Yuqumli boʻlmagan kasalliklarning profilaktikasini, sogʻlom turmush tarzini qoʻllab-quvvatlash va aholining jismoniy faolligi darajasini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

01:01 19 Dekabr 2018 Hujjatlar
607 0

Illyustrativ foto

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Mamlakatimizda yuqumli boʻlmagan kasalliklar hamda ularning xavf omillarining oldini olish, davolash va nazorat qilish, aholining barvaqt oʻlim hamda kasallanishini kamaytirish boʻyicha izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Shu bilan birga, aholi salomatligini muhofaza qilish borasida profilaktika chora-tadbirlarini samarali muvofiqlashtirish tizimi mavjud emasligi fuqarolarning jismoniy faolligi darajasini qoʻllab-quvvatlash va sogʻlom turmush tarzini yuritishda kelishilgan choralar koʻrish imkonini bermayapti.

Aholining tibbiy va sanitar-gigiyenik madaniyati darajasining pastligicha qolayotganligi natijasida asosiy eʼtibor profilaktikaga emas, kasalliklar bilan kurashishga qaratilmoqda.

Yuqumli boʻlmagan kasalliklar profilaktikasi, aholining sogʻlom turmush tarzini shakllantirish va jismoniy faolligini oshirishni tashkil qilish va boshqarish mexanizmlarini takomillashtirish maqsadida hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 7 dekabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash tizimini tubdan takomillashtirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF–5590-son Farmoniga muvofiq:

1. Quyidagilar:

2019-2022 yillarda yuqumli boʻlmagan kasalliklar profilaktikasi, aholining sogʻlom turmush tarzini qoʻllab-quvvatlash va jismoniy faolligi darajasini oshirish Konsepsiyasi (keyingi oʻrinlarda – Konsepsiya) 1-ilovaga muvofiq;

2019-2022 yillarda yuqumli boʻlmagan kasalliklar profilaktikasi, aholining sogʻlom turmush tarzini qoʻllab-quvvatlash va jismoniy faolligi darajasini oshirish chora-tadbirlari Dasturi (keyingi oʻrinlarda – chora-tadbirlar Dasturi) 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

2. Quyidagilar davlat organlari va tashkilotlari rahbarlarining faoliyati samaradorligini baholashning asosiy mezonlaridan biri etib belgilansin – xodimlar jamoasining sogʻlom turmush tarzini qoʻllab-quvvatlash, ularning jismoniy faolligi darajasini oshirish maqsadida barcha zarur sharoitlarni yaratish, ushbu vazifalarga erishishga qaratilgan chora-tadbirlarni muntazam ravishda tashkil qilib borish.

3. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi, Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Innovatsion rivojlanish vazirligi va Innovatsion sogʻliqni saqlash milliy palatasining:

Toshkent tibbiyot akademiyasi huzuridagi Respublika diyetologiya oʻquv-ilmiy markazi negizida davlat muassasasi shaklida Aholining sogʻlom turmush tarzini qoʻllab-quvvatlash va jismoniy faolligini oshirish markazini (keyingi oʻrinlarda – Markaz);

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi, viloyatlar sogʻliqni saqlash boshqarmalari va Toshkent shahar sogʻliqni saqlash bosh boshqarmasi huzurida yuridik shaxsni tashkil etmagan holda Markazning hududiy boʻlimlarini;

tuman (shahar) tibbiyot birlashmalari huzuridagi “Salomatlik” markazlari negizida yuridik shaxsni tashkil etmagan holda Markazning tuman va shahar boʻlinmalarini tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifi qabul qilinsin.

4. Quyidagilar Markaz faoliyatining asosiy yoʻnalishlarietib belgilansin:

sogʻlom turmush tarzini shakllantirish, yuqumli boʻlmagan kasalliklar va ularning xavf omillariga qarshi kurashish hamda oldini olish boʻyicha maqsadli dasturlarni ishlab chiqish va joriy etish;

sogʻlom turmush tarzini targʻib qilish, zararli odatlarga qarshi kurashish, aholining tibbiy madaniyatini rivojlantirish, jismoniy tarbiya-sogʻlomlashtirish va ommaviy sport harakatini tibbiyot profilaktikasi bilan integratsiyalashtirish boʻyicha ommaviy tadbirlarni oʻtkazish;

