“Yuksalish”: mamlakatda qoʻshfuqarolikning joriy etilishi davlatlar oʻrtasida “yoʻq joydan” keskinlik va munosabatlarning yomonlashishiga ham olib keladi”

18:26 27 May 2019 Jamiyat
346 0

Kuni kecha Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi tomonidan “Ikki fuqarolik maqomi yoxud dunyo tajribasiga asoslangan yana bir taklif” maqola eʼlon qilindi. Undagi fikrlarga asosan ancha yillar xorijda mehnat qilib, pensiya oluvchi vatandoshlarning pensiya mablagʻlari hisobidan yurtimizga ehtimoliy kiritishi mumkin boʻlgan investitsiyalar haqida soʻz yuritilgan. Mazkur taklif ijtimoiy tarmoqlarda qizgʻin muhokamaga sabab boʻldi.

Bu borada “Yuksalish” umummilliy harakati oʻz munosabatini quyidagicha bildiradi:

“Bugungi global davrda insonning erkin harakatlanishi, faoliyat yuritishi tabiiy holat sifatida qabul qilinmoqda. Butun dunyoda malakali mutaxassislarga boʻlgan ehtiyoj kundan kunga ortib borayotganligi esa ularning harakat maydoni chegaralarini yanada kengaytirmoqda. Bunday hollarda, tabiiyki, odamlar oʻzi uchun eng optimal yoʻlni – yaʼni, iqtisodiy va ijtimoiy jihatdan yaxshiroq variantni tanlaydilar. Shunday boʻlsada, ularning aksariyati tugʻilib oʻsgan vatanini butunlay tashlab ketishni istamaydilar.

Bunday vaziyatlarda, dunyo amaliyoti shuni koʻrsatadiki, “ikki fuqarolik” tizimi qaysidir maʼnoda yechim boʻlishi mumkin. Lekin, bu qanchalik toʻgʻri yoʻl va barcha rivojlangan mamlakatlar ham shu amaliyotni joriy etganmi?

“Yuksalish” umummilliy harakati ekspertlarining fikricha, ushbu masala yuzasidan taklif berishdan avval masalani har tomonlama muhokama qilish, qoʻshfuqarolik joriy etilgan davlatlarning salbiy va ijobiy tajribasi, bu aslida kim uchun foyda va kim uchun noqulaylik, qanday oqibatlar yuzaga kelishi mumkinligini tahlil qilish lozim.

Tushunchaning mazmuni. Avvalo, “qoʻshfuqarolik” va “ikkinchi fuqarolik” tushunchalariga oydinlik kiritish lozim. Qoʻshfuqarolik — bu ikki davlat oʻrtasida fuqarolarning bir vaqtning oʻzida ikkinchi davlat fuqarosi boʻlishi mumkinligi haqidagi rasmiy kelishuvga ega boʻlganda amalga oshiriladi. Misol uchun, Rossiya Federatsiyasi va Tojikiston Respublikasi, Ispaniya va Argentina, Argentina va Italiya kabi davlatlar oʻrtasida ana shunday kelishuvlar imzolangan. Ushbu davlatlarni geografik, tarixiy yoki til omili kabi jihatlar birlashtirib turadi.

Germaniya, Yaponiya, Janubiy Koreya, Norvegiya, Qozogʻiston, Belorus, Estoniya, Polsha va boshqa koʻplab davlatlarda (ruxsat berilmaydi), shu jumladan, Oʻzbekistonda ham qoʻshfuqarolik tan olinmaydi.

Ikkinchi fuqarolik tizimi esa — ikki davlat oʻrtasida bunday kelishuv boʻlmaganda yoki yanada aniqroq aytganda — fuqaroning ikkinchi davlat tomonidan berilgan fuqaroligini tan olmagan holda, shu bilan birga boshqa davlat fuqaroligini olishga qarshilik koʻrsatmaydigan holat hisoblanadi.

Bunday tartibni AQSH, Fransiya, Shvetsiya, Avstraliya kabi davlatlarda uchratish mumkin. Jumladan, AQSHda shaxs ikki fuqarolik boʻyicha tekshirilmaydi. Lekin, agarda AQSH fuqarosi ikkinchi yoki qoʻshfuqarolikni istasa, unda AQSH fuqaroligidan voz kechishi va oʻsha davlatga butunlay koʻchib oʻtishga majbur boʻladi.

Maʼlumot uchun, bugungi kunda dunyoda oʻz fuqaroligidan voz kechmagan holda qoʻshfuqarolik yoki ikkinchi fuqarolikka ruxsat bergan davlatlar soni 83tani tashkil etadi.

Majburiyatlar. Qoʻshfuqarolik tizimida fuqaro ikki davlatdan birida oʻz majburiyatlaridan ozod qilinadi. Jumladan, fuqaro ayni paytda istiqomat qilayotgan davlatda harbiy xizmatni oʻtashi (agar shaxs bir davlatda harbiy xizmatni oʻtagan boʻlsa, qayta chaqirilmaydi), belgilangan barcha soliqlarni toʻlashi va hokazo.

Shuningdek, fuqaroning taʼlim olish, ijtimoiy taʼminot, tibbiy yordam kabi huquqlari ayni paytda istiqomat qilayotgan davlatga nisbatan amalga oshiriladi. Agar fuqaro ikkinchi davlatga koʻchib oʻtsa, barcha qulaylik va imtiyozlar saqlanib qoladi.

Ikkinchi fuqarolik tizimida esa fuqaro bir vaqtning oʻzida har ikkala davlatda oʻz fuqarolik majburiyatlarini bajarishi lozim boʻladi.

Shu oʻrinda, oʻrinli savol tugʻiladi. Qoʻshfuqarolik tizimini yurtimizda joriy etish bugungi kunda qanchalik dolzarb va Oʻzbekiston uchun nima beradi?

