Yuksalayotgan Sirdaryo. Viloyat hokimi bilan bugungi oʻzgarishlar, kelgusi rejalar va maqsadlar haqida intervyu

15:19 21 Fevral 2019 Jamiyat
912 0

Foto: Hasan Paydoyev / "Xalq so'zi"

Prezident Shavkat Mirziyoyevning Sirdaryo ­viloyatiga koʻklam arafasidagi tashrifi hududning ijtimoiy-iqtisodiy hayotiga ­yanada katta yangilanish, yuksalish bahorini keltirdi, desak, ­mubolagʻa boʻlmaydi. Zero, tashrif doirasida davlatimiz ­rahbari tomonidan berilgan topshiriqlar oʻn yillar davomida iqtisodiy imkoniyatlari deyarli agrar soha bilan cheklangan viloyatning yaqin vaqtlarda mamlakatimizning yirik industrial manzillaridan biriga aylanishidan mujda beradi.

Muxbirimiz viloyat hokimi Fofurjon Mirzayevdan Prezident tomonidan belgilangan vazifalar ijrosi, amalga oshirilayotgan keng koʻlamli ­oʻzgarishlar xususida eksklyuziv intervyu oldi.

— Fofurjon Faniyevich, ochigʻi, biz, jurnalistlar bundan ikki-uch yil avval Sirdaryoning ijtimoiy-iqtisodiy hayotiga oid ­yangiliklar topishda qiynalar edik. Bugun esa, mubolagʻa emas, kunda-kunora bir necha xushxabarni eshitamiz va hatto ularning barchasini yoritishga ulgurmay ham qolyapmiz...

— Eʼtirof uchun rahmat, ammo mamlakatimiz hayotida roʻy ­berayotgan mislsiz yangilanishlar oldida bizning viloyatda bajarilgan ishlar hali dengizdan tomchidek gap, deb oʻylayman. Shu maʼnoda, Prezidentimizning har bir rahbar, har bir yurtdoshimiz ruhiyatida faoliyatidan qoniqmaslik, shaxsiy javob­garlik masʼuliyati qaror topishi yuksalishning eng asosiy ­mezoni ekani haqidagi talabini keltirish oʻrinlidir.

Maʼlumki, davlatimiz rahbari oʻtgan yilgi tashrifi chogʻida viloyatimiz aholisining hamjihatligiga “Sirdaryo — yurtga, Vatanga sadoqat namunasi” deya yuksak baho bergandilar. Va bu taʼrif sir­daryoliklarni juda shodlantirgandi. ­Shubhasiz, nimagaki erishgan boʻlsak, ularning barchasi — ­Yurtboshimizning Oʻzbekistonimiz ravnaqi yoʻlidagi ilgʻor gʻoyalari, ­tashabbuslari va shaxsiy ­ibratlaridan ilhomlangan xalqimizning bir yoqadan bosh chiqarib, ertangi kunga ishonch bilan harakat ­qilayotgani samarasidir.

Viloyat hokimi sifatida uchinchi yilgi faoliyatimdan kelib chiqib, ayta olamanki, qaysiki rahbar — xoh u korxona, xoh tuman yoki viloyat tashkiloti yetakchisi yoki ­deputat boʻlsin, xalq ichiga kirib, odamlar bilan yaqin muloqotga kirishib ishlamas ekan, masalalar yechimida muammolarga duch kelaveradi.

Yana bir jihat shuki, oddiy kishilardan ham rahbar uchun foydali takliflar eshitish mumkin boʻladi. Negaki, bugun yurtdoshlarimizda Vatan ravnaqiga daxldorlik hissi va shaxsiy masʼuliyat tuygʻusi tobora kuchayib bormoqda. ­Prezidentimizning odamlar dunyoqarashini oʻzgartirish, ertangi kunga boʻlgan ishonchini oshirish, taraqqiyotga hissa qoʻshish ishtiyoqini qoʻllab-quvvatlash, har bir insonning hayotdan, davlatdan rozi boʻlib yashashini taʼminlash borasidagi gʻoyalarini amalda tatbiq etish yoʻlida erishgan eng katta yutugʻimiz ham mana shu, albatta.

— Davlatimiz rahbarining bevosita tashabbusi bilan respublikamizning turli hududlarida klaster yoʻnalishida istiqbolli loyihalar amalga oshirilyapti. Shundan kelib chiqib, ayting-chi, ­klaster boʻyicha Sirdaryo ­tajribasini qanday tasavvur qilasiz?

