Yuksak mehr-muruvvat, oqibat va bag‘rikenglik bizga buyuk ajdodlarimizdan meros fazilatdir

10:42 01 May 2018 Jamiyat
945 0
Foto: Hasan Paydoev, "Xalq so`zi".

“Yer yuzida juda kamdan-kam davlat va millat bunday yuksak insoniy fazilatlar bilan g‘ururlanishi mumkin. Vaqt o‘tgan sari Shomahmudovlar oilasi ko‘rsatgan bu qahramonlikning ahamiyati va qadri tobora oshib bormoqda”.

Shavkat Mirziyoyev,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Tarix — maktab. O‘tmish esa ibrat. Insoniyatning ming yilliklar orasida topgan haqiqatlari shunday! Biroq qachonlardir odamzodni zor qaqshatgan, yostig‘ini quritgan og‘ir musibatu kulfatlar, mislsiz talafotu yo‘qotishlar borki, ular tufayli hosil bo‘lgan qalb jarohatlarining asorati asrlarni qaritsa ham izsiz yo‘qolmaydi.

XX asr bashariyat taqdirida Ikkinchi jahon urushining o‘chmas asoratlari bilan dog‘ qoldirdi. Ayniqsa, olti yil davom etgan dahshatli qirg‘inbarot 50 milliondan ortiq kishilarning hayotiga zomin bo‘ldi. 90 milliondan ziyod kishilarni yarador va mayib-majruhga aylantirdi. Millionlab keksalarni, opa-singillarni, eng achinarlisi, murg‘ak bolalarni o‘z tug‘ilgan yeridan uzoq-uzoqlarga ko‘chib ketishga majbur etdi.
Tasavvur qiling, vagonlarda bombalar vahmidan, o‘lim xavfidan yuraklari hapriqqan keksalar, tirqishlardan jonsarak mo‘ralagan ko‘zlar... Qalblarda hadik va qo‘rquv...

XX asrning qabih kuchlari zulmiga uchrab, yelkalari pir-pir uchib, “Biz endi nima qilaylik?” deya najot istagan, qalbiga ko‘zyoshlar tosh bo‘lib sanchilgan, qo‘llari mushtga aylangan gunohsiz bolalar...
Xo‘sh, ularga kim panoh berdi? Kim mehr quchog‘ini ochdi?

Фото: Ҳасан Пайдоев, "Халқ сўзи".

— Bir mayizni qirq bo‘lib yegan xalqmiz, — deydi Bekobod tumanida istiqomat qiluvchi mehnat faxriysi Ergash ota Ro‘ziboyev. — Bag‘rikenglik, insonparvarlik qon-qonimizga singib ketgan. Bolaligimiz urush yillariga to‘g‘ri keldi. Esimda, shaharu qishloqlarga olis o‘lkalardan majburiy evakuatsiya qilingan bolalar peshma-pesh olib kelinardi. Ular orasida hatto hali es-hushini tanib ulgurmagan bolakaylar ham bor edi. Ana shunday murakkab hamda og‘ir sharoitda xalqimiz ularni o‘z qanotiga oldi. Otalik, onalik muhabbatini darig‘ tutmadi. Buni ta’riflashga til ojiz. Silai rahm, shafqat, himmat, e’zozu e’tibor, bag‘rikenglikning qiyosi yo‘q kitobi, yodgorligi, bebaho xazinasi bu. Yana nima deb atay? Buni his qilish, yurakdan o‘tkazish kerak axir...

Eng ulug‘ Ota va eng ulug‘ Ona

O‘zbek she’riyatining yirik vakili G`afur G`ulom mashhur “Sen yetim emassan” she’rini bitganida hali qirq yoshga ham to‘lmagan edi. Qisqa va sermazmun satrlar orasiga jo etilgan mazmun-mohiyatda esa nuroniy donishmandning mehribon qiyofasi balqib turardi. Barchaning tilidan tushmay yod bo‘lib ketgan bu beqiyos she’riy asarda shoir urush avjiga chiqqan, bombalar yog‘ilib turgan hududlardan yurtimizga najot izlab kelgan yuz minglab jajji bolakaylarni parvarishiga olgan o‘zbek xalqining bag‘rikengligini haqqoniy gavdalantira olgan edi. Aytishlaricha, bir kechada yozilgan bu she’rni ertasi kuni muallif radio orqali o‘qiganda nainki O‘zbekiston, balki Markaziy Osiyo xalqlarining ham qalbini larzaga solgan ekan...

