Yurtimizda maqom sanʼati bayrami

11:02 06 Sentyabr 2018 Madaniyat
557 0

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2018 yil 6 aprelda imzolangan “Xalqaro maqom sanʼati anjumanini oʻtkazish toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan, 6 — 10 sentyabr kunlari yurtimiz ahli va mehmonlari ushbu nufuzli tadbirning guvohi boʻlishadi. Ayni damda esa anjuman oʻtkaziladigan manzil — Shahrisabz maqom sanʼati shukuhi bilan yashamoqda.

Davlatimiz rahbari Qashqadaryo viloyatiga tashrifi chogʻida sohibqiron bobomiz Amir Temur qurdirgan Oqsaroyni ziyorat qilib, Shahrisabz qadimiy merosimiz boʻlgan maqomlarni dunyoga taratish uchun eng maqbul joy ekanligini taʼkidlagandi. Zero, “Shashmaqom” dunyoga kelgan oʻsha davr aynan Amir Temur davlatchiligi tarixi bilan chambarchas bogʻliq.

Buyuk bobomiz davrida musiqa sanʼati jadal rivojlanib, chinakam uygʻonish davrini boshdan kechirganligi, sozandalik va xonandalik, musiqa ilmi hamda bastakorlik kamol topganligi haqida koʻplab manbalar mavjud. Ularda taʼkidlanishicha, XVII-XVIII asrlarga kelib, Shahrisabzda buxorolik va samarqandlik sanʼat ustalari hamkorligida “Shashmaqom” taronalariga raqsga tushadigan raqqoslar hamda sozandalar guruhlari tuzilgan.

Anjuman munosabati bilan koʻplab mamlakatlardan hofizu sozandalar, sayyohlar va boshqa mehmonlar Shahrisabzga tashrif buyurmoqda. Bu esa dunyo miqyosida ushbu sanʼat hamda yurtimizga boʻlgan qiziquvchilar safining oshib borayotganini bildiradi. Soʻnggi maʼlumotlarga koʻra, xorijiy davlatlardan 22 nafar musiqashunos olim, 29 yakkaxon ijrochi va musiqiy jamoa, 21 nafar mutaxassis hamda faxriy mehmon sanʼat bayramida qatnashish istagini bildirgan.

Prezidentimiz qaroriga asosan, ushbu anjuman doirasida Oʻzbek milliy maqom sanʼati markazining Shahrisabz filiali tashkil etildi. Shahrisabzga kelgan mehmonlar shahar Madaniyat saroyida tashkil etilgan maqom sanʼati muzeyida maqom tarixi haqidagi animatsion koʻrgazma vositalari orqali oʻzlarini qiziqtirgan barcha maʼlumotga ega boʻladilar. Shuningdek, shahardagi “Navroʻz” madaniyat va istirohat bogʻi hamda “Dor ut-tilovat” majmuasi hududidagi xiyobonda esa onlayn tizimida ishlaydigan katta ekran orqali anjumanni kuzatib boradilar.

Bugun Shahrisabz chin maʼnoda xalqaro maqom markaziga aylanmoqda. Albatta, bu, oʻz navbatida, yurtimizni, oʻzbek maqom sanʼatini dunyoga tanitishga, jahon ahli eʼtiborini esa Oʻzbekistonga qaratishga xizmat qiladi.

* * *

Ertaga boshlanadigan Xalqaro maqom sanʼati anjumani munosabati bilan tayyorlangan maxsus sahifani gazetamizning 4-betida oʻqishingiz mumkin.

* * *

40 dan ortiq mamlakatlarga toʻgʻridan-toʻgʻri namoyish etiladi
Anjumanda 70 dan ortiq davlatlardan sanʼatkorlar qatnashadi, 300 dan ziyod xorijiy mehmonlar kelishi kutilmoqda. Shuni taʼkidlash joizki, 40 dan ortiq xorijiy davlatlar televideniyelari anjumanni oʻz yurtiga toʻgʻridan-toʻgʻri uzatish istagini bildirgan.

Davlatimiz rahbarining 2017 yil 17 noyabrdagi “Oʻzbek milliy maqom sanʼatini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi hamda 2018 yil 6 apreldagi “Xalqaro maqom sanʼati anjumanini oʻtkazish toʻgʻrisida”gi qarorlari oʻzbek mumtoz musiqasi tarixida yangi davrni boshlab bergan muhim hujjatlar boʻldi.

Ularda maqom sanʼatini yanada rivojlantirish borasida aniq vazifalar belgilab berilgan.

Anjuman 2018 yildan boshlab, har ikki yilda bir marta Shahrisabz shahrida oʻtkaziladi.

