“Yuragimda urush izi bor”

14:13 09 May 2020 Jamiyat
430 0

Foto: Hasan Paydo / “Xalq soʻzi”

1941—1945-yillarda Toshkent viloyatidan jami 121.969 nafar kishi frontga ketdi. Ularning 22.617 nafari janglarda halok boʻldi. 19.367 nafar mard oʻgʻlonlar bedarak yoʻqoldi. Bular — uyidagi soʻnggi siqim gʻallasini frontga bergan bolajon oʻzbek ayollarining oq yuvib oq taragan farzandi, iboli kelinlarning suyukli begi, qoʻli bir umr oʻrogʻu ketmon tutib, dalada oʻtgan chapani oʻzbekning beliga quvvat boʻluvchi alp qomatli oʻgʻillari — nasl davomchilari edi.

Urushning ayovsiz qiyinchiliklariga qaramasdan, front ortida bir tanu bir jon boʻlib mehnat qilgan viloyat dehqonlari, bogʻbonu, choʻponlari yetishtirgan million-million tonnalab goʻsht, gʻalla, paxta, quritilgan mevalar, sabzavot va poliz mahsulotlari, issiq kiyim-kechaklar, qoʻnjli etiklar peshma-pesh frontga joʻnatildi. Xonadonlari erkaksiz huvullab qolgan qishloqlardagi paxta va gʻalla maydonlarida oʻzbek ayollari Vatanga sadoqat va matonat bilan mehnat qildilar. Tunlari bugʻdoy oʻrib, kunduzi paxta dalalarida ketmon chopishdi.

Bugun Toshkent tumanidagi “Keles” mahallasida istiqomat qiluvchi Zuhriddin ota Islomov ham ana shunday ogʻir kunlarning birida, ortida ota-onasi va mehribon yaqinlarini qoldirib, 19 yoshida urushga otlandi. U 1-Ukraina frontidagi havo desanti qoʻshinlarining oʻzbek diviziyasi safida jangga kirdi. U kabi minglab oʻzbek bahodirlari Ukraina, Belorussiya, Moskva, Stalingrad, Kavkaz, Qrim, Kursk, Dnepr, Markaziy va Janubiy-sharqiy Yevropa tuproqlarini nemis-fashist bosqinchilaridan tozalashda chinakam jasorat koʻrsatishdi.
 

—Ukraina tuprogʻidagi ayovsiz janglarning birida oyogʻimdan ogʻir yaralandim,-deya xotirlaydi 98 yoshli Zuhriddin ota. — Hammayoq chang toʻzon, qora tutun ichida qolgandi. Yoningdagi safdoshingni senga qayrilishga ham imkoni yoʻq. Chorasiz ahvolda edim. Oyogʻim tamoman osilib qolgandi. Bir amallab snaryad tushib oʻyib yuborgan chuqurlikka emaklab yetib oldim. Jarohatimdan tinimsiz qon oqardi. Yonimni paypasladim hech vaqo yoʻq. Kiyim xaltamdan ovqat yeydigan qoshigʻimni topoldim xalos. Ustimdagi kuylagimni yirtib, oyogʻimga bogʻlab, uni mahkamroq siqish uchun qoshiq bilan buray boshladim. Bir amallab qonni toʻxtatdim. Keyin hushimni yoʻqotdim. Shu joyda bir kecha-kunduz qolib ketdim. Keyingi kuni sanitarlar qidirib topishdi. Gospitalda davolanib, yana jangga qaytdim. 1944-yili koʻkragimdan yaralandim. Oʻsha jarohat tufayli koʻkrak qafasimda oʻq parchasi (oskolka) qolib ketdi U bugungacha qalbimda yashamoqda. Yuragimda urush izi bor! Har zamonda qattiq ogʻriq beradi.

Bugungi tinch-xotirjam hayotimiz Allohning bizga bergan katta neʼmati. Yurtimiz obod, bolalarimiz shodu xurram voyaga yetishmoqda. Dasturxonlarimizning toʻkinligini aytmaysizmi. Muhtojlik, yupunlik nima ekanligini biz koʻrdik. Urush qiyinchiliklarini boshimizdan oʻtkazdik. Unday kunlar boshqa kelmasin!

Xalqimizning farovon yashashi, mamlakatimiz obodligi yoʻlida ertayu kech tinimsiz mehnat qilayotgan muhtaram Prezidentimiz haqqiga doimo duodamiz! Turmushimizdagi keyingi uch yillik oʻzgarishlarni qarang. Aholi xonadonlari elektr taʼminoti, gaz, ichimlik suvi bilan muttasil taʼminlandi. Tumanimiz mahallalari, koʻchalari yildan yilga obod boʻlayotir. Ayniqsa, bizdek ikkinchi jahon urushi faxriylariga hukumatimiz tomonidan koʻrsatilayotgan hurmatu eʼtibordan doimo baxtiyormiz. Bir boʻz yigitning el uchun xizmati bundan ortiq boʻlmas. U kishining tashabbuslari bilan moddiy taʼminotimiz uchun ajratilayotgan mablagʻlar biz nuroniylarni cheksiz quvontirmoqda. Yurtboshimizning millattimiz taraqqiyoti, mamlakatimiz yuksalishi, yoshlarimizning ilm-maʼrifatli boʻlib ulgʻayishi yoʻlidagi gʻayrati va himmatidan kuch olyapmiz. Buyuk allomalarimizning maʼnaviy merosiga koʻrsatayotgan hurmatu eʼzozi koʻnglimizga ajib bir xotirjamlik bagʻishlaydi!

Bugun Toshkent viloyatida Zuhriddin otadek urush olovlari ichidan sogʻ-omon qaytgan, hayoti yoshlarga ibrat maktabi boʻluvchi 86 nafar faxriylar farzandu nabiralari ardogʻida, rohat-farogʻatda, xotirjamlikda, shukronalikda istiqomat qilishmoqda. Xizmat taqozosi bilan ularning koʻpchiligini ziyorat qildik. Mashʼum kunlar haqidagi ibratli xotiralari, sermazmun suhbatlarini tingladik. Har bir xonadondan chiqqanimizda nuroniylarimizning ezgu duolari bizga hamroh boʻldi. 
 


Har safar, biz uchun gʻanimat va iftixor boʻlgan chehrasi nurli, donish nuroniylar bilan xayrlasharkanmiz, ular yuzidagi mamnunlik, qalbidagi xotirjamlikni koʻrib, akademik shoirimiz Gʻafur Gʻulomning quyidagi satrlari quyilib kelaverdi:

Yigitlar xalqlarning maqtovi-koʻrki,

Naslning javhari, davlat tayanchi,

Yurtning obodligi, toʻylar sababi,
Elning gurkirashi, fayzi quvonchi…

Yigit omon boʻlsa, xavfu xatar yoʻq,
Qalqon bor: qalʼa but, qoʻrgʻon salomat,
Qizlar kulgusida avju daromad,
Chollar uyqusida jannat, farogʻat.

Shodiyor MUTAHAROV,
Hasan PAYDOYEV(suratlar),

"Xalq soʻzi".

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?