Cho‘chima jigarim,
O‘z uyingdasan,
Bu yerda
na g‘urbat, na ofat, na g‘am.
Bunda bor:
harorat, muhabbat, shafqat
Va mehnat nonini ko‘ramiz baham,
Sen yetim emassan,
Uxla jigarim.

Bu she’r o‘zbek xalqining insoniylik fazilatlarini shu qadar mujassam eta olganki, barhayot shoirning ovozi har gal yangraganida, odamlar “Sen yetim emassan”ni kutib nafaslarini ichga yutishardi o‘sha payt.

Фото: Ҳасан Пайдоев, "Халқ сўзи".

O‘sha qaqshatqich urush davrida vatandoshlarimizdan qay biri ikki, yana kimdir uch nafar bolani qaramog‘iga olgani, ularga murabbiylik qilgani haqida tarixiy ma’lumotlar juda ko‘p. Xususan, toshkentlik Shomahmudovlar oilasi 14 nafar, kattaqo‘rg‘onlik Samadovlar oilasi 12, buxorolik Jo‘rayev hamda Ashurxo‘jayevlar oilasi 8 nafar frontda ota-onasidan ajrab, qarovsiz qolgan yetim go‘daklarni oq yuvib, oq tarashdi. O‘zbek xalqining azaliy qadriyatlari ana shu lahzalarda yaqqol namoyon bo‘ldi. Mehr-muhabbat tuyg‘ulari jo‘sh urdi. Ezgulikning yovuzlik ustidan g‘alabasi muqarrarligi haqidagi azaliy o‘gitlar ularning irodasini mustahkamlab, ertangi kunga ishonch bilan qarashga o‘rgatdi. Shu tariqa ming-minglab turli millatlar bolalari boshlariga do‘ppi kiyib, o‘zbek tilida “non”, “ota”, “ona”, “aka”, “uka” kabi oddiy, ammo mazmunida hayot aks etgan so‘zlarni o‘rganishdi. Zavodlarda tutingan ota-onalari yonida turib mehnat qilishdi. Yurtimizdagi sanoat korxonalarida ularning jajji qo‘lchalarining izlari qolganini bugun hech kim inkor etolmaydi. O‘zi yemay, o‘zi ichmay bu murg‘aklarga mehr ko‘rsatgan o‘zbek xalqimizning matonati, chinakam qahramonlik ifodasi edi bu...

Taniqli adib Rahmat Fayziy toshkentlik Shomahmudovlar oilasining o‘shandagi matonati haqida “Hazrati inson” deb nomlangan roman yozdi. Bu asar urushdan keyingi yillarda ham kitobxonlar qo‘lidan tushmay, yoshlarni otalar jasorati, ularning insoniy fazilatlaridan ibrat olib yashashga o‘rgatib keldi. O‘zbekiston xalq artisti, taniqli kinorejissyor Shuhrat Abbosov mazkur asar asosida ishlagan badiiy filmni esa “Sen yetim emassan” deb nomladi. Xalqimizni ezgulik yo‘lida tarbiyalashga intilgan o‘zbek ijodkorlarining asarlaridagi yuksak tuyg‘ular bugungi kunda ham yoshlar uchun ibrat namunasi bo‘la oladi. Bu filmda o‘zbek xalqining naqadar bolajon va tantiligi, bag‘rikeng hamda olijanobligi, mehridaryo va insonparvarligi ta’sirchan syujet hamda hayotiy lavhalar asosida ochib berilgan. Qolaversa, haqli savol tug‘iladi: o‘ta og‘ir va mashaqqatli yillardan hikoya qiluvchi ana shu betakror asarlar nima uchun bu qadar dovruq qozondi? Nega ularni o‘qiganimizda, tomosha qilganimizda yoxud eshitganimizda har gal qorachiqlarimiz -namlanadi? Nima uchun shunday mehr-muruvvatli xalq farzandlari ekanligimizdan faxrlanib ketamiz, g‘ururimiz oshadi?

