Zamonaviy texnologiyalar va maʼnaviyat

17:59 10 Iyul 2020 Jamiyat
671 0

Uyunligiga erishish — milliy taraqqiyot poydevori

Bugungi kunda oliy oʻquv yurtlari oldida ilm-fan va maʼnaviyat, nazariya hamda amaliyotni, taʼlim va tarbiyani uygʻunlashtirish masalasi koʻndalang turibdi. Murakkab globallashuv davrida milliy urf-odatlar, anʼana hamda qadriyatlarni saqlab qolish, millat va xalq oldidagi masʼuliyat hamda milliy manfaatlarni himoya qilish har qachongidan ham dolzarb boʻlib bormoqda. Universitetimiz ahil jamoasi, salohiyatli professor-oʻqituvchilari shu ezgu maqsadga erishish, taʼlimda sifat masalasini koʻtarish, kredit tizimini joriy etish jarayonini takomillashtirish yoʻnalishida bilim, tajriba va imkoniyatlarini safarbar qilmoqda.

Global pandemiya sharoitida dunyo mamlakatlari, jumladan, Oʻzbekiston ham ustuvor tarmoqlar shart-sharoitining oʻzgarishi, ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlarning raqamlashuvi, barcha sohaga sunʼiy intellektning joriy etilishi bilan bogʻliq murakkab davrni boshidan kechirmoqda.

BMT maʼlumotlariga koʻra, 2022-yilda dunyo boʻyicha yalpi ichki mahsulotning qariyb chorak qismi raqamli texnologiyalarga toʻgʻri kelishi prognoz qilinayotgan hozirgi sharoitda bu yoʻnalishdagi ishlarni rivojlantirishga eʼtibor qaratish oʻta muhimdir. Binobarin, jahon mamlakatlarida iqtisodiy muammolarning koʻpayishi, transport va ishlab chiqarish munosabatlarining buzilishi, tadbirlarning onlayn oʻtkazilishi hozirgi koʻrinishdagi globallashuvga nuqta qoʻyishi taʼkidlanmoqda.

Umidbaxsh gʻoyalarning amaliy samarasi

Shu oʻrinda Prezidenti-mizning ikki muhim tashabbusi — “elektron hukumat” va milliy dasturchilar haqidagi oʻz vaqtida amalga oshirilgan hayotbaxsh gʻoyalarining samarali natijalari haqida alohida toʻxtalib oʻtmoqchimiz.

Davlatimiz rahbarining 2017-yil 7-fevraldagi “Oʻzbekiston Respublikasini yana-da rivojlantirish boʻyicha Harakatlar strategiyasi toʻgʻrisida”gi Farmonining davlat va jamiyat qurilishini takomillashtirishga yoʻnaltirilgan birinchi yoʻnalishida demokratik islohotlarni chuqurlashtirish hamda mamlakatimizni modernizatsiya qilishda “Elektron hukumat” tizimini takomil-lashtirish, davlat xizmatlari sifati va samarasini oshirish vazifasi ham koʻrsatib oʻtilgan.

Maʼlumki, 2017-yildan boshlab, “Elektron hukumat” tizimi jamiyat hamda davlat hayotida yana-da dolzarblik kasb eta boshladi. Bu tizimni yoʻlga qoʻyishdan asosiy maqsad: aholi va tijoratga hukumat tomonidan koʻrsatilayotgan xizmatlarni optimallashtirish; saylovchilarning davlatni boshqarish hamda rahbarlik jarayonidagi ishtiroki darajasini oshirish; fuqarolarning oʻz-oʻziga xizmat koʻrsatish imkoniyatlarini kengaytirish; fuqarolarning texnologik taʼminlanganligini koʻtarish; davlat boshqaruvida sarf-xarajatlarni kamaytirish, siyosiy tizimning samaradorligini oshirish va raqobatbardoshlikni taʼminlashdan iborat.

Ushbu masalalarning yechilishi esa davlat hokimiyati hamda boshqaruvi organlari samaradorligini yuksaltirib, ularga bogʻliq sarf-xarajatlarni kamaytiribgina qolmasdan, jamiyat bilan hukumat oʻrtasidagi oʻzaro munosabatlarni tubdan yaxshilaydi. Bu, oʻz navbatida, jamiyatning modernizatsiyalashuvi va davlatning xalq oldidagi masʼuliyatini yuqori pogʻonaga koʻtarish demakdir.

