Yunusobod metro liniyasida dastlabki burgʻilash ishlari yakunlandi

10:59 21 May 2019 Jamiyat
333 0

Toshkent metropolitenining Yunusobod yoʻnalishida yopiq usulda qurilayotgan yangi stansiyalar oraligʻidagi tunnelning birinchi yoʻnalishida uzunligi qariyb 1,5 kilometrlik burgʻilash ishlari yakunlandi. Bu haqda “Oʻzbekiston temir yoʻllari” axborot-tahliliy media markazi xabar qilmoqda.

Germaniyadan keltirilgan Herrenknecht rusumli tunnel burgʻilash texnikasi yordamida 938 komplekt temir-beton halqalar oʻrnatilib, Yunusobod liniyasining “Shahriston” bekati bilan ulanish uchun tayyorlangan maxsus qismiga yetib keldi.

Ayni paytda poytaxtning Yunusobod yoʻnalishida 2-bosqich qurilishi davom etmoqda. Yangi yoʻlning umumiy uzunligi 2,93 kilometrni tashkil etadi. Bugungi kunda metroning tunnel qurilish-montaj ishlari ochiq va yopiq usulda olib borilmoqda. Mazkur yer osti qurilish ishlarida “Koʻprikqurilish tresti” unitar korxonasining 67-Koʻprikqurilish otryadi jamoasi tomonidan amalga oshirilmoqda. Bugungi kunda ushbu obyektga 180dan ortiq malakali muhandis va mutaxassislar 40ga yaqin zamonaviy maxsus texnika va mexanizmlarda ish olib borishmoqda. Tunnelning ochiq usuldagi qurilishlari deyarli yakuniga yetkazildi.

Loyiha 2019 yil oxirigacha toʻla nihoyasiga yetkazilishi koʻzda tutilgan. Ushbu bunyodkorlik ishlari nihoyasiga yetkazilgach, Yunusobod metro yoʻnalishiga yana ikkita bekat qoʻshiladi. Bular “Yunusobod” va “Turkiston” bekatlari boʻlib, har ikkisi ham sharqona meʼmorchilik anʼanalari asosida barpo etilmoqda.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?