Yurtimiz bayrogʻi Olimpiya oʻyinlarida doimo yuqori oʻrinlarda hilpirab tursin!

15:07 23 Iyun 2020 Siyosat
314 0

23-iyun – Xalqaro Olimpiya kuni 

Jamiyatimizda sogʻlom turmush tarzini shakllantirish, aholining, ayniqsa, yosh avlodning jismoniy tarbiya va ommaviy sport bilan muntazam shugʻullanishi uchun zamon talablariga mos shart-sharoitlar yaratishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Sport musobaqalari orqali yoshlarda oʻz irodasi, kuchi va imkoniyatlariga boʻlgan ishonchni mustahkamlash, mardlik va vatanparvarlik tuygʻularini kamol toptirish, shuningdek, yoshlar orasidan iqtidorli sportchilarni saralab olish ishlarini tizimli tashkillashtirish borasida keng koʻlamli ishlar amalga oshirilib kelinmoqda. Natijada yurtimiz vakillari Olimpiya oʻyinlari, jahon chempionatlari, Osiyo oʻyinlari va chempionatlari hamda xalqaro musobaqalarda yuksak natijalarga erishmoqda, dunyoda Oʻzbekistonning obroʻ-eʼtibori va sport salohiyati yana-da oshmoqda.

Har yili 23-iyunda dunyo boʻylab Xalqaro Olimpiya kuni (International Olympic Day) keng nishonlanadi. Bu sana tarixiga nazar soladigan boʻlsak, Olimpiya kuni loyihasi ilk bor 1947-yilda Stokgolmda Xalqaro olimpiya qoʻmitasining 41-sessiyasida tilga olingan, oradan bir yil oʻtib, Sent-Morisda Xalqaro olimpiya qoʻmitasining 42-sessiyasida esa rasman tasdiqlangan.

1894-yil iyun oyida Parijda 12 mamlakat vakillari ishtirokida jismoniy tarbiya muammolariga bagʻishlangan xalqaro kongress boʻlib oʻtadi. Aynan 23-iyun kuni baron Pyer de Kuberten delegatlarni Olimpiya oʻyinlarini zamonaviy tarzda tashkil qilish boʻyicha ishlab chiqilgan reja bilan tanishtiradi. Unga koʻra, Olimpiya oʻyinlarini qayta tiklash, har toʻrt yilda oʻtkazish va musobaqalarga barcha xalqlarni taklif qilish gʻoyasi ilgari suriladi. Kongress tomonidan uning taklifini qabul qilingan. Shu sababli “Olimpiya kuni” 23-iyun sanasida keng nishonlash anʼanaga aylangan.

Koronavirus pandemiyasi tufayli dunyoda koʻplab tadbirlar, loyihalar qoldirildi. Yana koʻplab tadbir, anjuman, bayramlar onlayn tarzda oʻtkaziladigan boʻldi. Xabaringiz bor, 2020-yilga belgilangan Olimpiya va Paralimpiya oʻyinlari 1 yilga kechiktirildi. Olimpiya kuni esa koʻtarinki ruhda onlayn tarzda oʻtkazilmoqda.

Respublikamizda ushbu tadbir bu yil ham Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi hamda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi bilan hamkorlikda oʻzgacha shukuhda onlayn tarzda oʻtkazilishi koʻzda tutilgan. “Olimpiya kuni” tadbiridan koʻzlangan asosiy maqsad – aholi orasida sogʻlom turmush tarzini keng targʻib etish, kattayu, kichik qalbida jismoniy tarbiya va sportga boʻlgan mehrni yana-da yuksaltirishdan iboratdir.

Fursatdan foydalanib, ushbu bayram bilan Olimpiya harakatiga oʻz hissasini qoʻshayotganlar, jumladan, sport muxlislari, mutaxassis va sportchilarimizni chin qalbimdan qutlayman. Sizlarga sihat-salomatlik, shaxsiy hayotingizda va albatta, sport sohasida yangi yutuqlarga erishishingizni tilab qolaman. Yurtimiz bayrogʻi Olimpiya oʻyinlarida doimo yuqori oʻrinlarda hilpirab tursin!

Baxtiyor SAYFULLAYEV,
Oliy Majlis Senati
Yoshlar, madaniyat va

sport masalalari qoʻmitasi raisi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?