— Klaster tajribasi boʻyicha ­tasavvur davlatimiz rahbari kuni kecha tashrif buyurgan Mirzaobod ­tumanidagi “Bek klaster” qoʻshma korxonasining oʻtgan yilgi natijalaridayoq namoyon boʻldi. Yaʼni ­ishlab chiqarishning mazkur zamonaviy ­zanjir usuli tufayli qayd etilgan birinchi ijobiy koʻrsatkich shuki, korxona ixtiyoriga berilgan maydonlardan avvalgi yillardagiga ­nisbatan 7 sentnerdan koʻp hosil olindi. Bunga, avvalo, yerning ­unumdorligini oshirish va vegetatsiya jarayonida ilmiy hamda innovatsion yondashuvlar asosiy mezon boʻldi. Eng muhimi, klasterning har bir aʼzosi pirovard-natija moʻmay daromad keltirishini toʻliq ­angladi. Yaʼni buni hosil yetishtiruvchidan uni tayyor mahsulot holiga keltiruvchigacha boʻlgan mustahkam rishta-zanjir, deb tasavvur qilish mumkin.

Albatta, viloyatimizda klaster usulini qoʻllash faqat agrosanoat sohasi bilan cheklanmaydi. Deylik, hozir “Sirdaryo” erkin iqtisodiy zonasida farmatsevtika yoʻnalishidagi klaster paydo boʻlmoqda. Hali chet el investorlari bilan hamkorlikda boshqa sohalarda ham ana shunday ishlab chiqarish tuzilmalarini tashkil etish loyihalarimiz bor.

Shu bilan birga, klasterlar uchun mutaxassislar tayyorlash ham moʻljallanganki, Prezidentimiz qoʻllab-quvvatlagan “Bek klaster”da davlat-­xususiy sherikligi asosida ochiladigan kollej bu borada qaldirgʻoch taʼlim muassasasi boʻladi.

— Yana bir jihat, Sirdaryoda issiqxonalar tashkil etish kengayib boryapti. Ularga aynan gidroponika usulini toʻliq joriy etish uchun qanday chora-tadbirlar ­ishlab chiqilgan?

— Avvalo, gidroponikaning Sirdaryo viloyati yer sharoiti uchun nechogʻli ahamiyatli va zarurligini aytib oʻtsam. Bilasiz, hududimizda ekin maydonlarining shoʻrlanish darajasi yuqori. Hatto minglab gektar yerlar necha yildirki, yaroqsiz holga kelib, bekor turibdi. ­Yurtboshimiz bevosita tanishgan “Gran Ruta De La Seda” korxonasining 9 gektarlik issiqxonasi ayni oʻta shoʻrlangan maydonda barpo etildi. Yana “Bek klaster” tomonidan Gulis­ton va Yangiyer shaharlari oraligʻidagi yoʻl yoqasidagi abgor holda yotgan yerda ham ana shunday yirik issiqxona qurildi. Shu korxonaga qarashli Toshkent — Termiz avtomagistrali chetidagi 35 gektarlik gidroponika usulidagi issiqxona esa oʻtgan yili foydalanishga topshirilgan edi. Bunday dehqonchilik xoʻjaliklari yanada koʻpayadi. ­Prezidentimiz topshirigʻiga binoan, ularda yetishtiriladigan mahsulotlar assortimenti ham rang-barang, eng muhimi, tashqi bozor talabiga mos boʻladi. Masalan, Mirzachoʻl qovunini plyonka ostida yetishtirib, Oʻzbekistonning jahon bozoridagi brendlaridan biriga aylangan ushbu poliz mahsulotining qishki eksportini ham yoʻlga qoʻyishni belgilab oldik. Yana gidroponikada tuproq oʻrnini bosuvchi kokos chirindisini mahalliy sharoitda bambuk oʻstirish orqali hosil qilishni moʻljallab turibmiz.

— Hududlarni kompleks rivojlantirish dasturiga koʻra, yana qanday innovatsion loyihalar amalga oshiri­ladi?