Фото: Ҳасан Пайдоев, "Халқ сўзи".

— Urush yillari O‘zbekistonga bir millionga yaqin kishilar panoh istab kelgan, — deydi tarix fanlari nomzodi, dotsent Nargiza Xidirova. — Ularning 200 mingdan ziyodi bolalar edi. Yuzlab o‘zbek oilalari ukrainalik, belaruslik hamda rossiyalik turli millatga mansub bolalarni o‘z bolasiday suyib alqadi. Mehr berdi, boshpana, oziq-ovqat, kiyim-kechak bilan ta’minladi.

Bilasiz, urush davri voqea-hodisalarini tarix sahifalariga muhrlash, xalq ruhini ko‘taruvchi asarlar yaratish maqsadida olimu ulamolar, shoiru yozuvchilarning aksariyati front ortida o‘z faoliyatlarini davom ettirishardi. Ana shulardan bir guruhi Toshkentda yashab, ijod qilishgan. Ular orasida dunyoga mashhur rus shoirasi Anna Axmatova ham bor edi. Uning qaydlarida har qanday yurakni titroqqa solish qudratiga ega quyidagi samimiy dil so‘zlari uchraydi:

“Milliy qadriyatgina odamlarni buyuk do‘stlik sari chorlab, qalb va tafakkurga sadoqat va jasorat tuyg‘usini hadya etadi, odamiylikni ulug‘lashga imkon yaratadi. Insonparvarlikning yuksak darajasi Shoahmad va Bahri ayalarning qonimasmidi? Dunyo ostin-ustun bo‘layotgan bir pallada shu qadar mehrga zor norasidani yaxshi insonlar qilib yetishtira olgan bu ikki zotni eng ulug‘ Ota va eng ulug‘ Ona degimiz kelmaydimi?!”
Xo‘sh, ana shunday ulug‘lik maqomiga erishgan volidayu muhtarama hamda padari buzrukvorni naqadar qadrlash kerak? Ularning tarix oldidagi buyuk xizmati, jasoratu matonatini qanchalik e’tirof etish lozim?

Mening Vatanim — shu yer!

Darhaqiqat, Shomahmudovlar insonparvarlikning yuksak namunasini ko‘rsatgan oila sifatida tarixda qoldi. Toshkentlik temirchi Shoahmad ota va uning rafiqasi Bahri aya rus, ukrain, tatar, moldavan, chuvash, yahudiy, qozoq millatiga mansub 14 o‘g‘il-qizni ko‘z qarog‘ida avaylab ulg‘aytirishdi.

Bu oilada kamol topgan qizlardan biri — Xolida opa (asli ismi Olga) ayni paytda poytaxtimizning Jarariq mahallasida istiqomat qiladi. 82 yoshni qoralagan onaxon o‘zbek tilida burro-burro so‘zlashadi. Urush yillarini yuragi entikib yodga oladi.

— Adamlar, oyimlarning hayoti o‘zi biz uchun katta maktab edi, — deya ota-onasini yuksak sog‘inch, ko‘zda yosh bilan xotirlaydi Xolida opa. — U mahallarda bir kishining non topib yeyishi ham qiyin edi. Adamlar temirchilik qilib topib kelganlarini o‘zlari yemasalar ham, og‘zimizga tutishga harakat qilardilar. Kiyim-kechak, poyabzal ham yo‘q edi. Shuning uchun u kishining eski choponlari, bir-birimizning yirtilib tugayozgan kiyimlarimiz ham tashlab yuborilmasdi. Yamoq-yasqoq qilib, tikib-chatib, onam ulardan kiysa bo‘ladigan kiyimlar tikar edilar.