Uzoqni koʻzlagan holda, 2020-yil 28-aprelda “Raqamli iqtisodiyot va elektron hukumatni keng joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident qarori qabul qilindi. “Elektron hukumat” doirasida 1,3 trillion soʻmlik 104 ta loyiha, iqtisodiyotning real sektorida 5,3 trillion soʻmlik 87 ta loyiha, telekommunikatsiyalar borasida 15,1 trillion soʻmlik 35 ta, agrar sohada 24 ta, IT parklar boʻyicha 18 ta loyiha amalga oshirilishi belgilangan.

Yurtboshimizning yana bir tashabbusiga binoan, mamlakatimizda “Bir million dasturchi” loyihasi amalga oshirilmoqda. Bugungi kunda uning doirasida mashgʻulotlar uzbekcoders.uz oʻquv portali orqali olib borilmoqda. Unda eng mashhur toʻrtta talabgor mutaxassislik boʻyicha bepul videokurslar oʻzbek tilida subtitrlar bilan taqdim etilgan, jumladan, maʼlumotlarni tahlil qilish, “android” ilovalarni, veb-ilovalarni va dasturiy taʼminotlarni ishlab chiqish koʻzda tutilgan.

“Bir million dasturchi” loyihasi ZiyoNET taʼlim portali, Uzmobile mobil aloqa operatori hamda Uzonline internet-provayderlarining bepul xizmatlariga kiritildi. Raqamli texnologiyalar oʻquv markazlarida ushbu loyiha doirasida dasturlash koʻnikmalariga oʻqitish joriy etilmoqda.

Vazirlar Mahkamasi Rayosati majlisining 2020-yil 8-maydagi 53-son bayoniga muvofiq, uzbekcoders.uz portali orqali oliy oʻquv yurtlari talabalari hamda umumtaʼlim maktablari yuqori sinf oʻquvchilarini axborot texnologiyalari sohasida oʻqitishni tashkil etishning asosiy koʻrsatkichlari tasdiqlandi.

Oliy oʻquv yurtlari talabalarini axborot texnologiyalari sohasida uzbekcoders.uz portali orqali 2020/2021 oʻquv yilida 44 ta oliy taʼlim muassasasining 54 mingdan ortiq talabalari oʻqitilishi rejalashtirilgan. Yangi oʻquv yilidan boshlab oliy va oʻrta maxsus taʼlim muassasalarida tegishli yoʻnalishlarning mutaxassislik fanlari hamda umumtaʼlim maktablarining informatika fani dasturlariga “Bir million dasturchi” loyihasi doirasidagi dasturlash yoʻnalishlari mavzularini kiritish boʻyicha ishlar olib borilmoqda.

Ochigʻi, tan olish kerak, bugungi kunda raqamli iqtisodiyot, “elektron hukumat” xizmatlariga talab kundan-kunga oshib bormoqda. Lekin hozir 780 tur davlat xizmatidan bor-yoʻgʻi 185 tasidan elektron portal orqali foydalanish imkoniyati mavjud. Aksariyat tashkilotlarda ish jarayonini raqamlashtirish faqat hujjat almashinuvini elektronlashtirish bilan cheklanib qolmoqda. Shu bois “Elektron oʻqitish dasturi” orqali oʻqib, diplom olgan dasturchilarni davlat va xoʻjalik muassasalariga IT mutaxassis sifatida ishga olish rejalashtirilgan. Ular tashkilotlarning barcha ish faoliyatini anʼanaviy elektron formatdan raqamli koʻrinishga oʻtkazishga masʼul boʻladi.

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan barcha hududda raqamli texnologiyalar boʻyicha kamida 100 ta oʻquv markazi ochish rejalashtirilmoqda. Bu dargohlarda dasturlash asoslari, elektron savdo hamda grafikli dizayn kabi yoʻnalishlar boʻyicha qisqa muddatli oʻquv kurslari ham tashkil etiladi.

