Yumor ostiga yashiringan achchiq haqiqat

16:15 19 Avgust 2020 Jamiyat
644 0

Nega yapon yuz yil yasharu,

Oʻzbek buncha yoshga bormaydi.

Chunki yapon bizdek qorongʻu

Sahar turib oshga bormaydi...

Shoir Erkin Vohidovning bu satrlarida naqadar achchiq haqiqat yumor ostiga yashirilgan. Bugun vujudga kelayotgan yangidan yangi kasalliklarning ham aksariyati inson oʻz salomatligiga oʻzi befarqligidan, toʻgʻri ovqatlanish qoidalariga, tozalikka rioya qilmaslikdan, kamharakatlilikdan, qolaversa, badantarbiya bilan shugʻullanmaslikdan paydo boʻlyapti, desak yanglishmaymiz. Prezidentmizning xalq bilan muloqotlarda Ibn Sino hikmatlarini, “Tib qonunlari”ni oʻqishga daʼvat etishlari ham bejiz emas. Barvaqt uygʻongan kuningizni bir eslang, kun mobaynida qanchalar tetik va bardam yurasiz. Sahar turib, ish kuningizni badantarbiya bilan boshlasangiz nafaqat taningiz, balki ruhiyatingiz ham tetiklashadi. Ammo...

Ammo ish, oʻqish, turmush tashvishlari sabab ertaroq turishga erinamiz. Garchi nahorgi osh, toʻyu bazmlar, maʼrakalarga vaqt va kuch topsak-da. Bugun karantin davrida koʻp vaqtimiz uyda oʻtmoqda. Tabiiyki, bunda kamharakatlilik yuzaga keladi va oʻz-oʻzidan turli kasalliklar xavfi ortib boradi. Bunday paytda salomatligimizni asrash uchun nimalar qilishimiz kerak? Mavzu yuzasidan yigʻilgan rang-barang fikrlarni eʼtiboringizga havola etamiz.

Insonning hayot tarzi bir xil boʻlmasligi kerak.

— Odam boshqa mavjudotlarga qaraganda ijtimoiy mavjudot boʻlganligi uchun jamoa oldida burch, masʼuliyat degan hislarga koʻproq eʼtibor qaratadi, ijtimoiy ahamiyatga ega boʻlgan narsani puxta bajarishga harakat qiladi, — deydi Boboyor Toʻrayev, psixolog. – Yaʼni koʻpchilikning salomatligi, farogʻati, omma oldida ado etiladigan tadbirlar uchun ham vaqt topadi, ham kuch topadi. Oʻziga nisbatan jamoaning manfaatini birinchi oʻringa qoʻyadi. Koʻpchilikning nazari, koʻpchilikning bahosi bilan koʻproq hisoblashadi. Odatda buning zamirida qoʻrquv, hadik yotadi, juda ham qadimiy qoʻrquv. Odamlar oldida xijolatli yoki aybdor boʻlib qolmaslik uchun tongda boʻladigan marosimlarga, hatto majlislarga ham kechikmay boramiz. Ayniqsa, Sharq xalqlarida jamoa oldidagi burch tushunchalari ancha yuqori oʻrinda turadi.

Kaykovusning «Qobusnoma» asarida inson uchun bir kunda uhlash meʼyori toʻrt soat qilib belgilangan. Ammo bugungi zamon olimlari normal uyqu sifatida 8 soatni qayd etadi. Umuman olganda, uyquga toʻygan miya yaxshi ishlaydi. Ayni paytdagi karantin sharoiti koʻpchiligimizni uyquchi, lanj va tez-tez nimadir tanovul qilishga moyil qilib qoʻyayotgani sir emas. Uzluksiz uzoq vaqt davom etgan bir xil ish-harakat inson salomatligi va ruhiyatiga qattiq taʼsir oʻtkazadi. Bunday sharoitda inson oʻziga oʻzi “shifokor”, oʻziga oʻzi “psixolog” boʻlishi kerak. Bugungi zamonaviy psixolog olimlarning hisob-kitobiga koʻra, badantarbiya refleks boʻlib qolishi uchun uzluksiz 66-marta mashq qilganidan soʻng odatga aylanadi. Demak, uy sharoitida sahar turib, toza havoda jismoniy mashqlar bajarishni odat qilish, koʻproq hoʻl meva va sabzavotlar yeyish, suyuqlik ichish foydalidir. Birinchi, ikkinchi urinishda inson koʻngildagidek badantarbiya qila olmas, ammo keyingi safarlarida oʻzida chiniqish hosil qiladi.

— Bir soʻz bilan aytganda, inson hayot tarzini oʻzgartirsa, ruhiyat gigiyenasiga rioya qilsa, yaʼni xayolidagi xavotirlardan xalos boʻlsa, uyqu gigiyenasi (uhlashdan oldin ovqat yemaslikka, xonani shamollatib olish)ga amal qilsa u ertalab tiniqib uygʻonadi, — deydi psixolog. — Va erta uygʻongach asta-sekin jismoniy mashqlarni shartli refleksga aylantiradi.

Badan tarbiyasi — ruh tarbiyasi

Ibn Sinoning “Tib qonunlari” kitobi bugungi kunda nafaqat yurtimizda, balki jahon tibbiyot sohasida ham keng foydalanilishi sir emas. Ushbu asarda badantarbiya qilgan kishiga dard yaqin kelmaydi, deya taʼkidlangan. Buning isboti sifatida sogʻligingda yugurmasang, kasal payting chopa-chop qilasan, deydi dono xalqimiz. Aslida tan chiniqishi ruh chiniqishidir. Muqaddas kitoblarda, ulugʻ ajdodlar hikmatlarida ham bu toʻgʻrida olam-olam fikrlar yozib qoldirilgan.

— Bugun koronavirusni yuqtirib olganlar soni 36 mingdan oshdi, – deydi tibbiyot fanlari doktori, professor Dildora Nabiyeva. – Aslida har qanday dardni yengish vaksinadan ham koʻproq sizu bizga, oʻzimizga bogʻliq. Davlatimiz rahbari ushbu pandemiyaga qarshi kurashishni “oʻziga xos jang maydoni”ga qiyoslagani bejiz emas. Bu maydonda hamma barobar kurashishi kerak. Uyda qolish va karantin qoidalariga amal qilish eng oddiy, ayni paytda eng kerakli va zarur yordam hisoblanadi.

Bilamizki, islom dini inson salomatligiga, erta turishga, jismoniy harakatga katta ahamiyat qaratgan din hisoblanadi. Koʻplab diniy kitoblarda ham, xususan, Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlarining “Moʻminning meʼroji” kitobida quyidagicha fikr keltiriladi: “Namozda bajariladigan harakatlar yengil, oson boʻlgani uchun yurakka zoʻr kelmaydi (toliqtirmaydi) va kunning maʼlum bir vaqtlarida bajarilgani uchun insonni doimo tetik tutadi. Miya hujayralarining qon bilan yaxshi toʻyinishi tufayli namoz oʻqiydigan odamlarda xotira sustligi va skleroz kamroq uchraydi. Bunday kishilarning turmush tarzi sogʻlom boʻladi”.

Qarang, barvaqt turishda qancha hikmat bor! Yuqorida sheʼrda, yumor ostiga olingan achchiq haqiqat ham aynan oʻz sogʻligʻimizga oʻzimizning qanchalar befarqligimizni anglatadi, desak yanglishmaymiz. Shunday ekan, ertadanoq barvaqt turib, badantarbiya qilishni odat qiling. Zero, harakatda barakat deydilar. Shunday emasmi?

Yulduz OʻRMONOVA,
“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?