Yurtiga muhabbati bor odam davlat tilini hurmat qiladi

17:20 20 Oktyabr 2018 Jamiyat
953 0

Bugun Oʻzbekistonda islohot degan tushuncha hayotimizning, hech bir istisnosiz, barcha sohasidagi ulkan oʻzgarishlarning muntazam harakatlantiruvchi kuchiga aylanganligi bor haqiqat. Zotan, ushbu jarayonlar yurtimiz taraqqiyotning tamoman yangi bosqichiga kirganligidan dalolat berib turibdi. Albatta, bularning barchasi Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bilan qabul qilingan mamlakatni rivojlantirish boʻyicha Harakatlar strategiyasida ifodasini topgan keng qamrovli tadbirlarning samarasidir.

Mamlakatimizda maʼnaviy muhitni yuksaltirish, adabiyot, sanʼat va madaniyat sohalarini yanada ravnaq toptirish, milliy merosni asrab-avaylash va har tomonlama targʻib qilish, ijod ahlining mehnatini moddiy va maʼnaviy qoʻllab-quvvatlash borasida olib borilayotgan tadbirlar favqulodda muhim ishlar ekanligini mamnuniyat bilan taʼkidlamoq joiz. Shubhasiz, ularning mazmun-mohiyatida ona tilimizga, xalqimizning badiiy tafakkuriga, badiiy soʻz qudratiga adoqsiz ehtirom mujassam.

Iftixor bilan aytmoq lozimki, oʻzbek tili Yer yuzidagi eng koʻhna va boy tillardan, uning ibtidosi eramizning ilk asrlariga borib taqaladi. U qadimdan yozuv anʼanasiga sohib, oʻzbek adabiy tilining asoslari soʻz mulkining sultoni Alisher Navoiy qalamidan shamoyil va rasolik topgan. Oʻzbek tili oʻzbek xalqining siyratu suratini, tafakkur va taxayyul olamini, aql kengliklariyu qalb qatlarini, qaygʻuyu quvonchlarini, oʻtmishu bugunini boricha aks ettiradigan, eng muhimi, shu tilning oʻz vositasi hamda “oʻz qoʻli” bilan chizgilariga jo qilingan xolis qiyofasidir. Bu qiyofa xalqimizning koʻp asrlik lisoniy-tarixiy taraqqiyoti jarayonlarida, betakror madaniy va aqliy, adabiy-badiiy durdonalarida boʻy koʻrsatib turibdi. Dunyo adabiyotining atoqli namoyandasi Chingiz Aytmatov “Avezov haqida soʻz” nomli maqolasida “Til xalqning avtoportretidir”, degan behad teran obrazli gapni aytgan. Oʻzbek tili oʻzbek xalqining avtoportreti, benazir qiyofasining mukammal va raso tasviri sifatida parvarishu muhofazaga, eʼzozu ehtiyotga, koʻz qorachigʻidek asramoqqa, yanada kamolot sari eltmoqqa shoyon muhtasham boylikdir.

Sir emaski, oʻzbek tili oʻzining uzun va huzunli tarixida ne-ne talotoʻplarni, ogʻriqli zugʻumu tazyiqlarni, pisandsiz tahqiru taqiqlarni boshidan kechirmagan. Ne-ne siyosatlar, mafkuralar bu tilning qadrini kam, qaddini xam qilish qaygʻusida ming bir nayranglarni oʻylab topmagan. Ammo bu til Navoiy, Bobur, Ogahiy kabi bir qator ulugʻ soʻz sarkardalari, Abdulla Qodiriy, Choʻlpon, Fitrat singari millat fidoyilari, Oybek, oʻafur oʻulom, Abdulla Qahhor yangligʻ soʻz sinchilari qalamining qudrati bilan u toʻfonlardan samandardek salomat oʻtgan, nafaqat salomat oʻtgan, balki tuganmas mehru mahorat bilan sayqal topgan.

Yurtimiz istiqloli arafasida, 1989 yilning 21 oktyabrida “Oʻzbekiston Respublikasining davlat tili haqida”gi Qonunning qabul qilinishi bilan oʻzbek tiliga davlat tili maqomi berildi. Bu Qonundagi oʻsha davr taqozosiga koʻra, qoidalashtirilgan ayrim nodurust holatlarga uning 1995 yil 21 dekabrda qabul qilingan yangi tahririda barham berildi, Qonun istiqlol shartlari va talablariga uygʻunlashtirildi.

Bugun oʻzbek tili oʻzbek xalqining, Oʻzbekiston Respublikasining davlat tili, mustaqil davlatning muqaddas timsollaridan biri sifatida emin-erkin taraqqiyot yoʻliga tushib oldi, uning soʻz xazinasi boyib, vazifaviy uslublari sayqallashib bormoqda. Dangal aytish joizki, oʻtgan oʻttiz yilga yaqin davr mobaynida oʻzbek tilining barcha muloqot jarayonlarida hech bir cheklovsiz yashashi, oʻrganilishi, takomil topishi uchun qonunga muvofiq tegishli rasmiy tadbirlar koʻrilgan. Tabiiyki, muayyan bir tilga boʻlgan nopisandlik yoki xusumat shu til egasi boʻlgan millat vakiliga ogʻir botadi, uning oʻzligini ogʻrintiradi. Mamlakatimiz — koʻp millatli. Shu maʼnoda, turli millatlarning tillariga ham hurmat bilan qaralishi quvonarlidir.Davlatimiz rahbari alohida taʼkidlaganidek, “bagʻrikenglik va insonparvarlik madaniyatini rivojlantirish, millatlararo va konfessiyalararo hamjihatlikni, jamiyatda fuqarolar totuvligini mustahkamlash, barcha fuqarolarga millati va diniy eʼtiqodidan qatʼi nazar, teng huquq va imkoniyatlar yaratish, yosh avlodni vatanparvarlik, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat, Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalash Oʻzbekistonda davlat siyosatining muhim ustuvor yoʻnalishlaridan biri etib belgilangan.”

