qolasiz. Hamon Toshkentdagi Sirgʻali - Sergeli, Fargʻonadagi Qirgulini Kirgeli deb ataymiz. Bu koʻnikma loqaydlikmi yoki tilga xiyonat?

Xayriyatki, ona-tilimizning ildizi baquvvat ekan. Ulkan qoyadek, ne-ne boʻhtonu malomatlarga bardosh berdi. Unga bir paytlar nigʻizlab kiritilgan oblast, rayon singari soʻzlar lugʻatimizni allaqachon tark etdi. Lekin hali zamon, bu tilda gʻaliz gaplashishdan tiyila olmayapmiz...

Samarqand shahrini qayta rekonstruksiya qilish paytida, mutasaddilar oʻzbek tili haqidagi qonunni ham eslab qolishdi. Shahar koʻchalari nomlari, korxona, tashkilot peshtoqlaridagi yozuvlar oʻzbekchalashtirildi. Bu Qonun talablari doirasidagi dastlabki xayrli ishlar edi. Lekin bu ish davom ettirilmadi. Yaʼni boshqa viloyatlar va Toshkent shahrining ayrim joylaridagi yozuvlar “eski tos, eski hammom”ligicha qolaverdi.

Xullas, yurtni, elni sevishni tilga eʼtiqoddan, eʼtibordan boshlash kerak. Bu gap oʻtgan asrning toʻqson birinchi yillarida emas, aynan bugun matbuot sahifalariga koʻchayotgani bejiz emas. Demak, ona-tilimiz evrilishlar ostonasida turibdi. Bugun, tilimizga boʻlayotgan munosabat har birimizni chuqur oʻylantirishi, oʻzbekona doʻppimizni boshdan olib, yana bir karra mulohaza qilishga, oʻzligimizni anglashga majbur etishi kerak. Shunday emasmi?

Umid SORIYEV, “Xalq soʻzi” muxbiri


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?