Bizning universitetimiz vasohamiz oldidagi bosh vazifa barcha yoʻnalish hamda tarmoqlarni qamrab olgan, Oʻzbekiston iqtisodiyotining toʻliq va kompleks ijobiy oʻzgarishiga hamda raqobatbardoshlikni oshirishga yoʻnaltirilgan “Raqamli Oʻzbekiston — 2030” yirik loyihasini amalga oshirishga qaratilgan.

Shu bilan birga, 2020 — 2022-yillarda “elektron hukumat”, telekommunikatsiyalar va dasturiy mahsulotlar hamda axborot texnologiyalari texnologik parki faoliyatini yana-da rivojlantirish, iqtisodiyotning real sektori tarmoqlarida va qishloq hamda suv xoʻjaligida raqamli texnologiyalarni keng joriy etish boʻyicha jami 268 ta loyihani roʻyobga chiqarish rejalashtirilmoqda.

Mazkur vazifalarning hayotga tatbiq etilishi, shubhasiz, respublikaning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishida beqiyos rol oʻynaydi.

2020/2021 oʻquv yilidan boshlab, Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti, Toshkent davlat pedagogika universiteti va Toshkent davlat yuridik universitetida tajriba tariqasida masofaviy oʻqitish shakli joriy etilishi koʻzda tutilgan.

Bugungi kunda Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetida masofaviy taʼlim ishlari jadallik bilan olib borilmoqda. Xususan, universitet media markazida masofaviy taʼlim uchun media kontent, onlayn darslar yaratilmoqda. Yangi oʻquv yilidan eʼtiboran talabalarga masofadan dars berish shakliga oʻtiladi.

Millat fidoyilarini ulugʻlash yoʻlidagi tarixiy qadam

Universitet jamoasi ilm-fan, taʼlim, oʻquv jarayonlarini maʼnaviyat masalasi bilan uygʻunlashtirgan holda olib borishda yetarli tajriba toʻplagan. Yurtboshimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Toshkent shahrida Adiblar xiyobonining ochilishi adabiyot va xalq, maʼnaviyat hamda yoshlarni yaqinlashtirish, millat fidoyilarini asrab-avaylash sari tashlangan ulkan tarixiy qadam boʻldi, deyish mumkin. Mazkur xiyobonda oʻzidanbebaho adabiy meros qoldirgan yigirma toʻrt soʻz sanʼatkori haykallarining oʻrnatilishi, 8 gektarga yaqin maydonda serhasham bogʻning barpo etilgani, unda uchrashuvlar, suhbatlar, sheʼrxonlik, nazm va navo kechalari oʻtkazib turishga zamin hozirlangani universitetimiz jamoasiga ham alohida gʻurur bagʻishladi. Endilikda Navoiy, Bobur, Ogahiy, Gʻafur Gʻulom, Abdulla Qahhor, Oybek, Zulfiya hayoti hamda ijodiga bagʻishlangan maʼnaviy tadbirlar odatdagiday kichik zallarda emas, balki keng, bahavo, xushmanzara manzilda, ijodiy uyushmalar va mutasaddi tashkilotlar oʻzaro muloqoti hamda hamkorligi kuchaygan holda, millatimizning faxrli kunlari, shodiyonasi sifatida yuqori saviyada oʻtkazilishi tajribasi qoʻllaniladi. Zero, ushbu ommaviy tadbirlar xalqning jipsligi hamda birlashuviga xizmat qiladi, ruhiyati va maʼnaviyati yuksalishiga, madaniy darajasi oshishiga yordam beradi.