Unda quyidagi tadbirlar oʻtkazilishi rejalashtirilgan:

“Maqom musiqa sanʼatining jahon sivilizatsiyasida tutgan oʻrni” mavzuida ilmiy-amaliy konferensiya;

jahon va Oʻzbekiston maqomot sanʼati ustalarining yakka konsertlari;

maqom ansambllari, xonanda va sozandalarning koʻrik-tanlovi;

sayillar, mamlakatimizning dunyoga mashhur shaxslari hayoti hamda ijodiy faoliyati haqida zamonaviy va kreativ usulda sahnalashtirilgan dastur namoyishlari;

maqom sanʼati tarixiga oid koʻrgazma, oʻzbek, fors, arab, ingliz va rus tillarida nashr etilgan ilmiy asarlar hamda ilmiy-maʼrifiy adabiyotlar namoyishi.

YUNЕSKO roʻyxatida
2003 yil noyabr oyida “Shashmaqom” YUNЕSKO tomonidan “Insoniyatning ogʻzaki va nomoddiy madaniy merosi durdonasi” deb tan olindi. 2008 yilda esa umumjahon Reprezentativ roʻyxatiga kiritildi.

Oʻtmishning buyuk yodgorligi Shahrisabz — Buyuk Ipak yoʻlida joylashgan, qadimiy, mashhur shaharlardan biri. Shahrisabz Samarqanddan 80 kilometr Janubda, Taxta-Qoracha togʻ tizmasida joylashgan. Bugungi kunda shaharda koʻpgina meʼmoriy yodgorliklar mavjud. Uning tarixiy markazi YUNЕSKOning Butunjahon madaniy merosi obyektlari roʻyxatiga kiritilgan. Bu shahar buyuk qoʻmondon, sohibqiron Amir Temur tugʻilgan yurt nomi bilan ham mashhur. Ilgari Shahrisabz qadimgi Soʻgʻd davlatining poytaxti boʻlib, Kesh deb nomlangan. U madaniyat, savdo va hunarmandchilikning markazi edi.

Badiiy durdona
Maqom musiqa ijodiyotining boshqa turlaridan badiiy mukammalligi, kuy hamda shakl tuzilishlari, lad va usul tizimlari hamda ilmiy va amaliy asoslari puxta ishlangani bilan farq qiladi. Maqom musiqa, sheʼriyat hamda raqs sanʼatlarini mujassamlashtiruvchi mushtarak badiiy durdonadir.

Oʻzbekistonda maqom asarlari va turkumlari — Buxoro “Shashmaqom”i, “Xorazm maqomlari” hamda “Fargʻona — Toshkent maqom yoʻllari” turkumlari, shuningdek, uning lokal variantlari — “Toshkent irogʻi”, “Qoʻqon irogʻi”, “Samarqand ushshogʻi”, Fargʻona “Surnay maqom yoʻllari”, Xorazm “Dutor maqom turkumi”, “Feruz” turkumi va boshqalar mavjud.

Betakror anʼanalarni targʻib qiluvchi markaz

Prezidentimizning 2017 yil 17 noyabrdagi “Oʻzbek milliy maqom sanʼatini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori asosida Oʻzbek milliy maqom sanʼati markazi tashkil etildi.

Uning asosiy maqsadi oʻzbek milliy maqom sanʼatini yanada rivojlantirish, bu borada shakllangan ijro va ijodiy maktablar anʼanalari, buyuk bastakorlar, hofiz hamda sozandalar merosini chuqur ilmiy asosda oʻrganish va qayta tiklash, targʻib qilish, xalqimizni musiqiy merosimizning eng goʻzal anʼanalaridan bahramand etish, yosh avlodni maqom sanʼati bilan keng tanishtirish orqali ularda milliy oʻzlikni anglash tuygʻusini kamol toptirish kabi qator vazifalardan iborat.

Oʻzbek milliy maqom sanʼati markazi tarkibida Yunus Rajabiy nomidagi maqom ansambli faoliyat olib bormoqda.

Yunus Rajabiy nomidagi ansambl
Oʻzbekistonda dastlab ilk professional maqom ansambli folklorshunos, Oʻzbekiston xalq artisti, akademik Yunus Rajabiy tomonidan 1959 yili tashkil etilgan.

Ansambl tomonidan 1960 — 1962 yillarda “Shashmaqom” va “Toshkent — Fargʻona maqom yoʻllari” turkumlariga kiruvchi cholgʻu va asosan, ashula yoʻllari ilk bor grammplastinkaga yozila boshlangan va nashr etilgan.

