YUNESKO tadqiqotchisi Oʻzbekistonning taʼlim sohasi haqida fikr bildirdi

10:29 25 Iyun 2019 Jamiyat
227 0

Qirgʻizistonda Germaniyaning DVV International tashkiloti tomonidan tashkil etilgan “Central Asian Adult education Forum 2019” xalqaro forumi boʻlib oʻtmoqda. OʻzA muxbiri YUNESKOning Xalqaro anglashuv taʼlimoti boʻyicha Seuldagi Osiyo va Tinch okeani hududiy markazini olti yil davomida boshqargan, ayni paytda taʼlim boʻyicha xalqaro mutaxassis-konsultanti janob Chong Utak bilan suhbatlashdi.

– Oʻzbekistonda taʼlim sohasi boʻyicha uch vazirlik faoliyat olib boradi, – dedi janob Chong Utak. – Maktabgacha taʼlim, Xalq taʼlimi va Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirliklari. Bu, albatta, Oʻzbekistonning oʻziga xos yoʻli. Men uni toʻgʻri yoki notoʻgʻri, deyish fikridan uzoqman, ammo men bir qancha davlatlar taʼlim sohasini oʻrgangan va tadqiqot olib borgan taʼlim sohasi boʻyicha mutaxassis sifatida mazkur vazirliklar koʻp mamlakatlarda yagona vazirlik sifatida birlashtirilganini koʻrganman. Ularda maktabgacha, maktab, kasb-hunar va oliy taʼlim boʻyicha departamentlar tashkil etilgan. Xususan, Janubiy Koreyada ham yagona Taʼlim vazirligi mavjud boʻlib, uning viloyatlar boʻyicha vazir oʻrinbosarlari ovoz berish yoʻli bilan saylanadi. YUNESKO maʼlumotiga koʻra, Oʻzbekistonda bogʻcha, maktab va oliy taʼlimda tahsil oluvchi aholi 7 milliondan ziyod. Koreyada taʼlim oluvchi aholi soni bundan koʻproq boʻlishiga qaramasdan ularni yagona Taʼlim vazirligi boshqarib keladi. Yagona tizim orqali esa katta natijalarga erishish mumkin.

Shuningdek, ayrim davlatlarda taʼlim sohasiga masʼul vazir Bosh vazir oʻrinbosari mavqeiga tenglashtirilgan. Sababi taʼlim tizimida boshqa vazirliklarning ham ishtiroki va hissasi muhim. Masalan, sogʻliq boʻyicha sogʻliqni saqlash, sport boʻyicha sport vazirliklarining ham javobgarligi katta. Taʼlim vazirining Bosh vazir oʻrinbosariga tenglashtirilishi ushbu vazirliklar oʻrtasida munosabat va nazoratning shakllanishida yordam beradi. Xususan, Koreyada ham taʼlim tizimi shu tarzda tashkillashtirilgan va uning amaliyotdagi samarasi ham qoniqarli. Taʼlim tizimi jahondagi yetakchilardan hisoblangan Janubiy Koreyaning taʼlim tizimi aynan shunday tashkil etilgan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?