Qoʻshfuqarolikka ega shaxsning oʻzi, oilasi, biznesi toʻlaqonli himoyada boʻladi. Oʻzi uchun eng qulay sharoitni (yashash, taʼlim olish, ijtimoiy taʼminot va tibbiy xizmat, oylik maosh) tanlash imkonini beradi. Shuningdek, shaxsning ikki davlat oʻrtasida erkin harakatlanishi, faoliyat yuritishida ortiqcha ovoragarchiliklar kuzatilmaydi.

Shu bilan birga, qoʻshfuqarolik tizimini uncha xushlamaydigan Germaniya, Hindiston kabi davlatlarga kirishdagi qiyinchiliklar yoki qoʻshfuqarolikka ega shaxslarni ikkinchi davlatdan diplomatik himoya istashi oqibatida ikki davlat munosabatlarida taranglikni yuzaga keltirishi yoki ikki davlat oʻrtasida ziddiyatli holatlar sodir boʻlganda baʼzi noqulayliklar kuzatilishi mumkin.

Aytish mumkinki, aksariyat davlatlar mana shunday – koʻproq fuqaroning shaxsiy foydasi koʻzlangan qoʻshfuqarolik tizimi rivojlanishini yuqoridagi sabablar uchun ham istamaydilar. Bundan tashqari, yana bir muhim jihat, davlat xizmatchilari, prokuratura, kuch tuzilmalari, harbiylar uchun qoʻshfuqarolik qatʼiy taqiqlangan.

Koʻrib turganimizdek, mamlakatda qoʻshfuqarolikning joriy etilishi shaxsning oʻziga koʻproq qulaylik yaratish va qaysidir maʼnoda turli kutilmagan noxushliklardan sugʻurtalanish barobarida davlatlar oʻrtasida “yoʻq joydan” taranglik va munosabatlarning yomonlashishiga ham olib keladi.

Holbuki, bugungi kunda Oʻzbekistonda xorijda istiqomat qilayotgan yurtdoshlar qoʻllab-quvvatlanayotgan, ularning Vatanga oson qaytish yoki kelib-ketishlari uchun barcha imkoniyatlar yaratilmoqda.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 25-oktyabrdagi Qarori bilan Xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlar bilan hamkorlik sohasida Oʻzbekiston Respublikasi davlat siyosati Konsepsiyasi qabul qilindi. Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasining xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlar bilan hamkorligini rivojlantirish boʻyicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi.

Belgilangan vazifalarning ijrosi sifatida hukumat qarori (326-son, 17.04.2019-y.) bilan “Xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlar va ularning oila aʼzolarini Oʻzbekiston Respublikasiga taklif qilishni rasmiylashtirish, koʻp martalik kirish vizalarini berish hamda ularni ichki ishlar organlari tomonidan vaqtincha propiska qilish tartibi toʻgʻrisida”gi Nizom tasdiqlandi. Uning qator bandlarida vatandoshlar uchun tartiblarni soddalashtirish yoʻli bilan qulayliklar yaratish nazarda tutildi.

Jumladan, VTD (Vatandosh) turdagi kirish vizasi joriy etildi. Endilikda, Oʻzbekiston Respublikasida doimiy istiqomat qiluvchi va uning fuqarolari boʻlgan qarindoshlari tomonidan berilgan taklifnoma asosida keladigan, amal qilishi mobaynida Oʻzbekiston Respublikasi hududiga cheklanmagan marta tashrif buyuradigan vatandoshlar va ularning oila aʼzolari uchun 2 yil muddatga viza beriladi.

Xulosa oʻrnida yana bir maʼlumot, xalqaro huquq normalariga koʻra, davlatlar koʻpfuqarolik tizimini taqiqlash siyosatini olib borishlari yoki aksincha, bunga ruxsat berishlari mumkin. Bu, avvalo, davlatlarning geografik joylashuvi, tarixiy-madaniy umumiyligi, aholi demografiyasi bilan asoslangan boʻlishi lozim. Shuningdek, taklif etilayotgan fikrga koʻra, vatandoshlarning pensiyalari hisobidan Oʻzbekistonga ehtimoliy kiritiladigan mablagʻlari aslida qanchalik investitsiya talabiga javob bera olishi ham katta savol ostida qolmoqda.

Bugungi kunda Oʻzbekistonda vatandoshlar bilan yaqin aloqalarni yoʻlga qoʻyish, ularni Vatanga qaytish tartiblarini soddalashtirish, jumladan, soddalashtirilgan tartibda Oʻzbekiston fuqaroligini berish, yuqori malakali kadrlarni Oʻzbekistonda zarur boʻlgan mutaxassisliklar boʻyicha ishga olish, ularning ijtimoiy va maishiy masalalarini hal qilishlarida yordam berish kabi koʻplab qoʻllab-quvvatlash choralari koʻrilmoqda.

Shu munosabat bilan, “Yuksalish” umummilliy harakati yaratilgan barcha imkoniyatlarni toʻgʻri baholash, ulardan unumli foydalanish, shuningdek bunday qarorlar qabul qilishda masalani har tomonlama, siyosiy, ijtimoiy jihatlarini chuqur tahlil qilib, shaxsiy manfaatlardan xoli boʻlishini inobatga olish maqsadga muvofiq, deb hisoblaydi.

Oʻzbekistonning bugungi taraqqiyot bosqichida qoʻshfuqarolik masalasi dolzarb masala emas. Shu sababli Oʻzbekistonda xorijda mehnat qilayotgan vatandoshlar bilan ishlash, ularning mamlakat bilan aloqasini saqlab qolish hamda mustahkamlash boʻyicha saʼy-harakatlarni izchil davom ettirish maqsadga muvofiqdir”.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?