Zamonaviy avtobuslar bazasidagi mobil bogʻchalar chekka qishloqlarga boradi

15:14 07 Avgust 2019 Jamiyat
163 0

2019-yil 30-iyul kuni Maktabgacha taʼlim vazirligi “ISUZU HC-40” avtobuslari bazasida faoliyat koʻrsatuvchi sayyor maktabgacha taʼlim tashkilotlari loyihasini muhokamaga qoʻydi. Loyiha “Oʻzavtosanoat” AJ moliyaviy va texnik koʻmagida amalga oshiriladi.

2019-yil 3-avgust, Toshkent shahri — 2019-yilning 2-iyulida Maktabgacha taʼlim vazirligi va “Oʻzavtosanoat” AJ oʻrtasida maktabgacha taʼlimning muqobil shakllarini joriy etish sohasida hamkorlik boʻyicha memorandum imzolandi. Oʻzbekistonda “ISUZU HC-40” avtobuslari negizida ishlovchi mobil MTTlarni ishlab chiqish va joriy etish hamkorlikning asosiy yoʻnalishi hisoblanadi. Mazkur loyiha bolalar maktabgacha taʼlim bilan qamrab olinishini kengaytirish, shuningdek MTT mavjud boʻlmagan olis qishloq joylarda, togʻli hududlar va aholi punktlarida qamrovni oshirish imkonini beradi.

“Maktabgacha taʼlim vazirligiga koʻp hollarda olis tumanlarda yashovchi fuqarolar MTTlar mavjud emasligi yuzasidan shikoyatlar bilan murojaat qiladilar. Afsuski, byudjet miqdori cheklanganligi munosabati bilan biz har bir aholi punktida MTT ochish imkoniyatiga ega emasmiz va bolalar soni eng koʻp boʻlgan joylarni tanlashga majburmiz. MTV ishchi guruhi holatni oʻrganib chiqdi. Tahlil ushbu maqsad uchun joylarda binolarning ajratilishi muammo yechimi boʻla olmasligini koʻrsatdi. Aholi xonadonlari bir-biridan juda uzoq masofada joylashgan tumanlar mavjud. Statsionar nuqtalar bor-yoʻgʻi 3 km radiusda yashovchi bolalarni qamrab olish imkoniyatini beradi xolos. Har bir oila oʻz transport vositasiga ega emasligi esa har kuni MTTlarga qatnash muammosini tugʻdiradi. Bundan tashqari, togʻli hududlarga talab etilgan kommunikatsiyalarni yetkazib borish muammosi mavjud. Biz albatta bolalar uchun isitish tizimi, suv taʼminoti va kanalizatsiyani taʼminlab bera olish mumkin boʻlmagan joylarda MTTlar ochmaymiz. Biroq, vazirlik barcha bolalar uchun sifatli maktabgacha taʼlim olish imkoniyatini yaratishga intilmoqda, shu munosabat bilan biz Oʻzbekiston uchun mutlaqo yangi mobil MTTlar loyihasini ishga tushirmoqdamiz. Bunday tajriba Shvetsiya, Yangi Zelandiya, Hindistonda muvaffaqiyatli qoʻllanib kelinmoqda. Maxsus avtobuslar yaqin kelajakda MTT qurilishi murakkab boʻlgan, borish qiyin boʻlgan joylarda muayyan yoʻnalish boʻyicha harakatlanadi. Sayyor MTTlar “yoz­­­ - qish” rejimida ishlovchi sovutgichlar, quyosh panellari, hojatxonalar, oʻyinchoqlar, rivojlantiruvchi materiallar bilan taʼminlanadi. Shunga koʻra, kichik aholi punktlarida yashovchi bolalar bilim olishi, mahorat va koʻnikmalarini rivojlantirishi, maktabga tayyorlanib borishi mumkin boʻladi. Loyihaning boshlangʻich bosqichida respublika boʻylab 14ta avtobuslar: Toshkent viloyatida ikkita va hududlarda bittadan avtobus ishga tushiriladi”, — deydi Maktabgacha taʼlim vaziri Agrippina Shin.

Sayyor MTTlarda taʼlim-tarbiya jarayoni hudud ehtiyojlari va iqlim sharoitlarini hisobga olgan holda 2–3 smenada olib boriladi. Har bir avtobus uchun tarbiyalanuvchilar yashash joyiga yaqin boʻlgan joyda oʻyingohlar (qumdon, oʻyin maydonchalari va boshqalar) bilan jihozlangan 3tadan turargoh tashkil etiladi. Sayyor MTTlar qisqa muddatli guruhlar uchun moʻljallangan boʻlib (kuniga koʻpi bilan 3 soat), ovqatlanishni tashkil etish majburiyati nazarda tutilmagan. Loyiha uchun MTTlar mavjud boʻlmaganligi sababli bolalar maktabgacha taʼlim olish imkoniyatiga ega boʻla olmayotgan hududlar tanlab olindi. Sayyor MTTlar olis qishloqlarda bolalarni maktabgacha taʼlim bilan qamrab olish muammosini tezkor hal qilish imkoniyatini yaratadi.

“Barcha mashgʻulotlar oʻyin tarzida oʻtkaziladi. Mashgʻulotlar chogʻida avtobus harakatda boʻlmasligi bolalar lat yeyishi ehtimolinin toʻla bartaraf etadi. Mobil MTT maxsus turargohga yetib kelgach bolalarga qulay sharoitni taʼminlash uchun xodimlar mebellarni tashqariga chiqarib tent yordamida shiypon oʻrnatiladi. Tarbiyalanuvchilar vaqtning asosiy qismini ochiq havoda oʻtkazadilar va bunday yondashuv Finlyandiyada oʻzini oqlagan. Kuchli sovuq yoki issiq boʻlgan taqdirda mashgʻulotlar avtobus ichiga koʻchiriladi.

Bu loyihaga shahar oʻlchovlari bilan baho berish mumkin emas. Shahar aholisi jamoat transporti va talab darajasidagi infratuzilma mavjud boʻlgan sharoitda yashaydi. Biz chekka qishloqlar aholisi bilan uchrashganimizda, ulardan farzandlari maktabgacha taʼlim olishi uchun sharoit yaratib berish boʻyicha soʻrovlarni koʻp eshitamiz. Ular ham farzandlari ilk yoshidanoq taʼlim olishi va rivojlanishini istaydilar. Vazirligimiz ularni mana shunday imkoniyat bilan taʼminlash uchun barcha harakatlarni amalga oshiradi”,– deydi Maktabgacha taʼlim vaziri Agrippina Shin.

Loyihaning sinov bosqichi uchun 14 ta tumanda 42 ta maydonchalar belgilab olindi:

Andijon viloyati - Andijon tumani

Buxoro viloyati - Qorakoʻl tumani

Jizzax viloyati - Baxmal tumani

Qashqadaryo viloyati - Chiroqchi tumani

Namangan viloyati - Yangiqoʻrgʻon tumani

Navoiy viloyati - Nurota tumani

Samarqand viloyati - Urgut tumani

Surxondaryo viloyati - Qumqoʻrgʻon tumani

Sirdaryo viloyati - Boyovut tumani

Toshkent viloyati - Oxangaron, Yangiyoʻl tumanlari

Fargʻona viloyati - Uchkoʻprik tumani

Xorazm viloyati - Xazorasp tumani

Qoraqalpogʻiston Respublikasi - Ellikqalʼa tumani


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?