1976 yilda ansambl rahbari, akademik Yunus Rajabiy vafotidan soʻng Oʻzbekiston xalq artisti Orif Alimaxsumov, Oʻzbekiston sanʼat arbobi Shavkat Mirzayev, Oʻzbekiston xalq artisti oʻanijon Toshmatov, Oʻzbekiston xalq hofizi Isroil Vahobov unga rahbarlik qildi. Ayni paytda ansambl rahbari — Oʻzbekiston xalq artisti Abduhoshim Ismoilov.

Maqom ansambli aʼzolari shu kunga qadar bir necha chet mamlakatlarda ijodiy safarlarda boʻlib, oʻz konsert dasturlarini namoyish qilib kelishgan. Uzoq yillar davomida bu dargohda yetuk xonanda va sozandalar xizmat qilishgan.

Noyob muzey
Oʻzbek maqom sanʼati mumtoz va zamonaviy ijro namunalarining fondini yaratish hamda muzey ashyolari va kolleksiyalarini ilmiy tadqiq qilish ishlarini kuchaytirish, uning natijalarini eʼlon qilib borish Shahrisabzdagi muzey faoliyatining asosiy vazifalari sirasiga kiradi.

Ayni paytda anjumanga tayyorgarlik jarayonlari qizgʻin tus olgan. Xususan, sovrindorlarga topshiriladigan diplom, sertifikat loyihalari, statuetka namunalari ishlab chiqildi.

Milliylikni oʻzida aks ettiruvchi liboslar, aktyorlar joylashuvi va Oqsaroy hududi atrofida ularning yurishlarini tashkil etish, maydonlarni hududlar kesimida taqsimlash, ularga xos boʻlgan milliy urf-odat, anʼana va qadriyatlar aks etgan ssenariy hamda dasturlar loyihalari, mos musiqiy ketma-ketlik va videoroliklar tayyorlanmoqda. Oʻzbek, rus, ingliz tillarida “Maqom nima?” deb nomlangan kitob nashr etildi.

Mumtoz kuy-qoʻshiqlar olamiga safar qilamiz
— 2018 yil men uchun unutilmas taassurotlarni tuhfa etdi. Prezident Shavkat Mirziyoyev Farmoniga binoan “Oʻzbekiston Respublikasi xalq artisti” unvoniga sazovor boʻldim. Bu eʼzozdan boshim osmonga yetdi. Ayni paytda esa Shahrisabzda oʻtkaziladigan Xalqaro maqom sanʼati anjumaniga taklif etilganimdan behad shodman. Oʻzbek sanʼatini dunyoga yoyishda ushbu anjumanning ahamiyati beqiyos. Unda mumtoz kuy-qoʻshiqlar olamiga safar qilamiz. Sanʼat qadrlangan, tinchlik, osudalik ulugʻlangan yurtda mana shunday nufuzli, bayramona tadbirlar tashkil etiladi. Bunga faqat havas qilish kerak.
Izro MALAKOV,
Oʻzbekiston Respublikasi xalq artisti.

Anjuman bizni ezgu maqsadlar yoʻlida birlashtiradi
— Yurtimizdan olisda yashasamda, qalbim Oʻzbekistonda. Bu yerdagi har bir oʻzgarishdan quvonaman. Shu kunlarda esa oʻzgacha hayajon bilan Xalqaro maqom sanʼati anjumanini kutyapman. Sanʼat dunyo xalqlarini ezgu maqsadlar yoʻlida birlashtiradi. Xalqaro maqom sanʼati anjumanidan koʻzlangan maqsad ham shu. Bu tadbir oʻzbek milliy maqom sanʼatining noyob namunalarini keng targʻib qilish, uni asrab-avaylash va rivojlantirish, yosh avlod qalbida milliy mumtoz sanʼatimizga hurmat tuygʻusini kuchaytirish, xalqlar oʻrtasidagi doʻstlik rishtalarini mustahkamlash, ijodiy hamkorlik, madaniy-maʼnaviy munosabatlar doirasini xalqaro miqyosda kengaytirishga xizmat qilishi bilan ham ahamiyatlidir.
Muhabbat SHAMAYEVA,
Oʻzbekiston Respublikasi xalq artisti.

Yangi isteʼdodlar nomi, albatta, jaranglaydi
— Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan 2018 yilda Oʻzbekistonda maqom sanʼati boʻyicha xalqaro musiqa anjumani oʻtkazilishini eshitib, xursand boʻldim. Bilasiz, Ozarbayjonda ham shunga oʻxshash festival bor. Oʻylaymanki, har ikki mamlakatda uyushtiriladigan sanʼat anjumanlari oʻnlab, yuzlab isteʼdod egalarini kashf etish, ikki tomonlama oʻrnatilgan doʻstona munosabatlarni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Simara IMANOVA,
Ozarbayjon Respublikasi xalq artisti.