Davlatimiz rahbari topshirigʻi asosida Toshkent axborot texnologiyalari universitetida ham bu yil sevimli adibimiz, Oʻzbekiston Qahramoni Said Ahmad shaxsi hamda ijodiga oid bir qator tadbirlarni oʻtkazish moʻljallagan. Shu yilning may oyida professor-oʻqituvchilar va isteʼdodli talabalarimiz xiyobonga koʻp marta tashrif buyurib, ulugʻ adib hayotining ochilmagan sahifalari bilan yaqindan tanishdilar. Said Ahmad 1950 — 1955-yillarda nohaq qamalib, Jezqozgʻon lagerida azob-uqubatlar tortganiga qaramay, ona yurtiga oqlanib kelganidan keyin bukilmas irodasi, sabr-bardoshini sinab, “Ufq” (1964 — 1974) trilogiya romani, “Jimjitlik” (1988) romani hamda yuzdan ziyod hikoyalarni yozadi. Bu haqiqiy matonat va qahramonlikni biz yoshlarga ibrat sifatida oʻrgatib boramiz. “Kelinlar qoʻzgʻoloni” spektaklini har bir oʻzbek xonadoni, jumladan, oʻzim ham koʻp martalab tomosha qilib, ijtimoiy hayotimizda milliy qadriyatlar, urf-odat hamda anʼanalar, mehr-oqibat, odamiylikning naqadar muhim ahamiyatga egaligiga amin boʻlamiz.

Said Ahmad va Saida Zunnunova sadoqatli doʻst, hamdard, hamkor hamda vafodor yor boʻlib umr kechirdilar. Ularning yagona farzandi Nodiraxon Husanxoʻjayeva qutlugʻ yubiley arafasida “Said bilan Saida” hujjatli filmi va «Sabru sadoqat» 5 qismli serialining ssenariysi muallifi boʻldi. Bu filmlarga ulugʻ adib hamda betakror shoiraning oʻzaro maktublari va kundaliklari asos qilib olindi. Filmda qatagʻon yillarining oʻzbek jamiyatidagi fojiali asoratlari ishonarli ochib berilgan.

Ustoz adib 87 yil yashab, oʻzidan yaxshi nom, oʻlmas kitoblarni avlodlarga meros qoldirdi. El-yurt oldidagibuyuk xizmatlarini hisobga olib, davlatimiz adibni “Oʻzbekiston Qahramoni” yuksak unvoni (1999) bilan mukofotladi. Bunday izzat-ikromga kamdan-kam adib va shoirlar sazovor boʻlgan.

Adabiyot yashasa — millat ham yashaydi, deydi shoir Choʻlpon. Adabiyot jamiyat hamda shaxs hayotiga ajoyib, umrboqiy gʻoyalarni olib kiradi, inson hayoti va qalbini bezaydi, inson moʻjizaviy qudrat egasi ekanligini isbotlaydi. Shuning uchun adib hamda shoirlar oʻlimidan keyin ikkinchi umrini yashaydilar. Ular safida soʻz sanʼatkori va jamoat arbobi Said Ahmad nomining borligidan faxrlanamiz.

Universitetimiz jamoasi Oʻzbekiston Qahramoni, Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Said Ahmadning 100 yoshli tavallud kuniga bagʻishlab 10-iyunda respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi, Yozuvchilar uyushmasi, «Oʻzbekkino» Milliy agentligi bilan hamkorlikda onlayn ilmiy konferensiya tashkil etdi. Tadbirda madaniyat namoyandalari, yuzdan ziyod professor-oʻqituvchilar, adiblar hamda shoirlar, adabiyot ixlosmandlari qatnashdi. Yil davomida Said Ahmadning virtual muzeyi, saytlari, anjuman va davra suhbatlari hamda turli maʼrifiy tadbirlarni oʻtkazish harakatini boshlab yuborganmiz.

Xulosa shuki, zamonaviy texnologiyalar hamda maʼnaviyat bir-birini toʻldiradigan, boyitadigan, yosh avlod ongi va qalbiga umid, ishonch, millatparvarlik tuygʻularini singdiradigan sohalardir. Taʼlim hamda tarbiya egizak boʻlib, millat rivojlanishining poydevori vazifasini bajaradi. Texnologiya inson takomilida shakl, maʼnaviyat esa mazmun boʻladi. Shunday ekan, shakl va mazmun birligiga erishish bosh maqsadimizga aylanishi kerak. Biz axborot texnologiyalari sohasining takomillashuvi va rivojlanishiga kamarbasta boʻlgan bazaviy oliy oʻquv yurti ekanligimizdan faxrlanish bilan birga, masʼuliyatni chuqur his qilib, qoʻlimizdan kelgan barcha imkoniyatni ishga solishda davom etaveramiz.

Toʻlqin TESHABOYEV,
Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti rektori,
iqtisodiyot fanlari doktori, professor.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?