Zamonaviy qullik: jinoyat jazosiz qolmaydi

13:51 26 Iyul 2020 Jamiyat
237 0

Bugungi kunda dunyo miqyosida jamiyat taraqqiyotiga toʻsqinlik qilib kelayotgan huquqqa zid xatti-harakatlar juda koʻp. Ulardan eng xavfli, insonning shaxsiy daxlsizligi va qadr-qimmatini toptashni maqsad qilib qoʻyuvchi illatlardan biri bu odam savdosidir (Human trafficking).

“Hech kim qullikda yoki erksiz holatda saqlanishi mumkin emas; qullik va qul savdosining barcha koʻrinishlari taqiqlanadi” deb Inson huquqlari umumjahon Deklaratsiyasining 4-moddasida keltirilishi odam savdosining har qanday koʻrinishlari xalqaro miqyosda taqiqlanganligini koʻrsatadi.

Xalqaro mehnat tashkiloti (International Labor Organization) ning 2017-yilda odam savdosi bilan bogʻliq statistik maʼlumotlariga nazar tashlaymiz. Unga koʻra, dunyo miqyosida 24,9 million nafar inson odam savdosi qurboniga aylanishgan boʻlib, ulardan 16 million nafari xususiy sektorda majburiy mehnat qilishga undab kelingan. Eng achinarli jihati shundaki, 4,8 million nafar ayollar jinsiy ekspluatatsiya orqali pul topishning tirik qurboni boʻlishgan.

Yuqorida keltirib oʻtilgan statistik raqamlar odam savdosi tushunchasiga toʻxtalib oʻtishni taqozo etadi. Xoʻsh, odam savdosi aslida oʻzi nima?

Oʻzbekiston Respublikasining “Odam savdosiga qarshi kurash toʻgʻrisida” gi Qonuniga yuzlanadigan boʻlsak, quyidagi taʼrifni koʻrish mumkin:

Odam savdosi – kuch bilan tahdid qilish yoki kuch ishlatish yoxud boshqacha majburlash shakllaridan foydalanish, oʻgʻirlash, firibgarlik, aldash, hokimiyatni suiisteʼmol qilish yoki vaziyatning qaltisligidan foydalanish orqali yoxud boshqa shaxsni nazorat qiluvchi shaxsning roziligini olish uchun uni toʻlovlar yoki manfaatdor etish evaziga oʻgʻirlab olish orqali odamlardan foydalanish maqsadida ularni yollash, tashish, topshirish, yashirish yoki qabul qilish. Odamlardan foydalanish boshqa shaxslarning fohishaligidan foydalanishni yoki ularni shahvoniy foydalanishning boshqa shakllarini, majburiy mehnat yoki xizmatlarni, qullik yoki qullikka oʻxshash odatlarni, erksiz holat yoxud inson aʼzolari yoki toʻqimalarini ajratib olishni anglatadi”.

Koʻpchilik mamlakatlar odam savdosiga qarshi kurash olib borishga qatʼiy bel bogʻlagan boʻlsa hamki, hali-hamon ular uchun oʻzgarishlar shabadasini sezish ancha qiyin kechmoqda yoxud harakatlar natijasi «gʻippa» boʻgʻildi deyish mumkin. Yana oʻsha eski tos, yana oʻsha eski hammom: inson huquqlari va erkinliklari ayovsiz toptalmoqda! Vaholonki, mamlakatlar inson huquqlari toʻgʻrisida xalqaro doirada bong urib nutqlar soʻzlayotgan mahalda qaysidir oʻz huquqini yetarli darajada bilmaydigan inson majburiy mehnat yoxud jinsiy ekspluatatsiyadan dunyoning qaysidir nuqtasida aziyat chekayotgan boʻladi. Ana sizga inson huquqlari va erkinliklarining davlat tomonidan taʼminlanganligiyu, mana sizga inson huquqlari boʻyicha xalqaro konvensiyalarning ishlash mexanizmi!

Nega odam savdosiga qarshi kurash borasida xalqaro doirada ham bir qator chora-tadbirlar koʻrilishiga qaramasdan hali-hamon biz ushbu jinoyat turini oʻzimizga “doʻst” bilib kelmoqdamiz yoxud undan kechishimiz ancha tarixiy revolyutsiyani talab etayotgan ekanmikan?