Sohibqironni hayratlantirgan navo
Temuriylar davrida yashagan Xoja Abdulqodir Marogʻiy, manbalarda zikr qilinishicha, sohibqiron gʻazabiga uchragach, bir qancha vaqt yolgʻiz yashab, qalandarona hayot kechirdi.

Kunlar oʻtdi. Sarkarda oʻz lashkari bilan Iroqqa yurish qilish harakatiga tushdi. Bundan xabar topgan Abdulqodir Amirning qulogʻiga yetib boradigan bir nazm tuzishga qaror qildi. Shunday xayolda u bir gʻazal bitdi, uni bastaladi. Soʻng temirchiga borib, shu kuy nagʻmalarini hosil qiluvchi har xil kattalikdagi qoʻngʻiroqchalar yasatdi. Sarbon bilan maslahatlashib, bu qoʻngʻiroqchalarning qaysi tuyaga osilishi kerakligini ham kelishib oldi va kuyni bexato hosil qiladigan bir tartibda tuyalarga ostirdi. Karvon yoʻlga chiqdi. Tuyalar harakatga kelib yura boshlagach, belgilab qoʻyilganidek kuy chalina boshlandi. Sohibqiron musiqa ilmidan xabardor edi, musiqani yaxshi tushunardi. Qoʻngʻiroqchalardan taralayotgan bu yoqimli kuy Amirni befarq qoldirmadi. Bu kuy “Iroq” maqomi yoʻlida yaratilgan boʻlib, uni bastakor “Amali tarona” deb atagan edi. Temur kuyga eʼtibor qilar, kuy esa oʻz ohangidan adashmasdi. Shunda u saroy musiqashunoslarining peshqadami boʻlib qolgan, ayni paytda bosh xonandalik vazifasida turgan va ushbu tadbirdan ogoh Xoja Abdulloh Loriyni huzuriga chorlab, unga dedi:

— Mugʻanniy, eshityapsanmi, bu qoʻngʻiroqchalar bir chiroyli kuy chiqarmoqda.

— Shohim, — dedi Loriy, — bir begunohning gunohidan kechsangiz, men buning sirini aytaman.

Amir:

— Boʻpti, men uning gunohidan kechdim, — dedi.

— Xoja Abdulqodir sizga oʻzining sodiqligini izhor qilish niyatida “Iroq” maqomi yoʻlida ushbu kuyni bastaladi, — dedi mehtar va Amir qoshida ana shu yangrab turgan kuy joʻrligida Abdulqodir yozib bergan yangi gʻazalni kuylay boshladi:

Chun miravi soʻyi Iroq faromusham nakun…

(Mazmuni: Iroq sari yoʻlga chiqsang, meni unutma).

Natijada Amir Abdulqodirning sodiqligiga shubha qilmay, unga avvalgidek marhamatlar koʻrsata boshladi.

AQSHdan ham ishtirokchilar bor
2018 yil 2, 6, 13 iyul kunlari Oʻzbek milliy maqom sanʼati markazida Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi tomonidan tuzilgan saralash komissiyasi aʼzolari Shahrisabz shahrida boʻladigan Xalqaro maqom sanʼati anjumanida ishtirok etish istagini bildirgan xorijiy davlatlar maqom ansambllari va yakkaxon xonandalarining ijod namunalarini koʻrib chiqdi.

Saralash komissiyasi aʼzolari yigʻilish davomida forumning www.maqomforum.uz saytiga kelib tushgan xorijiy davlatlar vakillari tomonidan yuborilgan ijod namunalari bilan tanishdilar.

Afgʻonistonning “Safar” guruhi, AQSHning “Shashmaqom akademiyasi” bolalar musiqiy jamoasi, Hindistonning “Ustad Iqbal” jamoasi, Ozarbayjonning Sahib Pashshazade rahbarligidagi “Mugam” ansambli jamoasi, Xitoy Xalq Respublikasidan Gulzira Ablat — yakkaxon ijrochi, Jazoirning “Jazira” musiqiy jamoasi, Tojikistondan yakkaxon ijrochi Sirojiddin Joʻrayev, Hindistonning “Dvali” musiqiy jamoalarining ijod namunalari maʼqul, deb topildi.

Hindistonning “Dvali” musiqiy jamoasi Yangi Dehlida oʻz faoliyatini yuritmoqda. Mazkur jamoa koʻplab festivallarda ishtirok etib keladi. Jumladan, Xiva shahrida oʻtkazilgan “Raqs sehri” festivalida ham qatnashgan. 6 — 10 sentyabr kunlari boʻlib oʻtadigan Xalqaro maqom sanʼati anjumanida hind klassik musiqasini ijro etishi koʻzda tutilmoqda.
“Xalq soʻzi” muxbiri
Maqsud JONIXONOV tayyorladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?