Xolida opa davlatimiz rahbari tashabbusi bilan Shomahmudovlar oilasiga qo‘yilgan haykal poytaxtimizdagi markaziy maydonlardan biriga o‘rnatilayotganidan behad mamnun.

— Bu haykal o‘z joyiga qaytarilganini eshitganimdan keyin tushimga oyim kirdilar. Boshlariga oppoq ro‘mol o‘rab olgan, kiyimlari ozoda, lablarida tabassum bor edi. Nimadir demoqchi bo‘layotganlarida uyg‘onib ketdim... Ancha vaqt o‘zimga kelolmay o‘tirdim. Nazarimda, oyimning ruhlari shod bo‘ldi...

Фото: Ҳасан Пайдоев, "Халқ сўзи".

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Ikkinchi jahon urushi yillarida yuksak mehr-muruvvat va oqibat ko‘rsatgan ana shu oilaning jasoratini alohida qayd etib o‘tar ekan, “Yer yuzida juda kamdan-kam davlat va millat bunday yuksak insoniy fazilatlar bilan g‘ururlanishi mumkin. Vaqt o‘tgan sari Shomahmudovlar oilasi ko‘rsatgan bu qahramonlikning ahamiyati va qadri tobora oshib bormoqda”, deya alohida ta’kidladi. Shuningdek, “Tarixiy haqiqatni qaror toptirish, xalqimizning ezgu fazilat va qadriyatlarini abadiylashtirish uchun, Shomahmudovlar oilasiga bag‘ishlangan, “Xalqlar do‘stligi” deb nomlangan yodgorlik ansamblini poytaxtimiz markazidagi maydonga qaytarsak, adolatli bo‘lardi”, deya qayd etib o‘tdi.

Ayni kunlarda poytaxtimiz markazidagi maydonda ish qizg‘in. Bu yerda minglab ishchi-mutaxassislar kechayu kunduz bunyodkorlik hamda obodonlashtirish ishlari bilan band. Hademay, bu yerda bukilmas iroda va jasorat namunasini ko‘rsatgan Shomahmudovlarga bag‘ishlangan monumentning qad rostlashi, ya’ni inson mehriga qo‘yiladigan yodgorlik ularga g‘ayrat-shijoat baxsh etayotgan bo‘lsa, ne ajab!
— Urushdan keyin akam qidirib kelib, olib ketmoqchi bo‘lgandi, — Xolida opaning chehrasi yorishadi. — Men ko‘nmadim. Chunki mening Vatanim — shu yer! O‘zbekistonda mehr-oqibat ko‘rdim, mehribon insonlarimni, baxtimni topdim. Axir bunday yurt yana qayerda bor?!

“Xalqlar do‘stligi” yodgorlik ansambli nafaqat tutingan ota-onam, balki o‘zbek xalqiga, uning mehriga, buyukligiga qo‘yilgan yodgorlikdir. Shunday ekan, uning shahrimiz markazida, xalqimiz ko‘z o‘ngida turishiga nima yetsin?!

Uzilgan bir kiprik abad yo‘qolmas

G`ijduvon shahrida yashovchi Hakima Bekmurzina 91 yoshda. Mabodo “urush” degan so‘z qulog‘iga chalinsa, onaxon bir seskanib tushadi. Vujudiga titroq kiradi. Urush dahshatlarini eslab, tunlari uxlolmay chiqadi.

Darhaqiqat, Ikkinchi jahon urushi balosi nafaqat yigitlar, balki guldek qiz-juvonlarni ham o‘z girdobiga tortdi. Ularni ota-onalari, tug‘ilgan go‘shalari bag‘ridan xuddi kiprik misoli uzib oldi.

