YUNESKO rahbari Oʻzbekistonga ilk tashrifini amalga oshiradi va “Sharq taronalari” ochilishida ishtirok etadi

15:30 19 Avgust 2019 Jamiyat
172 0

YUNESKO Bosh direktori Odri Azule Oʻzbekistonga ilk tashrifini amalga oshiradi. Safar chogʻida u 26-avgust kuni Samarqandda madaniy merosni muhofaza qilish boʻyicha konferensiyada ishtirok etadi va Oʻzbekiston Prezidenti bilan birgalikda “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivalini ochib beradi.

27-avgust kuni Buxoroga boradi.

Boʻlajak konferensiyada koʻplab mamlakatlarning madaniyat va turizm vazirlari ishtirok etishi kutilyapti.

Odri Azule oʻz chiqishida turizmning jadal rivojlanishi, urbanizatsiya va ekologiyaning yomonlashuvi sharoitida madaniy merosni saqlab qolish muhimligiga urgʻu beradi.

Oʻzbekiston rahbari bilan muzokaralarda oʻzaro hamkorlik va mamlakatning

boy madaniy merosini qayta tiklash boʻyicha salohiyatini mustahkamlash masalalari muhokama qilinadi.

Maʼlumot uchun, YUNESKO Umumjahon merosi roʻyxatidagi 962 ta obyektning 9 tasi Oʻzbekistonda joylashgan. Xivadagi Ichan-qalʼa, Samarqand, Buxoro va Shahrisabzdagi tarixiy markazlar, Gʻarbiy Tyan-Shan shular jumlasidandir.

“Hozirgi kunda YUNESKO mintaqadagi muhim sherigi boʻlgan Oʻzbekiston bilan, ayniqsa, taʼlim tizimini isloh qilish, soʻz erkinligi va jurnalistlar xavfsizligi, suv resurslarini boshqarish va madaniy merosni saqlash bilan bogʻliq masalalarda hamkorlikni kuchaytirmoqda”, - deyiladi xabarda.

2018-yil oktyabr oyida Shavkat Mirziyoyev Parijda Odri Azule bilan uchrashuvi chogʻida Oʻzbekiston bilan YUNESKO oʻrtasidagi 2018-2021-yillarga moʻljallangan qoʻshma Harakatlar rejasi qabul qilingan edi. Bu hujjat munosabatlarni yangi bosqichga koʻtarish, tomonlar oldida turgan vazifalarni birgalikda innovatsiyalar orqali hal etish va barcha yoʻnalishlarda oʻzaro hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan.

Eslatib oʻtamiz, YUNESKO koʻmagida Samarqand shahrida har ikki yilda bir marta “Sharq taronalari” xalqaro festivali oʻtkazib kelinmoqda. Markaziy Osiyodagi eng yirik festivallardan biri hisoblangan ushbu tadbir eng yaxshi milliy musiqa sanʼati yutuqlarini namoyish etish, milliy urf-odatlarni asrab-avaylash, mamlakatlar oʻrtasidagi madaniy va maʼnaviy hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgani bilan juda ahamiyatlidir.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?