Yurtimizda hozirgi paytda oʻrta taʼlim yettita tilda olib borilmoqda, bir qancha tillarda ommaviy axborot vositalari faoliyati yoʻlga qoʻyilgan. Binobarin, oʻzbek tilining davlat tili maqomi boshqa millatga mansub fuqarolarimizga hech bir malollik keltirayotgani yoʻq, ular oʻzbek tiliga ehtirom bilan qarashmoqda.

Ammo, shuni ham taassuf bilan qayd etmoq zarurki, hali-hamon jamiyatimiz aʼzolarining kattagina qismida milliy sezgi, ona tilidagi nutqiy madaniyat koʻnikmalari yetarli darajada emasligi koʻzga tashlanib qoladi. Ehtimol, shu holat bilan bogʻliqdir, turli muassasa, idora rahbarlari, katta-kichik tashkilotlar mutasaddilari imzolayotgan xatlar, idoraviy yozishmalar hanuz davlat tilida emas, balki boshqa tilda yozilmoqda. Qanday asos yoki vaj keltirilmasin, bunday salbiy holatlar, qonunan davlat tili maqomidagi tilga nopisandlik yoki, umuman, qonunga xilof ekanligidan koʻz yumib boʻlmaydi. Toʻgʻri, muayyan zaruriyat yoki ehtiyoj bilan yozishma boshqa tilda olib borilishiga yoʻl qoʻyiladi, lekin ona tili aynan oʻzbek tili boʻlgan ikki rahbarning bir-biriga boshqa tilda “noma” bitishi istiqlolining yoshi chorak asrdan oshgan davlatda hech bir oʻlchamga sigʻmaydi. Har qanday kishining rahbarlik salohiyatini shakllantiradigan omillarning avvalida vatanparvarlik turadi. Vatanparvarlik tuygʻusini esa ona tili sevgisi, Vatanning davlat tiliga hurmat tushunchalaridan tamoman ayro holda tasavvur ham qilib boʻlmaydi.

Ayrim teleradio kanallari boshlovchilari nutqida soʻz sezgisi, til tiniqligi benihoya nochor, mazmun-mantiqning tamoman zarariga “chiroyli” soʻzga keraksiz “oshuftalik” tasvir va taʼsirni butunlay izdan chiqarib yuborishi koʻzga tashlanadi. Masalan, kasb qilmoq bilan kashf qilmoqning farqiga bormay, aytaylik, Qishloqlarimiz yangi qiyofa kasb etmoqda oʻrnida Qishloqlarimiz yangi qiyofa kashf etmoqda qabilidagi nodurust jumla tuzish yoki huda-behuda boshqa gapga qahat kelganday takror va takror bir soʻzni (misol uchun, ofarin, barakalla, juda yaxshi kabi) qalashtirib tashlayverish soʻzlovchining bilim va nutq malakasining rasoligidan dalolat bermaydi. Taassufki, noni soʻz boʻlgan kishilarning nutqidagi bu kabi noqisliklar jamiyatdagi nutq madaniyati saviyasiga soya solishi tabiiy.

Qoʻshiq tinglovchi qalbini ichdan ishgʻol eta bilmogʻi uchun, eng avvalo, uning matnidagi til raso boʻlmogʻi zarur. Eʼtibor qilinsa, bugun ayrim qoʻshiqlar tiliga aslo toqat qilib boʻlmaydi. Sanʼatkor oʻz qoʻshigʻidan soʻz sezgisi oʻtmasligi bois oʻzi huzur qilganday boʻlaveradi, lekin uning bu huzuri eshituvchiga yuqmaydi, til sezgisi tirik va tiyrak kishilarning ensasini qotiraveradi. Bir qoʻshiqchi “Asalim, qaymogʻim, onam, Sizni shunday erkalayman-da, Siz xirom aylaganda, Men yonib kuylayman-da” qabilidagi anchayin chala til bilan qoʻshiq kuylasa, til oʻzining dovdir holatga tushganidan ingranishi tabiiy. Onaga nisbatan qoʻllangan soʻzlarning bejo ekanligiga izoh ortiqcha.

Tilimiz onamizdek moʻtabar, muhtasham va muhtaram, uning muntazam kamolu iqboli uchun masʼuliyatni har soniyada his qilib turish har birimizning boʻynimizdagi burchdir. Vatanimizdagi jadal va koʻlamli islohotlarning bugungi bosqichida, maʼnaviyat va maʼrifatni yanada rivojlantirish davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishiga aylangan bugungi pallada qonun majburiyati bilan emas, balki milliy oʻzligimizning poydorligini taʼminlash zaruriyatini chuqur anglash ehtiyoji bilan ona tilimizga munosabatda boʻlish, uning yashashi va taraqqiyoti uchun imkon qadar barcha saʼy-harakatda boʻlishi zarur.
Nizomiddin MAHMUDOV,
Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi
Oʻzbek tili, adabiyoti va folklori instituti direktori,
filologiya fanlari doktori, professor.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?