Rossiyaning Mordova o‘lkasida tug‘ilgan Hakima 1942 yilning bahorida ko‘ngilli tarzda frontga otlandi. Aloqa rotasida xizmat qila boshladi. Ammo uning vazifasi telegraf oldida o‘tirish bilan cheklanib qolmagandi. Yaradorlarni ot-aravalarga, mashinalarga yuklash, ularni tibbiy qismga jo‘natish kabi yumushlar xuddi u kabi ko‘plab qizlar zimmasida edi. O‘spirin qizning ko‘z o‘ngida og‘ir yarador bo‘lganlarning joni uzilar, badani kuyib, vujudi o‘tdek yonayotgan askarlarning najot bilan boqqan ko‘zlarini, vayronaga aylangan shaharu qishloqlarni ko‘rish azob edi.

Nihoyat, qirg‘inbarot urush tugadi. Ota-onasidan ham ajralib, yolg‘iz qolgan Hakima nima qilarini bilmay qoldi. Shunda uch-to‘rt dugona maslahatlashib, O‘zbekistonga boradigan bo‘lishdi.

— O‘shanda hamma joyda ocharchilik, qahatchilik hukm surardi, — deya eslaydi Hakima Bekmurzina. — Ammo o‘zbeklar juda bag‘rikeng, mehr-oqibatli xalq ekan. Bizga boshpana berishdi. Topganlarini baham ko‘rishdi. Bilmaganlarimizni o‘rgatishdi. Men hali-hanuz o‘zbeklarning bu yaxshiliklarini minnatdorlik bilan eslayman. O‘zimni ham shu yurtning farzandi, deb bilaman...

Buni qarangki, Hakima o‘z baxtini ham shu yerdan, aniqrog‘i, G`ijduvondan topdi. Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi Sodiq Hikmatov bilan turmush qurdi. Ikkovlon halol mehnat qilib, uvali-juvali bo‘lishdi. Hakima buvining besh farzandi, o‘ttizdan ziyod nevarayu evaralari bor. Ularning mehribonliklarini ko‘rgan onaxonning qo‘li doim duoda.

Aytmoqchi, hozir G`ijduvonda o‘n nafar Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi hayot. Ular davlatimiz va xalqimizning e’zozida.

Baxtli hayot kechirishning eng asosiy omili, bu — tinchlik. Axir shundoqqina ostonasi oldida o‘q ovozi eshitilib tursa, ko‘cha hatlab chiqqan kattayu kichik miltiqqa nishon bo‘lsa, kim ham o‘z uyida xotirjam uxlay olardi?! Yoki bir burda non, bir qultum suvga zoriqib yashaydiganlar yo‘qmi bugun dunyoda?! Toshqinlar, zilzilayu to‘fonlar tufayli yostig‘i qurib ketayotgan ming-minglab oilalar-chi? Xo‘sh, shularni ko‘rib, bilib, nega yurtimizdagi osudalik, to‘qlik-farovonlik, Istiqlolimizni ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylamasligimiz kerak?!

Bu yil dorilamon kunlarda Xotira va Qadrlash kunini kutib olayotgan yurtdoshlarimiz ko‘nglidan ana shunday o‘ylar kechayotganiga shak-shubha yo‘q.

— Oilamiz urush yillarida Odessa shahridan ko‘chib kelgan, — deydi Navoiy shahrida istiqomat qiluvchi Vladimir Poletayev. — Otam o‘sha davrlarda o‘zbek oilalari serfarzandligiga qaramay, evakuatsiya qilinganlar uchun uylarining to‘ridan joy berishgani, topgan-tutganlarini himmat bilan o‘rtaga qo‘yishgani, asosiysi, odam zotiga millatidan, dinidan qat’i nazar, Hazrati inson deb qarashlari xususida ko‘p so‘zlardi. Hamisha “Biz bu zamindan, bu xalqdan bir umr minnatdor bo‘lishimiz kerak”, deb uqtirardi. Shu sababli oilamiz bilan O‘zbekistonni Vatanimiz deya qabul qilganmiz. Uning taraqqiyotiga hissa qo‘shish uchun astoydil mehnat qilib kelayapmiz.

