YUNESKO Abu Ali ibn Sino “Tib qonunlari”ning ming yilligini nishonlaydi

10:38 23 Sentyabr 2019 Madaniyat
228 0

Buxoroda boʻlib oʻtgan X Xalqaro Ibn Sino oʻqishlari anʼanaviy anjumani qatnashchisi, Turon Akademiyasi akademigi, tibbiyot fanlari nomzodi Abdukarim Usmonxoʻjayev buyuk bobokalonimiz ijodiy merosi haqida toʻxtalar ekan, eʼtiborga molik bir dalilni alohida qayd etdi.

- Abu Ali ibn Sino 12 ta fanni mukammal bilgan, - deydi olim.- Bu fanlarni u falsafiy mushohada darajasiga koʻtargan. Ularning mantiqan tabiat qonunlariga mosligini isbotlab bergan. Yaqinda YUNESKO Ibn Sino qalamiga mansub “Tib qonunlari” asarining ming yilligini nishonlash toʻgʻrisida qaror qabul qildi. Unda qayd etilishicha, “Tib qonunlari”sogʻlom va nosogʻlom tananing holatiga dunyoda birinchi boʻlib ilmiy yondashilgan kitobdir.Bu asar ming yilligining nishonlanishi ilmiy texnologiya tugʻilishining ramzi sanaladi. Zero, ulugʻ ajdodimizning merosi xuddi ummonga oʻxshaydi. Uni oʻqib – oʻrgangan sayin adogʻiga yetib boʻlmaydi.Buni butun jahon eʼtirof etmoqda.

Bu gaplarda zarracha mubolagʻa yoʻq.Gʻarbda Avitsenna nomi bilan mashhur Ibn Sino qomusiy bilim sohibi boʻlib, turli fanlarga oid 450 dan ziyod asar yozgan.Ularning 160 tasi bizgacha yetib kelgan.Lekin shu asarlarning oʻziyoq “Shayx ul rais” yaʼni “Donishmandlar sardori”, “Sharaf ul mulk” yaʼni “Mamlakatning sharafi” deya eʼzozlangan mutafakkirning benihoya katta bilim egasi, qomusiy olim ekanligidan dalolat beradi.Dunyoning bir qator shaharlarida Ibn Sinoga haykal qoʻyilgani, asarlari qayta – qayta nashr etilishi bejiz emas.Mashhur shved botanigi Karl Linney tropik daraxtni ulugʻ mutafakkir sharafiga “Avitsenna” deb nomlagan. Eʼtiborlisi, bu daraxt hamisha yam – yashil turadi.Buyuk ajdodimizning ilmiy merosi ham xuddi shu daraxtni eslatadi. Hech qachon zavol koʻrmaydi.

Xalqaro anjuman ishtirokchisi boʻlgan oʻnga yaqin davlatning olim va tadqiqotchilari ana shu boy meros va uning hozirgi zamondagi ahamiyati xususida qiziqarli maʼruzalar qildilar, mahorat saboqlari oʻtdilar. Xususan, Xalqaro Ibn Sino fondi rahbari Mixael Sach (Isroil), Hindistondagi Ibn Sino akademiyasi raisi, professor Raxman Zillur, germaniyalik AminaAtxer, bangladeshlik Jannat Orakatul, shuningdek, respublikamiz turli oliy oʻquv yurtlaridan kelgan professor – oʻqituvchilarning chiqishlari alloma ilmiy merosining oʻrganilmagan qirralarini ochib bergani bilan ahamiyatli boʻldi.

Istam IBROHIMOV, (“Xalq soʻzi”).


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?