Yurtdoshlarimiz umra ziyoratini qanday ado etishmoqda?

14:21 12 Iyun 2018 Jamiyat
912 0

So‘nggi yillarda yurtimizda haj va umra ziyoratlarini namunali tashkil etishga katta e’tibor qaratilyapti. Pirovardida hamyurtlarimizning mazkur amallarni sog‘-salomat bajarib kelishlari uchun barcha sharoitlar yaratilmoqda.

Xabaringiz bor, joriy yilning 31 may kunidan “Umra-2018” ziyoratining Ramazon mavsumi boshlandi. 17 iyungacha davom etadigan mo‘tabar safarda 1500 nafar hamyurtimiz o‘z farzlarini ado etishga muyassar bo‘ladilar. Ziyoratchilarga 8 nafar shifokor, 4 nafar oshpaz va 4 nafar ishchi guruhi a’zosi xizmat qilmoqda.

Xususan, “O‘zbekiston havo yo‘llari” MAKning “Toshkent-Jidda” yo‘nalishida Saudiya Arabistonining Jidda shahriga yetib borgan ziyoratchilar mamlakatimizning ushbu davlatdagi Bosh konsulxonasi mas’ullari tomonidan kutib olinib, Madina shahriga kuzatib qo‘yilmoqda. Hamyurtlarimiz u yerdagi “Masat ul-Bustan” mehmonxonasida oldindan tayyorlab qo‘yilgan xonalarga joylashtirilyapti. Xullas, ularga har tomonlama qulay transport va boshqa yo‘nalishlarda servis xizmatlari ko‘rsatilayotir.

Binobarin, o‘zbekistonlik ziyoratchilar muqaddas haj safarini bekamu ko‘st o‘tkazib berishlari uchun yaratib berilgan sharoitlardan juda mamnun. Ular mehmonxona yaqinidagi “Masjidun-Nabaviy”da besh vaqt namozlarini ado etar ekan, Alloh taolodan yurtimizga tinchlik, Prezidentimizga sog‘lik-salomatlik va xalqimizga farovonlik so‘rab duoi xayrlar qilmoqdalar.

Mehmonxonada saharlik va iftorlik tashkil etilgan bo‘lib, ularda yurtimizdan kelgan oshpazlar tomonidan taomlar tayyorlanyapti. O‘z navbatida o‘zbekistonliklar uchun Madina shahridagi Uhud tog‘i, Qiblatayn va Qubo masjidlari kabi tarixiy hamda muqaddas maskanlarga ziyorat tashkil etilgan.

Ma’lumki, ziyoratchilar Madinada uch kun davomida bo‘lib, to‘rtinchi kuni Makka shahriga kuzatib qo‘yiladi. Bu muqaddas zaminda ular “Abrojul Kisva” mehmonxonasiga joylashtirilyapti.

Jiddadagi Bosh konsulxona ma’lumotiga ko‘ra, hozirgi kungacha Saudiya Arabistoni tuprog‘iga diyorimizdan jami 1097 nafar ziyoratchi tashrif buyurgan bo‘lib, ulardan 673 nafari Madinada ibodatlarini davom ettirmoqda. Qolgan 424 nafari Makkaga yetib borib, umra ziyoratini ado etish baxtiga muyassar bo‘lishdi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?