Yurakda iftixor uygʻotgan bayram

16:07 14 Yanvar 2019 Jamiyat
411 0

Foto: "Xalq so'zi"

Fargʻona viloyatida bayram tantanalari “Harbiy vatanparvarlik oyligi”ga hamohang tarzda 180 nafar harbiy xizmatchilarga yangi xonadon kalitlari topshirilishidan boshlandi. 13 yanvar yakshanba kunida esa Fargʻona tumanidagi harbiy amaliyotlar oʻtash maydonida harbiy qurol aslahalar va zamonaviy texnikalar 20 mingdan ziyod fargʻonalik yoshlar va keng xalq vakillariga namoyish etildi. Motamsaro ona haykali poyiga gullar qoʻyish marosimidan soʻng Sharqiy harbiy okrug maʼnaviyat va maʼrifat markazida 14 yanvar – Vatan himoyachilari kuniga bagʻishlangan bayram tadbiri boʻlib oʻtdi

Unda senator va deputatlar, Sharqiy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondonligi va unga qarashli harbiy qismlar, viloyat ichki ishlar idoralari, prokuratura organlari, davlat xavfsizlik xizmati, viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasi, boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar, korxona, tashkilot, boʻlim va boshqarmalar rahbarlari, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Harbiy orkestr sadolari ostida Davlatimiz bayrogʻi olib kirildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Davlat Madhiyasi yangradi.

Tadbirning ochilish marosimida taʼkidlandiki, davlatimizning mudofaa qudratini yanada yuksaltirish, ­milliy xavfsizlikni va davlat chegaralari daxlsizligini taʼminlash ­ishiga qoʻshayotgan katta hissasi, milliy manfaatlarimizni himoya qilish hamda tinchlik, ­barqarorlik va jamoat tartibini taʼminlash borasidagi xizmat burchini bajarish chogʻida ­mardlik, jasorat va fidoyilik koʻrsatgani uchun Vatanimizning yuksak orden va medallari bilan mukofotlanganlar safida fargʻonaliklarning ham borligi yanada quvonarlidir.

Tantanali tadbirda ularga davlat mukofotlari – orden va medallarni Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirining birinchi oʻrinbosari Pavel Ergashev tantanali ravishda topshirdi.

— Bu galgi bayram men uchun unutilmas boʻlib qoladi. Faoliyatim muhtaram Prezidentimiz, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qoʻmondoni Shavkat Mirziyoyev tomonidan yuksak davlat mukofotiga loyiq topilgani zimmamdagi masʼuliyatni yanada oshirdi, — deydi, “Jasorat” medali sohibi Anvar Sattorov. — 19 yillik faoliyatim davomida biz harbiylarga yaratilayotgan shart-sharoitlarga guvoh boʻlib turibman. Bu unvonni barcha hamkasblarimga, havo desantchilari brigadasida xizmat olib borayotgan safdoshlarimga bildirilgan ishonch deb bilaman.

Tadbirda Mudofaa vazirligining buyrugʻi bilan bir guruh soha vakillariga harbiy unvonlar, koʻkrak nishonlari topshirildi. Vazirlik miqyosida oʻtkazilgan turli koʻrik-tanlov gʻoliblari taqdirlandi.

Tadbirda sanʼat ustalari, turli ansambllar, taniqli xonandalar tomonidan harbiy-vatanparvarlik ruhidagi qoʻshiqlar yangradi. Diltortar taronalar barchani raqsga chorladi.

Qutlugʻ bayram Fargʻona shahridagi “Fayz” tantanalar majmuasida tashkil etilgan toʻkin dasturxon atrofida yakuniga yetdi.

Elyorjon EHSONOV, “Xalq soʻzi” muxbiri.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?