Yurtimizning togʻli hududlarida qishki turizm rivojlantiriladi

14:25 04 Oktyabr 2019 Jamiyat
196 0

Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi rahbari vazifasini vaqtincha bajaruvchi Abdulaziz Aqqulov Turkiyaning Mustaqil sanoatchilar va ishbilarmonlar assosatsiyasi (MÜSİAD) vakillarini qabul qildi. Bu haqda Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi xabar berdi.

Turkiya delegatsiyasi vakillari bugungi kunda Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar, xususan, turizmni rivojlantirish yoʻlida qilingan ishlar va kelgusidagi rejalar bilan tanishtirildi.

MÜSİAD delegatsiyasi vakillari, oʻz oʻrnida, Oʻzbekistonning turistik salohiyatini yuqori baholab, yurtimizga sayohat qilayotgan turkiyaliklar soni 60 foizdan oshganini eʼtirof etishdi.

Turkiya tomon Oʻzbekistonga ziyorat turizmi, madaniy turizm hamda gastronomik turizmni rivojlantirishda yaqindan yordam berishga tayyor ekanliklarini taʼkidlashdi.

Shuningdek, ular mahalliy va xorijiy investorlarni birlashtirish imkoniga ega ekanliklarini maʼlum qilib, Turkiyaning 87 viloyatida oʻz filiallari mavjudligini bildirishdi.

Bundan tashqari, mehmonlar hozirda Turkiyada qishki turizmni rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratilayotganini maʼlum qilib, u yerda hatto Qishki turizm federatsiyasi ham faoliyat koʻrsatishini qayd qilishdi. Shu oʻrinda Oʻzbekiston ham turizmning qishki turlarini rivojlantirish uchun istiqbolga ega ekani qoʻshimcha qilindi.

Oʻzbekiston tomon MÜSİAD vakillari bilan “IdealIST” kompaniyasi hamkorligida tayyorlagan Namangan viloyatining “Nanay”, Jizzax viloyatining Zomin tumanidagi “Supa”, Surxondaryo viloyati Boysun tumanidagi “Omonxona” qishlogʻi loyihalari taqdimotini oʻtkazish masalasini muhokama qildi.

Uchrashuv yakuniga koʻra, Turkiyadagi hamkor tashkilotlar va tadbirkorlarni jalb qilgan holda u yerda yuqorida qayd etilgan turizm klasterlari taqdimotini oʻtkazishga oid kelishuvga erishildi.

Fursatdan foydalanib, Turkiya tomon Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʼmitasi vakillarini MÜSİAD kompaniyasiga tashrif buyurishga taklif qilishdi va Turkiya safari doirasida ikki tomon hamkorligiga doir aniq “yoʻl xaritasi” belgilab olinishiga kelishishdi.

Uchrashuv soʻngida tomonlar oʻzaro sovgʻalar almashishdi.

Maʼlumot uchun, MÜSİAD insonlar va tashkilotlar, davlat va jamiyat, shuningdek mintaqa va jahondagi ijtimoiy, madaniy, siyosiy, iqtisodiy, ilmiy va texnologik rivojlanishni qoʻllab-quvvatlash uchun yaratilgan rivojlanish va oʼzaro hamkorlik hamda hamjihatlik platformasini tashkil qiluvchi faol va kuchli nodavlat tashkilotdir. U chet elda joylashgan filiallari, vakolatxonalari va koordinatorlari bilan ishonchli va keng biznes tarmogʻini taklif etuvchi kuchli “fuqarolik jamiyati instituti” boʻlib, jamiyatning biznes va boshqa sohalari uchun namunali taʼlim, maslahat, yoʻl-yoʻriq koʻrsatuvchi markaz hisoblanadi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?