“Yuksalish” umumilliy harakati Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy propiskaga qoʻyish tartibi yuzasidan qanday chora-tadbirlarni taklif etdi?

14:58 11 Iyun 2019 Jamiyat
162 0

Yaqinda “Yuksalish” umumilliy harakati Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy propiskaga qoʻyish tartibi yuzasidan “Yuksalish” umummilliy harakati propiska mavzusida munosabat bildirdi.

Taʼkidlanishicha, shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlar hamda OAVda Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy propiskaga qoʻyish tartibi faol muhokama qilinib, keng jamoatchilikning turli fikr-mulohazalariga sabab boʻlmoqda.

Jumladan, Oʻzbekistonda propiska boʻyicha oʻrnatilgan ushbu tartib fuqarolarning shaxsiy va mulkiy huquqlaridan toʻla-toʻkis foydalanishiga, urbanizatsiya jarayonlari, ijtimoiy rivojlanish, xususan istiqbolli yoshlar, malakali kadrlarning xorijda ishlash uchun mamlakatni tark etayotganliklari haqida koʻplab fikrlar bildirilganligi qayd etilgan...

2018-yilda Harakatlar strategiyasini “Faol tadbirkorlik va innovatsion texnologiyalarni qoʻllab quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturining 56-bandida Fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlari kafolatlarini taʼminlash maqsadida doimiy va vaqtincha roʻyxatga qoʻyish (hisobga olish) tartibini soddalashtirish belgilangan edi.

Mazkur band ijrosi yuzasidan bir qator ishlar qilindi, lekin shunga qaramay, Davlat dasturida Toshkent shahri va viloyatida doimiy propiskaga ega boʻlmagan fuqarolar uchun asossiz spekulyatsiyaning oldini olish choralarini koʻrgan holda ikkilamchi bozordan koʻchmas mulk sotib olishga boʻlgan cheklovlarni bekor qilish tartibi nazarda tutilgan boʻlsa-da, ushbu masala toʻlaqonli amalga oshirilmagan. Bu esa fuqarolar tomonidan eʼtirozlarning yanada koʻpayishiga sabab boʻlmoqda.

“Yuksalish” umummilliy harakati fuqarolarning ayni shu masala — Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy propiska boʻyicha amaldagi tartib yuzasidan fikrlarini ham oʻrgandi. Xususan, Telegramdagi “Jamoatchilik fikri” sahifasida 3—11-iyun kunlari davomida jamoatchilik fikri soʻrovi oʻtkazildi. Unda 17,7 mingdan ziyod fuqaro ishtirok etib, respondentlarning asosiy qismi — 49 foizi ushbu tartib fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlariga mutlaqo zid ekanligini taʼkidladi.

Koʻrinib turibdiki, prezident tomonidan tasdiqlangan Davlat dasturiga kiritilgan ushbu bandning amalga oshirilishi bugungi kunda dolzarb ekanligini jamoatchilik fikri natijalari ham tasdiqlamoqda.

Fikrimizcha, belgilangan chora-tadbirlarning oʻz vaqtida va toʻlaqonli amalga oshirilganida, bugungi kunga kelib fuqarolarning noroziligi va muhokamalariga sabab boʻlmas edi. Aksincha, fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlariga amal qilinishi Oʻzbekistonning xalqaro maydondagi imijini yanada oshishiga, urbanizatsiya jarayonlariga, ijtimoiy rivojlanish, xususan, istiqbolli kadrlarning xorijga chiqib ketishining oldi olinishiga xizmat qilgan boʻlar edi.

“Yuksalish” umummilliy harakati ushbu masala yuzasidan qoʻyidagi chora-tadbirlarni amalga oshirishni maqsadga muvofiq, deb hisoblaydi:

  • Toshkent shahri va viloyatida doimiy propiska qilish tartibini turar joyi boʻyicha hisobga olish tizimi bilan almashtirish. Bunda hisobga olishni Davlat xizmatlari markazlari va Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali soddalashtirilgan tartibda amalga oshirish;
  • Toshkent shahri va viloyatida doimiy propiskaga ega boʻlmagan fuqarolarning koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarini eʼtirof etishni nafaqat birlamchi bozor, balki ikkilamchi bozorda, shuningdek umrbod oʻzgaga berilganda yoki hadya qilinganda ham berish tartibini joriy qilish.

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?