— Bu yilgi bayram hayotimizda yanada yorqin iz qoldirayapti, — deydi Chust tumanidagi Varzik qishlog‘ida yashovchi Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi Umarjon ota Jo‘rayev. — Davlatimiz rahbari tomonidan yaratilgan imkoniyatdan foydalanib, Yaltaning mashhur sihatgohiga otlanib turibman. Yaqin vaqt ichida o‘g‘lim Samijon bilan yo‘lga chiqamiz. Boshqa ko‘plab frontchilar qatori beqiyos e’tibordan dilim yayraydi, umrimga umr qo‘shilayapti.

To‘qson uch yoshdaman. Hayot yo‘limni yodga olar ekanman, xalqimiz boshiga kulfat solgan urush umrim bahorini zimistonga aylantirgani kinotasmasidek birma-bir ko‘z oldimdan o‘tadi. O‘n sakkiz yoshimda frontga otlangan kunim onajonim “Nasibang uzilmasin”, deya non tishlatgani kechagidek esimda. Umrim bor ekan, ikki oyog‘im nogiron bo‘lsa-da, tug‘ilgan oshyonimga qaytdim. Urushda ko‘p narsani yo‘qotdik. Biroq bir narsa taskin beradi: biz insoniyat ozodligi uchun, fashizm degan baloni Yer yuzidan supurib tashlash uchun jonimizni tikdik. o‘alaba esa osonlikcha qo‘lga kiritilmagani barchaga ayon. Yarim million nafardan ziyod yurtdoshlarimizning qutlug‘ qoni, janglardan sog‘-nosog‘ qaytgan insonlar fidoyiligi unda mujassam. Bugun sakkiz farzandim, yuzga yaqin nevara-chevaralarim atrofimda parvona. Yaxshi insonlar ardog‘ida davlatimiz g‘amxo‘rligini his qilib yashayapman. Bayram arafasida Prezidentimiz tomonidan moddiy, ma’naviy rag‘batlantirilishimiz qalbimizni yanada charog‘on etdi. Urush baloyu qazo. Hech qachon boshqa yopirilmasin. Tinchlik-omonligimizga, baxtu iqbolimizga ko‘z tegmasin.

Shu o‘rinda urush davrining nimagadir ko‘p tilga olinmaydigan, mazmunida ulkan mehnat, fidoyilik, matonat va iroda aks etgan raqamlariga murojaat qilaylik. O‘sha yillari O‘zbekiston aholisi tomonidan mudofaa jamg‘armasiga 649,9 million so‘m naqd pul, 4 milliard 226 million so‘mlik zayom, 52,9 kilogramm oltin hamda kumush topshirilgan. Frontga 7 million 518 ming 800 ta gimnastyorka, 2 million 636 ming 700 ta paxtalik, 2 million 221 ming 200 ta etik va qo‘njli botinka yuborilgan. Yengil sanoat korxonalari tomonidan 246 million so‘mlikdan ziyod turli mahsulotlar, shuningdek, 1 million 282 ming tonna g‘alla, 482 ming tonna kartoshka hamda sabzavot, 1000 tonna poliz mahsulotlari, quruq va ho‘l mevalar jo‘natilgan.

Aslida bu misollarimiz, fikr-mushohadalarimiz butun dunyoga ma’lum. Shunday bo‘lsa-da, “Moziyga qaytib ish ko‘rmoq xayrli”, deganlaridek, ota-bobolarimizning qadri asrlarga tatigulik, ta’bir joiz bo‘lsa, o‘zbek xalqiga xos tengi yo‘q mehr-oqibatning buyuk qissasidan ayrim lavhalarni yana bir bor e’tiboringizga havola etdik. Bugun ulug‘ ayyom arafasida O‘zbekistonda ezgu hamda savob ishlarga qo‘l urilmoqda. Zero, ularning mazmun-mohiyati, qisqacha aytganda, mangulikka daxldordir!

Farrux BO‘TAYEV.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?