Zamonaviy texnologiyalarga qiziquvchi yoshlar uchun “Digital Generation Camp” yozgi oromgohi tashkil etildi

16:12 17 Iyun 2019 Jamiyat
215 0

Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi hamda Toshkent shahridagi Inha Universiteti hamkorligida “Digital Generation Camp” loyihasi ishga tushirildi. IT sohasidagi mazkur loyiha asosida 18-22-iyun kunlari “Yoshlar oromgohi”da “Digital Generation Camp” yozgi oromgohi tashkil etiladi. Unda ishtirok etish uchun oʻquv tizimi orqali loyihaning 5 ta yoʻnalishi boʻyicha 16 yoshdan 25 yoshgacha boʻlgan 90 nafar oʻgʻil-qiz saralab olindi.

“Digital Generation Camp” ga yigʻilgan ishtirokchilarga yurtimizning eng yetuk mutaxassislari va xalqaro ekspertlar mashgʻulotlar oʻtadi. Darslar orqali qatnashchilarning qobiliyatlari aniqlanadi. Ishtirokchilar oʻquv platforma oldidan zarur ishchi buyumlar bilan taʼminlanib, 5 kun mobaynida amaliy va nazariy mashgʻulotlarda oʻz tajribalarini boyitadi. AKT sohasida mutaxassislar bilan fikr almashish jarayonida yangi yaratilayotgan loyihalar ustida ish boshlashadi.

Oromgohning soʻnggi kuni ishtirokchilar yakka va jamoaviy tarzda oʻz loyihalarining taqdimotini namoyish etadi. Har bir qatnashchi faol ishtiroki uchun xalqaro sertifikat bilan taqdirlanadi. Loyiha aʼzolari birga ishlovchi jamoani yaratish orqali kelgusida yaratiladigan loyihalarni ham jamoaviy amalga oshirishni oʻz oldiga maqsad qilgan.

Loyiha erkin fikrlovchi, texnologik trendlarga qiziquvchi yoshlarni dasturlash, robototexnika, media va digital marketing, dizayn, kibersport yoʻnalishlari boʻyicha birlashtiradi. Bundan tashqari ularni jamoaviy boʻlib ishlashlarini taʼminlab, hamkorlik hamda rejalashtirish qobiliyatini kuchaytirishga xizmat qiladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?