Toʻgʻri, nafaqat dunyo miqyosida balki, Oʻzbekistonda ham mudhish oqibatlarni keltirib chiqaruvchi bunday jinoyatni yoʻq qilishga qaratilgan harakatlar sxemasi va huquqiy baza shakllangan boʻlib, quyidagilarni fikrimizning dalili sifatida keltirib oʻtish joiz:

  • Oʻzbekistonning 2003-yil 12-dekabrda BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 1950-yilda qabul qilingan “Odam savdosi va fohishalikning uchinchi shaxslar tomonidan ishlatilishiga qarshi kurash toʻgʻrisida”gi Konvensiyaga qoʻshilishi;
  • Oʻzbekiston Respublikasining BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 2000-yilda qabul qilingan “Transmilliy uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash toʻgʻrisida”gi Konvensiyaga qoʻshilishi;
  • Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tomonidan 2008-yilning 17-aprelida “Odam savdosiga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi Qonunning qabul qilinishi;
  • 2008-yilning 8-iyulida “Odam savdosiga qarshi kurashish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Qarorning qabul qilinishi

Biz odam savdosi deb nomlangan transmilliy jinoyatni butunlay yoʻq qila olamizmi? Albatta, bu juda ham qiyin, ammo masʼuliyatli vazifa!

Oʻzingiz oʻylab koʻring-a dunyoda barcha mamlakatlar bir xil iqtisodiy koʻrsatgich va bir xil darajadagi xomashyo bazasiga ega emasligini, barcha mintaqalarning geografik joylashuvi turlicha ekanligini bila turib ham bunday turdagi global xavfni butunlay yoʻq qila olish mumkinligiga ishonish shunchaki ushalmaydigan orzu orqasidan ergashishdan boshqa narsa emasmikan? Meta-darajada yondashadigan boʻlsak, taʼkidlash joizki, biz bu jinoyat “amal ”qilish darajasini pasaytirishimiz mumkin, xolos.

Tobora quyuqlashib borayotgan zulmatni qargʻab oʻtirgandan koʻrabitta sham yoqib qoʻygan afzal deb yapon xalq maqolida keltirilishining oʻziyoq faqatgina muammoni muhokama qilishimizdan mutlaqo natija chiqmasligini koʻrsatadi. Shunday ekan, muammoni muhokama qilish bizning “yoʻl xarita”mizdan joy olgandan koʻra muammoni keltirib chiqargan faktorlar, muammoga yechim va uning natijalarini analiz qilish afzalroqdir.

Quyida odam savdosi deb nomlanuvchi chegara bilmas jinoyat koʻrsatgichini pasaytirish boʻyicha bir qator samarali takliflar keltirib oʻtiladi:

1-taklif: Odam savdosi uchun Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksida nazarda tutilgan jazo turlarini ogʻirlashtirish

Shuni taʼkidlash joizki, baʼzi bir jinoyat turlarining koʻrsatgichini pasaytirish maqsadida oʻsha jinoyat uchun qoʻllaniladigan jazoni yengillashtirib, uning oʻrniga jinoyatning oldini olishga ahamiyat berish jinoyatga qarshi faol kurashadigan mamlakatlarning asosiy ish “quroli”ga aylanib ulgurgan. Jumladan, Singapur davlatining ham jazo turlarini liberallashtirish orqali bugungi kunda korrupsiya koʻrsatgichini pasaytirishga erishgan mamlakatlar qatoridan oʻrin olishi odam savdosi uchun tayinlanadigan jazoni yengillashtirish taklifini ilgari surishimizga sabab boʻlishi mumkin.

Lekin har qanday tanganing ikkita tomoni borligi toʻgʻrisidagi keng tarqalgan fikrni inobatga oladigan boʻlsak, masalaga boshqa tomondan yondashishga toʻgʻri keladi. Hamma jinoyat turlarining obyekti, sodir boʻlish natijasida kelib chiqadigan oqibatlari, subyekti, makoni bir xil emas, shunday ekan, odam savdosi ham korrupsiyadan tubdan farq qiladi.

Vaziyatga huquqiy jihatdan yondashadigan boʻlsak, Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksida ushbu turdagi jinoyat shakllari uchun nazarda tutilgan sanksiyalar haqida toʻxtalib oʻtish maqsadga muvofiqdir.

Odam savdosi. Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 135-moddasiga muvofiq odam savdosi, yaʼni odamni olish-sotish yoxud odamni undan foydalanish maqsadida yollash, tashish, topshirish, yashirish yoki qabul qilish uchun uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanadi.

