Zangiotadagi 235 metrlik ikkita antenna machtasi qulatildi

12:44 14 Fevral 2019 Jamiyat
545 0

13 fevral kuni Toshkent viloyati Zangiota tumani Quyoshli qoʻrgʻonida joylashgan balandligi 235 metrlik ikkita antenna machta inshooti murakkab uslubda demontaj qilindi. Bu haqda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarni rivojlantirish vazirligi axborot xizmati xabar bermoqda.

Qayd etilishicha, 2002 yilda uzun va oʻrta toʻlqinlarda radioeshittirishlar toʻxtatilganidan buyon ushbu antenna machta inshootlari ishlatilmayotgandi.

Ulkan antennalarning demontaj qilish ishlari oldidan ushbu hudud aholisi ogohlantirilib, tuman hokimligi, favqulodda vaziyatlar va ichki ishlar, yongʻin xavfsizligi boʻlimlari, tez tibbiy yordam, elektr va gaz taʼminoti xizmati mutaxassislarini jalb etgan holda, barcha ehtiyot va xavfsizlik choralari koʻrilgan. Ushbu antennalar joylashgan mazkur hudud endi Mudofaa vazirligi tasarrufiga oʻtkazilib, bu yerda zamonaviy harbiy shaharcha qad koʻtaradi.

Oʻtgan asrda radioeshittirish tizimlari asosan uzun va oʻrta toʻlqinlarda, qisman qisqa toʻlqinlarda tashkil etilar edi. Toshkent viloyati Zangiota tumani Quyoshli qoʻrgʻoni yonidagi katta quvvatli radiostansiya oʻz vaqtida uzun toʻlqinlarda radioeshittirish signallarini tarqatishga moslashtirilgan edi. Ushbu radiostansiya hududida oʻtgan asrning 80-yillari boshida balandligi 235 metrlik ikkita machtalar orasiga uzun toʻlqinlarni tarqatuvchi radioantenna tizimi qurilgan.

Radioeshittirishlarning uzun (chastotasi 148,5 – 408 kGs, toʻlqin uzunligi 2020 – 735 metr) va oʻrta (chastotasi 526,5 – 1606,5 kGs, toʻlqin uzunligi 570 – 186 metr) toʻlqinlar diapazonlarida keng rivojlanishining asosiy sabablari oʻsha davrdagi radiolampalar va tranzistorlar yordamida aynan ushbu diapazonlarda ishlovchi arzon radio qabul qilgichlarni koʻp miqdorda ishlab chiqarish imkoniyati boʻlgan. Shuningdek, mazkur diapazonlarda ishlovchi yuqori quvvatli radioeshittirish uzatgichlari tarqatayotgan radiotoʻlqinlar yer shari egriligi boʻylab, nisbatan ancha uzoq masofalarga tarqala olgan.

Xabarda aytilishicha, uzun toʻlqinlarda 10 – 20 radiostansiyalargina ishlashi mumkin edi. Analog signal sifati nisbatan past va turli xalaqitlar taʼsiri yuqori boʻlganligi bois, dunyo miqyosida uzun toʻlqinlarda radioeshittirish qisqarib bormoqda. Jumladan, Ukraina, Armaniston, Belarus, Gruziya, Ozarboyjon, Moldaviya, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikistonda uzun toʻlqinlarda radioeshittirish toʻxtatilgan.

Oʻzbekistonda ham uzun va oʻrta toʻlqinlarda radioeshittirishlar 2002 yildan toʻxtatilgan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?