YUNESKO direktori: Tarixga sayohatni boshlash uchun Samarqand nomini eshitish kifoya

12:37 27 Avgust 2019 Jamiyat
132 0

Foto: Hasan Paydoyev / "Xalq so'zi"

Samarqandda anʼanaviy “Sharq taronalari” festivalining ochilish marosimida soʻzga chiqqan YUNESKO bosh direktori Odri Azule Samarqand va uning tarixda tutgan oʻrni haqida nutq soʻzladi, deb yozadi Sputnik.

YUNESKO direktori, shuningdek, Registon maydonining ulugʻvor mahobatini alohida qayd etdi, qadim zamonda bu yer Amir Temur saltanati poytaxti boʻlganini, odamlar bu yerga ilm izlab kelganini, savdo-sotiq bilan shugʻullanganini hamda musiqa sadolaridan lazzatlanganini aytib oʻtdi.

“Har jihatdan olib qaraganda, biz bugun jahon tarixining eng buyuk markazlaridan biri boʻlgan Samarqand shahrida boʻlib turibmiz. Bu zamin orqali insoniyatning eng buyuk moddiy va intellektual boyliklari oʻtgan. Barcha millat, madaniyat va dinlar bu yerda oʻzi uchun qulay makon topgan. Vaqt aro sayohatni boshlash uchun Samarqand nomini eshitishning oʻzi kifoya. Negaki u bashariyat oʻtmishidan soʻzlaydi”, - dedi Odri Azule.

Shundan soʻng u Oʻzbekiston YUNESKO bilan yaqindan hamkorlik qilish niyatida ekani, YUNESKO ushbu hamkorlikni ragʻbatlantirish niyatida ekanini qayd etdi.

“Madaniyatlar bir biridan uzilgan holda taraqqiy etmaydi. Ular oʻzaro muloqot natijasida oʻsadi, rivojlanadi. Bugun Samarqandda oʻtayotgan festival dasturi ushbu fikrning yaqqol tasdigʻidir. Bugun meʼrosni dunyodagi universal til boʻlmish musiqa tilida nishonlash uchun bu kecha sizning davrangiz boʻlib turganimdan benihoya mamnunman”, - dedi Odri Azule.

Shundan soʻng Azule xonim festivalga tashrif buyurgan musiqachilarga minnatdorlik bildirdi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?