— Darvoqe, bajarilishi belgilangan loyihalar viloyatning turli tuman hamda shaharlarini qamrab olganligi uzoq va chekka hududlarga ham sanoatning kirib kelishiga, pirovardida, eng avvalo, aholi bandligini taʼminlashga xizmat qiladi. Masalan, “Sirdaryo universal oyna” korxonasi tomonidan klaster usulida amalga oshirilayotgan loyihalar aholi zich joylashgan Sirdaryo tumanida boʻlsa, “Oʻzkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyati tomonidan “Samsung Engineering” kompaniyasi bilan hamkorlikda Yangiyer shahrida yirik ammiak va karbamid zavodi quriladi. Sanoat ishlab chiqarishi mundarijasiga investitsiya mablagʻlari asosida tashkil etiladigan farmatsevtika, toʻqimachilik, elek­trotexnika mahsulotlari va qurilish materiallari ham qoʻshiladi.

Sirdaryo viloyatining mamlakatimiz energetika sohasidagi oʻrni Farhod GESini modernizatsiya qilish, Sardoba suv ombori qoshida kichik GES qurish loyihalari bilan yanada oshiriladi. Yana yaqin vaqt ichida “Sirdaryo golden fruts” masʼuliyati cheklangan jamiyatining koʻp tarmoqli logistika markazi ­faoliyat boshlaydi. Shuningdek, mamlakatimizning Xitoy, Italiya va Qozogʻiston davlatlaridagi elchilari ishtirokida viloyatga toʻgʻridan-toʻgʻri xorij investitsiyalarini jalb etish, hududlararo hamkorlikni kengaytirish va eksport hajmini yuksaltirish boʻyicha taqdim qilingan istiqbolli loyihalar ham vohaning turli hududlariga joylashtiriladi. “Oʻzpaxtasanoat” aksiyadorlik jamiyati tomonidan jami 4 ming 200 dan ortiq ish oʻrinlari yaratish imkonini beradigan 32 ta tikuvchilik majmuasi esa butun viloyat hududini qamrab oladi.

Joylarda koʻplab ish oʻrinlari tashkil etilishini taʼminlovchi parrandachilik, chorvachilik, baliqchilik, urugʻchilik va uzumchilikni rivojlantirish ham ustuvor vazifa boʻlib qoladi. Bugungi kunda dolzarb masalaga aylanayotgan sugʻorishning tejamkor texnologiyalarini joriy qilish, yer maydonlarini qayta oʻzlashtirish, “Har bir oila — tadbirkor” dasturi boʻyicha aholining tomorqadan samarali foydalanishiga erishishi yuzasidan ham bir necha loyihalar amalga ­oshirilmoqda.

Ochigʻi, Prezidentimiz taʼkidlaganidek, hali hududning sanoat va xizmat koʻrsatish salohiyatidan toʻliq foydalana olmayapmiz. ­Qishloqlarda sanoat deyarli yoʻqligi ham bor gap. Shu bois maxsus ishchi guruh oʻrganishlari natijasida qishloq joylari uchun 342 ta oʻrta va yirik investitsiya loyihasi ­dasturi ishlab chiqilgani bu ­boradagi ahvolni tubdan yaxshi­lashi, shubhasizdir.

— Bir vaqtlar, aniqrogʻi, oʻtgan asrning saksoninchi ­yillari oxirida olimlar ­Gulistonda baland imoratlar qurib boʻlmaydi, yer osti suvlari yaqin, deyishganini eshitgandik. Bugun esa besh qavatli imoratlar barpo qilingani holda, endi yetti qavatli binolar bunyod etishga ham kirishilmoqda. Shu maʼnoda, viloyat markazi, ­tuman va shaharlarda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari haqida ham toʻxtal­sangiz.

— Toʻgʻri, yaqin yillargacha Guliston zaminiga bir-ikki ketmon ursa suv toʻplanib qolishi ayni haqiqat edi. Hozir esa unday emas, sizot suvlar sathi ancha pasaydi. Negaki, keyingi paytlarda shaharning qoq oʻrtasidan oqib oʻtuvchi “Doʻstlik” kanali beton bilan qoplandi. Tik quduqlar toʻliq ishga tushirilib, oqova suvlarni markazlashtirilgan kollektor orqali tashqariga chiqarib yuborish taʼminlandi. Va endi bemalol baland imoratlar qurish imkoniyati paydo boʻldi. Xususan, ana shunday turarjoy mavzesini jamoatchilik taklifi bilan “Buyuk kelajak” deb atadik. Bu yerda oʻtgan yili 8 ta besh qavatli uy qurildi va 360 oila oʻz xonadoniga ega boʻldi. Ayni paytda esa mavzeda 420 xonadondan iborat 7 qavatli 10 ta uy qurilmoqda. Davlatimiz rahbari quruvchilarimizning bu mehnat mahsulini “Sirdaryo tajribasi” sifatida joriy qilish haqida bergan koʻrsatmalari esa butun sirdaryoliklarga quvonch baxsh etdi.