sogʻlom turmush tarzini shakllantirish, yuqumli boʻlmagan kasalliklarning oldini olish va ularga qarshi kurashish masalalari boʻyicha xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik qilish;

aholi salomatligi holatini monitoring qilishning yagona tizimini yaratish, zamonaviy axborot va innovatsion texnologiyalarini joriy etish bilan birga umrni uzaytirish va salomatlikni mustahkamlashga oid aniq chora-tadbirlar ishlab chiqish va tavsiyalarni tatbiq etishda koʻmaklashish;

umumeʼtirof etilgan xalqaro uslublar asosida doimiy populyatsiya tekshiruvlari va yuqumli boʻlmagan kasalliklarning xavf omillari boʻyicha soʻrovlar oʻtkazish;

notoʻgʻri ovqatlanish bilan bogʻliq kasalliklarning oldini olish va tarqalishi darajasini kamaytirish, keng koʻlamda tushuntirish ishlarini tashkil qilish va aholining sogʻlom turmush tarzi garovi sifatida toʻgʻri ovqatlanish targʻibotini kuchaytirish;

sifatning zamonaviy xalqaro standartlariga muvofiq oziq-ovqat mahsulotlarining asosiy turlarini mamlakatimizda ishlab chiqarishni kengaytirishga qaratilgan ilmiy-amaliy tadqiqotlar oʻtkazish;

taʼlim muassasalari bilan birgalikda yuqumli boʻlmagan kasalliklarning oldini olish va aholining sogʻlom turmush tarzini shakllantirish masalalari yuzasidan kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash, malakasini oshirish va uzluksiz kasbiy rivojlanishi boʻyicha tadbirlarni tashkil qilish va ularda ishtirok etish.

5. Belgilansinki:

Markaz Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining tashkiliy tuzilmasiga kiradi va unga hisobot beradi;

Markaz, uning hududiy boʻlimlari va tuman (shahar) boʻlinmalari (keyingi oʻrinlarda – hududiy boʻlinmalar) Toshkent tibbiyot akademiyasi huzuridagi Respublika diyetologiya oʻquv-ilmiy markazi va tuman (shahar) tibbiyot birlashmalari huzuridagi “Salomatlik” markazlarining umumiy shtat birliklari va ish haqi fondi doirasida tashkil etiladi;

Markaz va uning hududiy boʻlinmalari Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablagʻlari, xalqaro moliya tashkilotlari va institutlarining grantlari va kreditlari, yuridik va jismoniy shaxslarning homiylik mablagʻlari, shuningdek, qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi;

tuman (shahar) tibbiyot birlashmalari huzuridagi “Salomatlik” markazlari shtat birliklarini maqbullashtirish hisobidan boʻshagan mablagʻlar Markaz va uning hududiy boʻlinmalarining xodimlarini moddiy ragʻbatlantirishga yoʻnaltiriladi hamda har yili Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjetini shakllantirishda ushbu maqsadlar nazarda tutiladi;

Markaz aholining sogʻlom turmush tarzini qoʻllab-quvvatlash va jismoniy faolligi darajasini oshirish sohasida Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Innovatsion rivojlanish vazirligi, Innovatsion sogʻliqni saqlash milliy palatasi, boshqa davlat boshqaruvi organlari, jamoat va boshqa tashkilotlar bilan hamkorlik qiladi;

Markaz unga yuklatilgan vazifalar doirasida vazirliklar, idoralar va boshqa davlat tashkilotlaridan zarur statistik va tahliliy maʼlumotlarni soʻrash va bepul olish huquqiga ega;

Markazni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bilan kelishilgan holda Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vaziri tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod etiladigan direktor boshqaradi;

Markaz direktori mehnatga haq toʻlash sharoitlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining bosh boshqarma boshligʻiga tenglashtiriladi.

6. Markaz va uning hududiy boʻlinmalari xodimlarining cheklangan umumiy soni 838 nafar etib belgilansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi bir oy muddatda Markaz va uning hududiy boʻlinmalari nizomlari va tuzilmalarini tasdiqlasin, bunda Markaz direktoriga, zarur boʻlganda, tasdiqlangan tuzilmalarga xodimlarning cheklangan umumiy soni va ish haqi fondi doirasida oʻzgartirishlar kiritish huquqi berilsin.

7. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi 2019 yilning 1 dekabriga qadar keng doirada oʻtkaziladigan jamoatchilik muhokamalari natijasida alkogol va tamaki mahsulotlar isteʼmolini cheklash boʻyicha, shuningdek, quyidagilarni oʻz ichiga oluvchi qoʻshimcha chora-tadbirlarni qabul qilsin.

Alkogol mahsuloti idishining yorligʻida hamda tamaki mahsulotining qutisida (oʻrovida) tibbiy ogohlantirishlarni joylashtirish uchun asosiy maydon oʻlchamini kengaytirish;

tamaki mahsuloti qutisida (oʻrovida) matnli yozuv va rasm tarzidagi tibbiy ogohlantirishlarni joylashtirish;

alkogol va tamaki mahsulotlari savdosi qoidalariga rioya etilishi ustidan nazorat olib boruvchi organlarni hamda shunday nazoratni olib borishning mexanizmlarini aniqlashtirish;

jamoat joylari va transportning belgilanmagan joylarida alkogol va tamaki mahsulotlar isteʼmoli uchun javobgarlikni kuchaytirish;

jamoat joylarda va transportning belgilanmagan joylarida alkogol va tamaki mahsulotlari isteʼmolini cheklash maqsadida vakolatli shaxslar tomonidan (korxona, tashkilot, muassasalarning maʼmuriyatlari, shu jumladan, jamoat joylarida joylashgan inshoot, bino (imorat), boshqa obyektlar hamda transport vositalarining egalari) choralar koʻrilmagani uchun javobgarlikni belgilash.

8. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda:

a) respublikaning barcha birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari amaliyotiga:

Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining arterial gipertoniya, qandli diabet, bronxial astma va oʻpkaning surunkali obstruktiv kasalligi va boshqa yuqumli boʻlmagan kasalliklar boʻyicha klinik protokollar, standartlar hamda tavsiyalar talablarini;

qoʻllab-quvvatlovchi kuratorlik tizimi orqali tibbiy xizmatlarning uzluksiz baholash va sifatini oshirish mexanizmlarini;

har bir bemor uchun yuqumli boʻlmagan kasalliklar va xavf omillari boʻyicha salomatlik profillarini yaratishni nazarda tutgan dasturiy taʼminotini tatbiq etsin;

b) oziq-ovqat mahsulotlarni tarkibida yogʻlar, tuz va qand miqdori yuqori boʻlgan mahsulotlar toifasiga kiritish mezonlari va tartibini ishlab chiqsin va tasdiqlasin;

v) tarkibida yogʻlar, tuz va qand miqdori yuqori boʻlgan oziq-ovqat mahsulotlarini olib kirish, ishlab chiqarish (tayyorlash), sotish va isteʼmolini cheklash boʻyicha takliflar kiritsin.

9. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining 2019/2020 oʻquv yilidan boshlab, Toshkent tibbiyot akademiyasi magistraturasining yangi “Nutritsiologiya” yoʻnalishini ochish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.

10. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq davlat organlari va tashkilotlarida:

ish kuni davomida ishlab chiqarish gimnastikasi mashqlari;

haftasiga kamida bir marotaba xodimlarning jismoniy tarbiya-ommaviy tadbirlarda (yugurish, suzish, futbol, voleybol, basketbol, tennis va boshqalarda) ishtirok etishini nazarda tutadigan “Salomatlik kuni”;

muntazam ravishda xodimlar orasida ommaviylashgan sport turlari boʻyicha sport musobaqalari va boshqa jismoniy tarbiya-ommaviy tadbirlar oʻtkazib borilishi amaliyotga joriy etilsin.

11. Davlat organlari va tashkilotlari texnologiya, ishlab chiqarish va ish sharoitlaridan kelib chiqib, xodimlariga ishlab chiqarish gimnastikasi mashqlarini bajarishi uchun ish vaqtiga kiritiladigan maxsus tanaffuslarni belgilasin.

12. Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi:

a) manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda:

ishlab chiqarish gimnastikasining namunaviy mashqlar kompleksini;

transportda qatnash jihatidan qulayligi va masofani inobatga olgan holda korxonalar, tashkilotlar va muassasalar xodimlariga shugʻullanish uchun tavsiya etiladigan sport inshootlari roʻyxatini ishlab chiqsin va tasdiqlasin;

b) Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda 2019 yilning 1 apreliga qadar tuman (shaharlar) boʻyicha zonalarga boʻlib hamda ish faoliyatining tavsiflari, mashgʻulotlarning narxi, ish vaqti va boshqa maʼlumotlarni keltirib oʻtgan holda, sport inshootlarining yagona bazasini yaratsin hamda Internet tarmogʻiga joylashtirilishini taʼminlasin.

13. Belgilansinki, davlat organlari va tashkilotlari xodimlari jamoasiga sogʻlom turmush tarzini qoʻllab-quvvatlash va jismoniy faolligi darajasini oshirish uchun barcha zarur sharoitlar yaratish, shu jumladan, sport obyektlariga shugʻullanish (qurish, jihozlash) boʻyicha tadbirlarni moliyalashtirish tegishli davlat organlari va tashkilotlarning byudjetdan tashqari mablagʻlari va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.

14. Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi hamda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining aholining keng qatlamlari orasida quyidagilarni oʻz ichiga olgan “Alpomish” va “Barchinoy”maxsus testlarini oʻtkazish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.

aholining umumiy jismoniy tayyorgarligi darajasiga sport normativlarini va davlat talablarini belgilash;

aholining turli yoshdagi guruhlari oʻrtasida sport musobaqalarini oʻtkazish;

yuqori koʻrsatkichlarga erishgan fuqarolarni “Alpomish” va “Barchinoy” I, II va III darajali koʻkrak nishonlari bilan taqdirlashni joriy etish.

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda “Alpomish” va “Barchinoy” maxsus testlarni oʻtkazishni tashkil qilish toʻgʻrisida hukumat qarorini qabul qilsin.

15. Quyidagilar:

Markazning davlat organlari va tashkilotlari bilan samarali hamkorligini taʼminlash, shu jumladan, yuqumli boʻlmagan kasalliklarning oldini olish, aholining sogʻlom turmush tarzini qoʻllab-quvvatlash va jismoniy faolligi darajasini oshirish boʻyicha sifatli chora-tadbirlarni amalga oshirish yuzasidan taʼsirchan nazorat oʻrnatish – Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.A.Abduhakimov;

Markaz va uning hududiy boʻlinmalari faoliyatini talab darajasida tashkil etish, jamiyat sogʻligʻini saqlashni taʼminlash, aholini sogʻlom turmush tarziga daʼvat qilish boʻyicha choralar koʻrish, fuqarolarda oʻzining va atrofdagilarning salomatligi uchun masʼullik hissini shakllantirish – Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vaziri A.K.Shodmonov;

aholi, ayniqsa, yoshlar orasida jismoniy tarbiya va sport bilan shugʻullanishni ommalashtirish boʻyicha tadbirlarni tashkillashtirish hamda aholining keng qatlamlari uchun sport inshootlari va inventaridan foydalanish imkoniyatini taʼminlash – Oʻzbekiston Respublikasi jismoniy tarbiya va sport vaziri D.X.Nabiyev;

taʼlim muassasalari oʻquv dasturlariga oʻquvchilarni sogʻlom turmush tarzini olib borish va jismoniy faolligi darajasini oshirishni taʼminlash tadbirlarini kiritish, taʼlim muassasalari hududida oʻquvchilarning salomatligiga ziyon yetkazadigan oziq-ovqat mahsulotlari sotilishiga yoʻl qoʻymaslik – Oʻzbekiston Respublikasining maktabgacha taʼlim vaziri A.V.Shin, xalq taʼlimi vaziri Sh.X.Shermatov, oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri I.U.Majidov;

Konsepsiya va chora-tadbirlar Dasturida belgilangan tadbirlarni sifatli, oʻz vaqtida va toʻliq bajarish boʻyicha shaxsiy javobgarlik – davlat organlari va tashkilotlarning rahbarlari zimmasiga yuklansin.

16. Markaz Toshkent shahri, Olmazor tumani, Farobiy koʻchasi, 2-uy manzili boʻyicha joylashtirilsin.

17. Sogʻliqni saqlash vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

18. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. N. Aripov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z. Sh. Nizomiddinov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi A. A. Abduvaxitov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining birinchi oʻrinbosari B. M. Mavlonov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti  Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent shahri, 2018 yil 18 dekabr


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?