Yuridik adabiyotlar nega yetishmaydi?

17:10 21 Sentyabr 2018 Jamiyat
1054 0

Amaldagi qonun hujjatlarining tahlili shuni koʻrsatmoqdaki, hozirgi kunga qadar yuridik adabiyot tushunchasi normativ jihatdan huquqiy tartibga solinmagan. “Huquqiy axborotni tarqatish va undan foydalanishni taʼminlash toʻgʻrisida”gi Qonunda huquqiy axborot tushunchasiga tegishli taʼrif berilgan boʻlsa-da, huquqiy axborot tushunchasi yuridik adabiyot tushunchasini qamrab olmaydi.

Yuridik adabiyotlarni nashr etishga qoʻyiladigan davlat talablari ham normativ-huquqiy jihatdan tartibga solinmagan. Qanday shaxslar tomonidan yuridik adabiyotlar tayyorlanishi mumkin, qaysi xorijiy davlatlarning yuridik adabiyotlaridan foydalanishga yoʻl qoʻyilishi va qancha oʻquv auditoriyasini qamrab olinishi kabi masalalar bugungi kunda huquqiy jihatdan ochiq qolmoqda.

2017/2018 oʻquv yili uchun tasdiqlangan oʻquv rejalarida nazarda tutilgan yuridik fanlarning umumiy soni jami 153 tani tashkil etadi. Shundan faqat 128 ta fan yuridik adabiyotlar (darslik, oʻquv qoʻllanmalari) bilan taʼminlangan.

Masalan, Toshkent davlat yuridik universiteti magistratura mutaxassisliklari boʻyicha yuridik adabiyotlar bilan taʼminlanganlik darajasi oʻta past darajada qolmoqda. Xususan, davlat huquqi va boshqaruvi, soliq va bojxona mutaxassisligi, shartnoma huquqi mutaxassisligi, korporativ huquq, tabiiy resurslar huquqi, jinoyat qonunchiligini nazariya va amaliyotda qoʻllash mutaxassisliklari boʻyicha darslik hamda oʻquv qoʻllanmalari mavjud emas. Bugungi kunda yuridik taʼlimda foydalanib kelinayotgan yurisprudensiya yoʻnalishiga oid adabiyotlarning aksariyati afsuski, 2000-2014 yillarda yaratilgan.

Mavzu dolzarb. Shu bois mavjud muammo yechimiga oid masalalar Toshkent davlat yuridik universitetida Oliy Majlis Senatining Qonunchilik va sud-huquq masalalari qoʻmitasi tomonidan oʻrganildi.

Oʻzbekistondagi oʻrta maxsus, kasb-hunar, shuningdek oliy yuridik taʼlim muassasalarida huquqiy fanlar boʻyicha dars berayotgan pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish, ular uchun zamonaviy talab va standartlarga javob beradigan oʻquv adabiyotlari, oʻkuv-metodik materiallar yaratishga alohida eʼtibor qaratish lozimligi taʼkidlandi. Bu jarayonda Toshkent davlat yuridik universiteti yetakchi va tashabbuskor boʻlishi xususida soʻz bordi. Aholi, ayniqsa, yoshlar orasida yuridik savodxonlikni oshirish, ijtimoiy soʻrovlar orqali nashriyotlar tomonidan chiqariladigan aholining huquqiy bilimlarini kengaytirishga doir yuridik adabiyotlarning umumiy buyurtma tizimini shakllantirish borasida aniq rejalar ishlab chiqilishi taʼkidlandi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?