Yana 40 gektar maydonni egallaydigan “Guliston City” qurilishi ­loyihamiz ham maʼqullandi. 

2019 — 2022 yillar mobaynida uch bosqichda amalga oshiriladigan ­zamonaviy shaharchada koʻp qavatli uylar, savdo majmualari, koʻngil­ochar maskanlar, madaniyat va biznes markazi, anjumanlar saroyi, taʼlim hamda tibbiyot muassasalari, mehmonxona, hunarmandlik uyi kabi inshootlar quriladi. Shaharning boshqa manzillarida ham keng koʻlamdagi qurilish ishlari amalga oshiriladi. Xovos shaharchasining “Mirzachoʻl tajribasi” asosida ­paydo boʻladigan yangi markazi har jihatdan koʻrkam boʻladi va eng muhimi, bu manzilning zax hududida yashayotgan aholiga zamonaviy qulayliklarga ega xonadonlarda yashash imkoniyati yaratiladi.

— Turizm salohiyati haqida gap ketganda, koʻproq Samar­qand, Buxoro, Xiva, Shahrisabz kabi shaharlarimiz tilga olinadi. Sizning-cha, ana shu shaharlar yoʻlida joylashgan Sirdaryo hududiga ham sayyohlarni jalb qilish ­mumkinmi?

— Albatta, mumkin. Viloyatimizda tarixiy yodgorliklar Sardoba obidasi, Eski Xovostepa va boshqa bir necha arxeologik ahamiyatga ega manzillar bilan cheklansa-da, Sirdaryoda ekoturizmni rivojlantirish imkoniyati katta. Ana shu maqsadda bugun daryo boʻyida bir necha turistik loyihalar tatbiq etish ustida ishlar olib borilmoqda. Yana Toshkent viloyatidan Sirdaryoga kirish ostonasida sayyohlar toʻxtab oʻtadigan obyektlar qurilib, buyuk Amir Temur bobomiz bilan bogʻliq “Loy jangi” kompozitsiyasi yaratilyapti.

— Maʼnaviyatimiz, gʻurur-iftixorimiz birinchi oʻringa chiqadigan vaqt keldi,

deya alohida taʼkidladi ­Prezidentimiz. Davlatimiz rahbarining bu gʻoyasini hayotga tatbiq qilish borasida Sirdaryoda qanday dasturlar ­belgilanmoqda?

— Avvalo, shuni aytish lozimki, Yurtboshimizning mazkur koʻrsatmasini bajarish ota-onadan tortib, viloyat rahbarigacha — har bir kishining kundalik vazifasiga aylanishiga erishishga astoydil harakat qilamiz. Xususan, tashrif doirasida taqdimot qilingan kitobxonlikni keng targʻib etish konsepsiyasi asosida ham amalga oshirmoqchimiz. Yaʼni mazkur konsepsiyaga koʻra, farzand tarbiyasi hali u tugʻilmasidanoq boshlanmogʻi lozim. Soʻngra chaqaloqlik, maktabgacha ­tarbiya va maktab yoshidagi taʼlimgacha vaqtdagi tarbiya tadbirlari belgilangan. Shu bilan birga, tez orada “Oʻqituvchi” brendi bilan ­Guliston shahrida markaziy kitob doʻkoni tashkil etish va kitobxonlik ­madaniyatini rivojlantirish rejalarini oʻz ichiga olgan konsepsiyamiz ham bor.

Davlatimiz rahbarining Sir­daryoda tugʻilib oʻsgan, xalqimizning ardoqli farzandi, Oʻzbekiston xalq shoiri Halima Xudoyberdiyeva hayoti va ijodiga yuksak eʼtirof sifatida Gulistonda uning nomidagi ijod maktabi tashkil qilish haqida ­bildirgan takliflari barcha ­sirdaryoliklar, atoqli ijodkorning muxlislari tomonidan zoʻr shodu xurramlik bilan kutib olinganini aytish menga mamnuniyat baxsh ­etadi. Shubhasiz, mazkur taʼlim maskani ham yoshlarimizning barkamol ­insonlar boʻlib voyaga yetishlariga asrlar osha xizmat qiladi.

“Xalq soʻzi” muxbiri Ahmadali ShЕRNAZAROV suhbatlashdi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?