Inson aʼzolari yoki toʻqimalarini ajratib olish. Jinoyat kodeksi 133-moddasiga nazar tashlaydigan boʻlsak, shaxs tirikligida uning roziligini olmasdan turib yoki oʻlganidan keyin yaqin qarindoshlarining roziligisiz ilmiy ishlar yoxud taʼlim ishlari uchun transplantatsiya qilish yoki buzilmaydigan holda saqlash (konservatsiya) maqsadida murdaning aʼzolari yoki toʻqimalarini ajratib olganlik uchun uch yuz oltmish soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki uch yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanishini koʻrishimiz mumkin boʻladi.

Jinsiy ekspluatatsiya. Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi 131-moddasi 1-qismida gʻarazli yoki past niyatlarda qoʻshmachilik qilganlik uchun, yaʼni jinsiy ekspluatatsiya uchun bir qator jazo turlari keltirilgan boʻlib, ular quyidagilardan iboratdir: (Ushbu turdagi jinoyat keltirib chiqargan zarar darajasiga muvofiq jazo tayinlanishini hisobga olgan holda quyidagi jazolardan faqat bittasi tayinlanadi)

  • Eng kam oylik ish haqining ellik baravaridan yetmish baravarigacha miqdorda jarima;
  • Uch yuz oltmish soatdan toʻrt yuz sakson soatgacha majburiy jamoat ishlari;
  • Bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash

Yuqoridagilardan kelib chiqib shunday fikr yuritish asoslidir: odamlarni sotish orqali biznes qilishda xavfning past darajasi mavjud boʻlishi ushbu turdagi jinoyat koʻrsatgichining yuqori boʻlishiga olib kelmoqda. Masalaga aniqroq yondashadigan boʻlsak, soʻnggi yillarda odam savdosini bartaraf etish uchun ishlab chiqilayotgan qonunlar, konvensiyalar, deklaratsiyalarning soni anchaginani tashkil etib kelishiga qaramasdan, tergovlar, jinoiy javobgarlik va jazo choralari yetarli darajada kuchli emas. Koʻplab odam savdogarlari jinoiy qilmishlari uchun oladigan jazo turi odamlarni sotish natijasida kelib tushgan tushim miqdoriga “arzishi”ni asosli deb hisoblashadi. Jahon hamjamiyatining taʼkidlashicha, odam savdosi bilan shugʻullanuvchi “biznesmen” yiliga oʻrtacha 32 milliard AQSH dollari miqdorida daromad olar ekan. Oʻzingiz fikr yuritib koʻring-chi: 32 milliard AQSH dollari yuqorida keltirib oʻtilgan jazo turlariga qanchalik darajada munosib boʻla oladi? Axir bu yerda gap inson huquq va erkinliklari, uning shaʼni, qadr-qimmati haqida ketyapti-ku!

2-taklif: Sud organlarining mustaqilligini kuchaytirish

Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi 80-moddasi 10-bandida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimiga binoan amnistiya toʻgʻrisidagi hujjatlarni qabul qilishi uning mutlaq vakolatlariga kirishi koʻrsatilgan.Shu oʻrinda BBCʻning internet sahifalarida Oʻzbekistonga nisbatan bildirilgan yondashuvlariga eʼtibor beradigan boʻlsak, taʼkidlash lozimki, AQSH Davlat Departamentiga koʻra2009-yilda Oʻzbekistonda 1200 kishi odam savdosiga aloqador jinoyatlarda aybdor deb topilib, javobgarlikka tortilgan. Ammo hisobotda qayd etilishicha, odam savdogarlarining koʻpchiligi uzoq yillik qamoq jazolariga mahkum etilganiga qaramay, amnistiya qoʻllab, ozodlikka chiqarilgan. “Oʻzbekiston sud tizimini mustaqil deb boʻlmaydi. Tashqi aralashuvlar Oʻzbekistonda sud hokimiyati xolisligining sharti – uning hokimiyatning boshqa tarmoqlaridan mustaqilligiga putur yetkazmoqda” — deb taʼkidlaydi BMTning sudyalar va advokatlar mustaqilligi masalalari boʻyicha maxsus mutaxassis Diyego Garsiya-Sayyan.

Shunday ekan, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati va Prezidentining birgalikdagi vakolatlaridan biri boʻlgan amnistiya toʻgʻrisidagi hujjatlarni qabul qilishning odam savdosi bilan bogʻliq boʻlgan jinoyat sodir qilgan mahbuslarga amnistiya berish tartibini biroz oʻzgartirish lozim.

