YUNVTOning mintaqaviy 66-yigʻilishini Samarqandda oʻtkazish rejalashtirilmoqda

16:09 03 Iyun 2020 Welcome to uzbekistan
194 0

Yaqinda Oʻzbekiston tashabbusi bilan BMTning Butunjahon sayyohlik tashkiloti (YUNVTO) shafeligida “Tiklanish yoʻli” nomli xalqaro onlayn-konferensiya oʻtkazildi. Bu haqda “Dunyo” AA xabar berdi.

Unda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari-Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi raisi Aziz Abduhakimov, YUNVTO bosh kotibi Zurab Pololikashvili, ushbu tashkilotda roʻyxatdan oʻtgan Markaziy Osiyo mamlakatlari va Ozarbayjon, Armaniston, Gruziya, Rossiya, Belarus hamda Moldova turizm maʼmuriyatlari rahbarlari ishtirok etdi.

Oʻzbekiston delegatsiyasi rahbari yigʻilish qatnashchilariga Oʻzbekistonda turizm sohasining zamonaviy rivojlanishi, mamlakatimiz rahbariyati tomonidan turizm sanoatining oʻsishini ragʻbatlantirish boʻyicha koʻrilayotgan chora-tadbirlar, shu jumladan davlatimiz rahbarining joriy yil 28-maydagi «Koronavirus pandemiyasining salbiy taʼsirini kamaytirish uchun  turizm sohasini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha shoshilinch chora-tadbirlar toʻgʻrisida»gi qarori haqida maʼlumot berdi. Ushbu hujjatga muvofiq milliy turistik xizmatlarni yetkazib beruvchilarga katta imtiyozlar berilishi taʼkidlandi

Oʻzbekistonda turizm sohasini qayta tiklash jarayonida YUNVTO, Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining talab va takliflari, xalqaro ekspertlar fikrlari hamda xorijiy davlatlarning tajribasi inobatga olinayotgani taʼkidlandi.

Ishtirokchilarga Oʻzbekiston MDHda birinchi boʻlib ichki turizmga ruxsat bergani aytib oʻtildi. Sayyohlarning xavfsizligini taʼminlash maqsadida yangi “Oʻzbekiston xavfsiz turizmni kafolatlaydi” (Uzbekistan safe travel guaranteed) tizimi va maxsus xavfsiz turizm sugʻurta fondi tashkil etildi. Bularning barchasi Oʻzbekistonda sayyohlarning xavfsiz va qulay boʻlishi uchun ishlab chiqilgan.

Onlayn-konferensiya ishtirokchilari oʻz mamlakatlarida turizmni qoʻllab-quvvatlash va COVID-19ning ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlarini yumshatish boʻyicha tajriba boʻyicha koʻrilayotgan chora-tadbirlar toʻgʻrisida maʼlumot berdi, turizm industriyasini tiklash boʻyicha samarali strategiyalarni ishlab chiqish boʻyicha eng yaxshi tajribalari bilan oʻrtoqlashdi.

YUNVTO bosh kotibi Zurab Pololikashvili oʻz nutqida Oʻzbekiston Respublikasi ushbu tashkilotning faol aʼzosi ekanligini va mamlakat doimo aholini himoya qilish vositasi sifatida barqaror turizmga sodiqligini namoyish etishini, shuningdek turizm sohasini rivojlantirish uchun yangi biznes modellarini qabul qilayotganini eʼtirof etdi.

Bosh kotib konferensiya ishtirokchilariga YUNVTOning Yevropa mintaqaviy komissiyasining 65-yigʻilishi onlayn tarzda boʻlib oʻtishini va tashkilotning navbatdagi 66-yigʻilishi 2021-yil iyun oyida Samarqandda oʻtkazilishi rejalashtirilganligini maʼlum qildi.

Unga koʻra, bugungi kunda YUNVTO pandemiyaga qarshi kurashdan kelajakka faol tayyorgarlik koʻrish uchun harakat qilmoqda. Shu maqsadda tashkilotga aʼzo davlatlar uchun bir nechta tamoyillar ishlab chiqilgan. Ular orasida davlatning moliyaviy yordamiga muhtoj boʻlgan turistik subyektlarga koʻmak berish, virusdan xoli boʻlgandan keyin turistik sharoitlarni yengillashtirish, isteʼmolchilarni himoya qilish orqali xavfsiz turizmni taʼminlashga qaratilgan qoʻshma protokollardan foydalanish kiradi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?