Yuksak tuygʻularning xassos kuychisi (Video)

17:05 09 Fevral 2020 Madaniyat
277 0

Foto: Hasan Paydoyev / "Xalq so'zi"

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti maydonidagi ulugʻ shoir va davlat arbobi haykali poyida oʻtkazilgan tantanali tadbirda taniqli adabiyotshunos olimlar, yurtimiz va xorij tarjimonlari tomonidan soʻz mulki sultonining besh asrdan buyon yashab, yashnab kelayotgani oʻlmas ijodi toʻgʻrisida soʻz yuritdilar. Tadbirda shoir gʻazallari va ruboiylar, bagʻishlovlar oʻqildi. Shuningdek, taʼlim dargohidagi Oliy adabiyot kursi tinglovchilari tomonidan Navoiy haqida jahon miqyosidagi eʼtiroflar aytib oʻtildi.

  • Prezidentimiz rahnamoligida jamiyatimiz taraqqiyoti uchun milliy yuksalish sari dadil qadam bosayotganimiz, har sohada baland marralarni egallayotganimiz komili davronga yoʻliqqanimizning isboti desak, yanglishmaymiz. — deydi Yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Sayyid. — Buyuk mutafakkir bobomiz oʻz ijtimoiy faoliyati davomida ilm-fan egallash, badiiy ijod va adabiyotni rivojlantirish, masjid-madrasalar qurish, muhtojlarga moddiy yordam berish kabi ishlarni shaxsan amalga oshirgan. Shunday ekan, butun bashariyat tarixida oʻchmas iz qoldirgan Navoiy hazratlarini yod etish har birimiz uchun ezgu amaldir.

Tadbirning mantiqiy davomi sifatida Alisher Navoiy nomidagi davlat adabiyot muzeyi hovlisida oʻrnatilgan ulugʻ shoir haykali poyida oʻzbek, afgʻon va ozarbayjon ijodkorlari tomonidan mushoira oʻtkazildi.

— Bunyodkorlik, obodlik, ilmu maʼrifat va farzandlar kamoli haqida Alisher Navoiy asarlarida juda koʻp misollar uchraydi. — deydi ozarbayjonlik taniqli navoiyshunos olim Ramiz Asqar. — Navoiy hazratlarining oʻzlari ham nafaqat ijodi, balki bunyodkorlik ishlari bilan ham dunyoga mashhur. Hazratning tashabbusi bilan binolar, masjidu madrasalar qurilgan, bogʻlar barpo etilgan, hovuz va ariqlar qazilgan. Xususan, Navoiy qurdirgan Xalosiya xonaqohida muhtoj kishilarga oziq-ovqat va kiyim-kechak ulashilgan. Bularning barchasi nafaqat maʼlum bir xalqqa, balki butun jahon xalqlariga ibrat boʻla oladi, desak mubolagʻa boʻlmaydi.

Alisher Navoiy tavalludiga bagʻishlangan adabiy-maʼrifiy tadbirlar respublikamiz boʻylab keng davom etmoqda.

Yulduz Oʻrmonova,
“Xalq soʻzi” .


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?