3-taklif: Fuqarolarning huquqiy ong va madaniyati darajasini oshirish

Shu oʻrinda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan bildirilgan fikrlar ahamiyatga molikdir: “Biz jamiyatimizda shunday huquqiy madaniyatni shakllantirishimiz kerakki, unga muvofiq Konstitutsiya va qonunlarga amal qilish, boshqalarning huquq va erkinliklari,  shaʼni va qadr-qimmatini hurmat qilish majburiyat emas, balki kundalik qoida va odatga aylanishi shart”.

Odam savdosi qurboniga aylangan insonlarga eʼtibor qaratadigan boʻlsak, ularning koʻpchiligi oʻzlarining mehnat qilish borasidagi huquqlarini va erkinliklarini bilmasligi sababli chet elda noqonuniy ishlashga majbur boʻlishadi. Mamlakatimizda huquqiy ong va madaniyatni oshirish borasida qilinishi zarur boʻlgan bir qator vazifalar mavjuddir. Jumladan, mehnat munosabatlari bilan bogʻliq boʻlgan asosiy huquq va burchlarni tushuntirishda va aholining ulardan xabardorlik darajasini oshirishda zamonaviy yondashuv zarur.

Ularga noqonuniy migratsiyaning salbiy oqibatlari, chet elda mehnat qilish tartib va qoidalari, shuningdek, mamlakatda mavjud boʻlgan boʻsh ish oʻrinlari haqida xabar beruvchi turli xil dasturlar mavjudligi haqida tushuntirish ishlarini amalga oshirish darkor.

Shu oʻrinda odam savdosiga qarshi kurash olib borishda muvaffaqiyatga erisha olgan Isroil davlati tajribasiga nazar tashlaydigan boʻlsak, aholining huquqiy ong va madaniyatini oshirishda OAVning oʻrni va ularning odam savdosiga qarshi olib borayotgan samarali faoliyati jahon hamjamiyatining diqqat-eʼtiborida boʻlib kelayotganligini eslatib oʻtish lozimdir.

OAV oʻz dasturiy rejasiga noqonuniy migratsiya qay tartibda sodir boʻlishi, uning oqibatlari, bunday turdagi koʻrinmas tuzoqning mohiyatini turli xil reklama va qisqa metrajli filmlar orqali tushuntirib berishni kiritishi ham aholining huquqiy savodxonligini oshirishga xizmat qiladi. Huquqiy ong va madaniyatni oshirishda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2019-yil 9-yanvardagi “Jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirish tizimini tubdan takomillashtirish toʻgʻrisida”gi PF-5618-son Farmoni keng jamoatchilikning huquqiy ongi, huquqiy madaniyati, huquqiy savodxonlik darajasi yuksalishida amaliy ahamiyat kasb etdi.

Yuqoridagi fikrlar asosida xulosa qiladigan boʻlsakodam savdosiga qarshi kurash olib borish jarayonida nafaqat huquqni muhofaza qilish organlari, balki keng jamoatchilikning oʻrni ham qadrlanadi. Bunday turdagi transmilliy jinoyatning sodir boʻlish ehtimoli kuchli va imperativ qonunlar tizimi, aholining yuksak huquqiy ong va madaniyat koʻrsatgichi, sud tizimining isloh qilinishi va ushbu organning boshqa organlardan mustaqilligini oshirish orqali odam savdosi asta-sekinlik bilan jamiyat hayotidan “chekina” boshlasa ajab emas.

Shu oʻrinda Buyuk Britaniya sobiq Bosh vaziri Margaret Tetcher tomonidan bildirilgan quyidagi mashhur jumlalar esga tushadi: “Konstitutsiyalar faqat qogʻozda yozilishi kerak emas, u yuraklarga yozilishi lozimdir!” (Constitutions have to be written on hearts, not just paper.) Shunday ekan, har qanday shaxsning adolatli mehnat sharoitlarida mehnat qilishining taʼminlanishi faqatgina huquq darslarida oʻqitilishi, xalqaro hujjatlaru milliy normativ-huquqiy hujjatlarda amalga oshmay qolib ketishidan mutlaqo naf yoʻq! Aksincha, u butun jamiyat qon-qoniga singib ketishi lozimdir. Zero, shu orqali odam savdosiga qarshi kurashning tarixan muhim boʻlgan asosiy bosqichiga yetib kelganimizni butun idrokimiz bilan his qilishimiz mumkin boʻladi!

Shahrizoda Mamasoliyeva,Toshkent davlat yuridik universiteti talabasi


Toshkent davlat yuridik universiteti talabasi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?