Zafar XUDAYBERDIYEV: “Men boy boʻlishni juda xohlayman va men buni uddalayman”

10:12 23 Aprel 2020 Jamiyat
434 0

Robert Kiyosakining “Boy ota va kambagʻal ota” nomli kitobida quyidagi fikrlarni oʻqishingiz mumkin: “Kambagʻal otam menga qanday qilib yaxshi oʻqish orqali kattaroq maosh olishni oʻrgatgan boʻlsa, boy otam menga qanday qilib kerakli bilimlarni olib boy boʻlish mumkinligini oʻrgatardi”.

Taʼkidlash joiz, bilimni olish uchun uning kerakli ekanligini bilish, bilish uchun esa avvalo oʻqib, oʻrganish, bilimlarni oshirish, fikrlash doirasini kengaytirish zarur. Hozirgi karantin holati ham uyda qolib, kerakli bilimlarni uqish, ilgʻash va tafakkur qilish, aniq maqsadlarni belgilash va harakat qilish uchun imkoniyat yaratmoqda.

Tadqiqotlarga koʻra, dunyodagi barcha pullar hammaga teng taqsimlab berilsa, tez orda u pullar yana avvalgi choʻntaklarga, yaʼni avvalgi boylarning choʻntaklariga borib tushar ekan.

Nega? Boylarning choʻntaklarida pullarni oʻziga tortib oladigan magnit bormi? Yoʻq! Magnit ularning choʻntaklarida emas, ularning miyasida, tafakkurida joylashgan. Chunki boylar doimo “Boyish va pul topish oson va men buni uddalay olaman”, deb fikrlasa, kambagʻallar “Men boy boʻlishni juda xohlayman, ammo bu juda qiyin, boy boʻlish men uchun emas, buni uddalay olmayman”, deb fikrlar ekan. Demak, muammo tafakkurda, fikrlashda. Kambagʻallikni tark etishni boylardek fikrlashni oʻrganishdan boshlash kerak, nazarimizda.

Zero, Prezidentimiz taʼkidlaganidek, “Kambagʻallikni kamaytirish – bu aholida tadbirkorlik ruhini uygʻotish, insonning ichki kuch-quvvati va salohiyatini toʻliq roʻyobga chiqarish demakdir”.

Tadbirkorlik ruhi esa, tomorqalarga eʼtibor berish orqali uygʻonishi sir emas. Men saylangan Norin tumani Qoradaryo va Norin daryolari oraligʻida joylashgan. Aholisi zich, dehqonchilik madaniyati rivojlangan hudud boʻlib, hozirda tomorqalardan foydalanish borasida ijobiy ishlar amalga oshirilayotganining guvohiman.

Xususan, tumanda 30047 ta dexqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari boʻlib, jami ekin yer maydoni 1394 gektarni tashkil etadi. Shundan 744 gektar maydonlarda 2019-yilning avgust-sentyabr oylarida sarimsoqpiyoz, piyoz va toʻqsonbosti ekinlar ekilib, 890 gektar maydonga bahorgi ekinlar, jumladan, 642 gektarga sabzavot, 198 gektarga kartoshka, 8 gektarga dukkakli ekinlar va 42 gektarga boshqa ekinlar ekilgan.

Shuni alohida taʼkidlash kerakki, tumanda tashkil etilgan “Norin tomorqa xizmati” MCHJ orqali texnika va zarur urugʻlik va koʻchatlar aholi xonadonlariga yetkazib berilgan. Tumanda 2020-yilda dehqon xoʻjaliklari va tomorqalarda jami 23 ming 697 tonna qishloq xoʻjaligi mahsulotlari, jumladan, toʻqsonbosti ekinlaridan 8546 tonna, ertangi ekinlardan 15151 tonna, shundan 9696 tonna sabzavot, 4746 tonna kartoshka, 16 tonna dukkakli mahsulotlar hamda 420 tonna boshqa turdagi mahsulotlar yetishtirilishi kutilmoqda. Bular hazilakam raqamlar emas, ular ortida aniq maqsad va unga erishish uchun qaratilgan harakat yotibdi.

Shunday ekan, hozirgi karantin davrida “Men boy boʻlishni xohlayman va men buni uddalayman”, degan maqsadni oldingizga qoʻying-da, barcha harakatlaringizni tomorqangizdan samarali foydalanishdan boshlang! Ishoning, Siz hech qachon kambagʻallar safida boʻlmaysiz!

Zafar XUDAYBERDIYEV,

Oliy Majlis Qonunchilik

palatasi deputati

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?