Yurt yukini koʻtarayotganlar...

19:35 30 Avgust 2019 Jamiyat
51 0

Mustaqillik tengdoshlari – hayotga dadil qadamlar bilankirib kelayotgankuch! Ertangi kunni oʻzgartira oladigan salohiyatli rahbar! Tengdoshlarini ish bilan taʼminlayotgan, uzoqni koʻra oladigan tadbirkor! Qonunchilik minbarlaridan turib, katta islohotlarni amalga oshirayotgan islohotchi! Oʻzbekiston bilan ulgʻayayotgan kelajak! Ana shunday yoshlardan biri Mirsaid Haydarov. U Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamentikatta tergovchisi, kapitan. Hali yosh boʻlishiga qaramayyurt yukining bir uchini koʻtarib kelayotgan farzand.

- Mirsaid, suhbatimizni talabalikdan boshlasak, oliy oʻquv yurti Sizni qanday tarbiyaladi? Oltin davrda erishganlaringiz...

- Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi yigitlar taʼlim olishni orzu qiladigan dargoh. Bu ilm maskanida oʻrganganlarim hayotim davomida asqotib boryapti. Tartib-intizomga qatʼiy rioya etish, irodali, sabrli va qatʼiyatli boʻlish, nostandart vaziyatlarda toʻgʻri qaror qabul qila olish kabi fazilatlarni tinglovchilik davrlarim bilan bogʻlayman. Garchi nokamtarlik boʻlsa-da, aytib oʻtay, Akademiyada eng faol tinglovchilardan edim. Jinoyat huquqi va informatika fanlaridan oʻtkazilgan olimpiadalarda umumakademiya bosqichida gʻolib boʻlganim esimda. Ehhe, bu zavqqa toʻla kunlarni qaytarib boʻlganda edi...

- Juda masʼuliyatli kasb egasisiz. Oʻzingizni kasbiga munosib kadr deb hisoblaysizmi? Kasbingiz hayotingizda qanchalik muhim oʻringa ega?

- Ichki ishlar organi xodimi boʻlish men uchun ota kasb. Bilasizmi, ota kasbini davom ettirish hammaga ham nasib etavermaydi.Bu ham bir faxr. Otam Mirjabbor Haydarov 20 yildan ortiq davr mobaynida ichki ishlar organlarida xizmat qilgan. Hozir nafaqada.Yoshligimda ularning mardligi, choʻrtkesarligi, hatto qadam tashlashlarigacha taqlid qilib, tushlarimgacha kirib chiqardi. Shuning uchun otamga – dunyodagi eng mard odamga - oʻxshashni xohlaganman. Koʻrib turibsizki, maqsadimga erishdim.

- Mustaqillik tengdoshi sifatida erishgan muvaffaqiyatlaringiz haqida hikoya qilib bersangiz.

- Bilasizmi, mustaqilligimizning 28 yilligi arafasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi Akademiyasi qoshidagi Yoshlar muammolarini oʻrganish va istiqbolli kadrlarni tayyorlash institutini muvaffaqiyatli tamomladim.Garchi oʻqish qisqa vaqt davom etgan boʻlsa-da, yangi yoʻnalishdagi yangi bilimlarni oʻzlashtirdim. Davlat boshqaruvi, davlat iqtisodiyoti hamda psixologik boshqaruv sohasi bilan chuqurroq tanishdim va oʻzimda liderlik, boshqaruvchilik qobiliyatlarini shakllantirdim. Buni nafaqat mustaqillik tengdoshi sifatidagi, balki hayotimdagi eng katta yutuqlarimdan biri deb hisoblayman. Chunki ilm umrboqiy boʻladi, deyishadi-ku.

- Yoshlar oʻrtasida turli xil jinoyatlar sodir etilishining oldini olish maqsadida hozirda koʻplab tadbirlar, targʻibotlar, reydlar tashkil etilyapti. Lekin natija sezilarli darajada emas. Mutaxassis sifatida buning sababi nimada deb oʻylaysiz?  

- Bu fikringizga toʻliq qoʻshila olmayman. Sababi, bugungi kunda yoshlar tomonidan sodir etilayotgan jinoyatlarning sezilarli darajada kamayishiga erishildi. Biroq biz bu bilan chegaralanmasligimiz, barcha turdagi, ayniqsa, yoshlar jinoyatchiligini jilovlashimiz, oldini olishimiz zarur. Mening fikrimcha, mazkur jinoyatlarning sodir etilishiga aksariyat yoshlarning davlatimiz tomonidan yaratib berilayotgan keng imkoniyatlardan unumli foydalanmay, boʻsh vaqtlarini qoʻshimcha taʼlim olishga, foydali mehnatga emas, aksincha bekorchi ishlarga sarflayotganligi, aksariyat ota-onalarning farzandi tarbiyasi ustidan nazoratni susaytirib yuborganligi, ularga kam vaqt ajratib, taqdiriga befarq boʻlayotganligi, qolaversa, taʼlim muassasalari bilan ota-onalar oʻrtasidagi hamkorlik yetarli darajada yoʻlga qoʻyilmaganligi kabi omillar sabab boʻlmoqda.

- Ish va oilani muvozanatda ushlab turish siz uchun qanchalikoson?

- Albatta, oilaning boshi boʻlish katta masʼuliyat talab etadi. Chunki oila ahilligi va farzand tarbiyasi oilaboshiga bogʻliq. Shu sababli ham turmush oʻrtogʻim va farzandimga imkon qadar koʻproq vaqt ajratishga, ular bilan hamsuhbat boʻlishga harakat qilaman. Farzand tarbiyasiga kelsak, qizim bilan doʻstona munosabatdaman. Uni dunyoni eng toza ranglarda koʻrishini xohlayman. Xullas, mendan qattiqqoʻl ota obrazini yaratish anchagina mushkul.

Ish va oilani bir muvozanatda saqlash, albatta, qiyin. Buning uchun anchagina tajriba ham kerak, nazarimda. Ota-onamning ibratli hayoti esa men uchun oʻrnak. Otamning oila boshqaruvidagi “siyosati”ni oʻzlashtirgan oʻgʻil sifatida oʻsha qoidalarga suyanib ish koʻraman. Turmush oʻrtogʻim ham ichki ishlar organlarida xizmat qilgani sababli xizmat faoliyatidagi tartib-intizom hamda oldimizga qoʻyilgan vazifalarni toʻgʻri tushungan holda oilada menga koʻmakdosh boʻlishga harakat qiladi.

- Mirsaid, mazmunli suhbatingiz uchun rahmat!

Goʻzal OXUNOVA suhbatlashdi


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?