“ZAGS” karvoni ishtirokchilari 7 va 10 sutka qamoqda oʻtiradigan boʻldi

15:55 22 Avgust 2019 Jamiyat
344 0

Illyustrativ foto

Joriy yilning 16-avgust kuni Samarqand shahar Sartepa maskani “Turkiston” koʻchasidagi avtomobillar karvoni koʻpchilikda xavotir uygʻotdi. Bu haqda Samarqand viloyat IIB matbuot xizmati xabariga tayanib Xabar.uz maʼlumot berdi.

Negaki, guruh-guruh boʻlib, transport vositasi harakatini keskin oʻzgartirib, yoʻl harakati qoidalarini qasddan, qoʻpol ravishda buzayotgan bu haydovchilar qilayotgan amallari hech bir tartibga toʻgʻri kelmasligini oʻylab ham koʻrishmadi. Yanayam ajablanarlisi, ular shovqin koʻtarib, jamoat tartibini, bu orqali koʻpchilikning halovatini buzdi...

Olib borilgan tezkor surishtiruv ishlari davomida bunday bebosh haydovchilar boshqargan avtomobillar Samarqand shahridagi avtomashinalar jarima maydonchasiga joylashtirildi. Avtomashinalar egalarining huquqbuzarliklari haqida tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, qonuniy qaror qabul qilish uchun Samarqand shahar maʼmuriy sudiga yuborildi.

Sud “ZAGS” karvoni ishtirokchilarining xatti-harakatlarini mayda bezorilik, deb topdi.

Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksda mayda bezorilik, yaʼni jamoat joylarida uyatli soʻzlar bilan soʻkinish, fuqarolarga haqoratomuz shilqimlik qilish hamda jamoat tartibini va fuqarolarning osoyishtaligini buzuvchi shu kabi boshqa xatti-harakatlarda ifodalangan jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimaslik eng kam ish haqining uch baravaridan besh baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki oʻn besh sutkagacha muddatga maʼmuriy qamoqqa olishga sabab boʻladi deb belgilangan.

Samarqand shahar maʼmuriy sudi 16-avgust kuni “Turkiston” koʻchasidagi sodir etilgan holat ishtirokchilarining 2 nafariga 10 sutka, 9 nafariga esa 7 sutkadan qamoq jazosi belgiladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?