Zamonaviy korxonaning keng imkoniyatlari

11:38 01 May 2018 Siyosat
1028 0
Foto: uzdaily.uz

Andijon tumanida yiliga 10 million dona flakon insulin dori vositasi ishlab chiqarish quvvatiga ega “Zamin Bio Health” mas’uliyati cheklangan jamiyati faoliyat boshladi.

Prezidentimiz o‘tgan yili viloyatga tashrifi chog‘ida ushbu loyiha taqdimoti bilan tanishib, bu boradagi ishlar ko‘lamini yanada kengaytirish xususida tavsiya hamda ko‘rsatmalar bergan edi. Oradan ko‘p o‘tmay, korxonaning zamonaviy binosi qad rostladi. Eng ilg‘or texnologiyalar olib kelinib, ishlab chiqarishga tatbiq etildi. Buning uchun 14 milliard so‘mlik bank kreditidan unumli foydalanildi.

Ushbu korxona qandli diabet bilan kasallangan bemorlar uchun insulin dori vositalarini tayyorlashga ixtisoslashtirilgan. Mahsulotning 20 foizi mamlakatimiz ehtiyojini qondirsa, qolgan 80 foizini eksport qilish ko‘zda tutilgan.

Aytish joizki, viloyatda farmatsevtika sanoatini rivojlantirish, import o‘rnini bosuvchi dori vositalari hamda bir martalik tibbiyot buyumlari ishlab chiqarishni kengaytirish maqsadida maxsus dastur ishlab chiqilgan. Unga ko‘ra, umumiy qiymati 24,2 mln. AQSh dollariga teng 23 ta investitsiyaviy loyiha amalga oshirilishi -rejalashtirilgan.

Joriy yilning o‘zida viloyatda 15,1 mln. AQSh dollarilik 5 ta farmatsevtika korxonasi ishga tushirilishi va mavjud quvvatlarni modernizatsiya hamda rekonstruksiya qilish hisobiga infuzion eritmalar, antibiotiklar, ampula, tabletka, kapsula shaklidagi dori vositalarining chetdan olib kelinishiga hojat qolmaydi. Aksincha eksport hajmi oshiriladi. Shuningdek, bir martalik shpritslar, sistemalar, shisha idishlar hamda dorivor o‘simliklar tarkibidan ekstraksiya usuli bilan aktiv dorivor substansiyalar ishlab chiqarish o‘zlashtiriladi.

Korxonaning ochilish marosimida viloyat hokimi Sh. Abdurahmonov so‘zga chiqdi.

Saminjon HUSANOV,
«Xalq so‘zi» muxbiri.

 


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?