Yuksak marralarga undayotgan ragʻbat

14:59 15 Noyabr 2019 Madaniyat
301 0

Foto: Dinara Chirkova, “Xalq soʻzi”

Ragʻbat insonga kuch beradi, uni yangi marralar sari ruhlantiradi. Prezidentimizning 2019-yil 30-sentyabrdagi “Bolalar musiqa va sanʼat maktablari rahbar, oʻqituvchi va konsertmeysterlari mehnatiga haq toʻlash va ularni moddiy ragʻbatlantirish tizimini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi qarori oʻzini yoshlar taʼlim-tarbiyasiga, qalbimizning “matematikasi” boʻlgan musiqa va sanʼat rivojiga bagʻishlagan insonlarga qanot bagʻishladi.

Mirzo Ulugʻbek tumanidagi 20-bolalar musiqa va sanʼat maktabiga borganimizda bu koʻtarinki ruh hamda shukuhni yana bir bor his qildik. Oʻqituvchiyu oʻquvchilarda yuqori kayfiyat, ularning xatti-harakatlarida gʻayrat-shijoat sezilib turibdi.

Foto: Dinara Chirkova, “Xalq soʻzi”

Muassasada ijodiy muhit ham oʻzgacha: fortopeano shaklida yasalgan oʻrindiqlar, devorlarga osilgan buyuk bastakorlar suratlari, oʻquvchilar chizgan, yasagan ijodiy ishlar, xalqaro tanlovlar gʻoliblarining diplom va faxriy yorliqlari namoyishi bu yerda yangilikka intilish, yosh isteʼdodlarni qoʻllab-quvvatlash ustuvor tamoyil ekanini oydinlashtiradi. Turli cholgʻu asboblarining tovushlari, oʻquvchilarning xor boʻlib ashula aytayotgani dars jarayonlari qizgʻin kechayotganini anglatib turibdi.

1959-yilda asos solingan ushbu maktabda bugungi kunda 440 nafar oʻquvchi oʻnga yaqin sanʼat turlari boʻyicha tahsil olmoqda. Anʼanaviy cholgʻular, estrada xonandaligi, anʼanaviy va milliy xonandalik (maqom), xoreografiya, tasviriy sanʼat, amaliy sanʼat, teatr sanʼati va boshqa shu kabi koʻplab yoʻnalishlar boʻyicha taʼlim-tarbiya olayotgan yoshlar ularga yaratib berilgan zamonaviy sharoitlardan mamnun.

Foto: Dinara Chirkova, “Xalq soʻzi”

— Oʻquv dargohimiz qayta rekonstruksiyadan chiqqanidan soʻng oʻquvchilar soni va taʼlim yoʻnalishlari ham koʻpaydi, — deydi maktab direktori Malohat Agayeva. — Ancha yillardan buyon maskanimizda malakali kadrlarga talab yuqori edi. Maktabda barcha zarur shart-sharoitlar, masalan, eng zamonaviy cholgʻu asboblari boʻlsayu, ularni ishlatadigan, yosh avlodga oʻrgatadigan mutaxassis topilmasa, naqadar achinarli! Toʻgʻrisini aytganda, bu nomaʼqul holatga oylik maoshlarimizning nisbatan kamligi ham asosiy sabablardan biri edi. Prezidentimiz tomonidan soʻnggi yillarda taʼlim tizimiga alohida eʼtibor qaratilayotgani, jumladan, davlatimiz rahbari qaroriga muvofiq, oʻquv-tarbiya jarayoni va mehnatimizga haq toʻlash butunlay yangicha asosda tashkil etilgani faoliyatimizga qayta jon baxsh etdi. Ushbu hujjatga muvofiq, bolalar musiqa va sanʼat maktablari xodimlarining bazaviy tarif stavkalari direktor va direktor oʻrinbosarlari uchun — 1,5 baravarga, oʻqituvchilar va konsertmeysterlar uchun — 1,25 baravarga oshirildi. Bu soha vakillariga qanchalik ragʻbat bagʻishlaganini bugun sanʼatning turli yoʻnalishlarida yoshlarga saboq berish niyatida taʼlim maskanimizga kelayotgan ustoz-murabbiylar salmogʻining oshganida koʻrib turibman.

Foto: Dinara Chirkova, “Xalq soʻzi”

Muassasada ijodiy muhit va ishga munosabat oʻzgargani jamoaning yurtimiz hamda xalqaro miqyosda oʻtkazilayotgan turli koʻrik-tanlovlarda qoʻlga kiritayotgan yutuqlari misolida yaqqol namoyon boʻlmoqda. Jumladan, AQSHning Las-Vegas shtatida boʻlib oʻtgan “Golden dream — 2019” xalqaro tanlovida maktab oʻquvchilari yuqori natija qayd etdi. Maskan tarbiyalanuvchilari uch yoʻnalish boʻyicha Gran-priga sazovor boʻldi.

Qoʻlga kiritilayotgan yutuqlar oʻz yoʻliga. Muhimi, olib borilayotgan ishlar natijasida yoshlarda asl sanʼatga ishtiyoq, asrlar osha yashab kelayotgan bebaho madaniy merosimizga qiziqish kuchayib bormoqda. Bu hozirgi kunda tobora avj olayotgan ongu qalbga qaratilgan xurujlar, “ommaviy madaniyat” illatlaridan kelajak avlodni asrashda tayanch nuqta boʻlib xizmat qilishi, shubhasiz.

Yulduz OʻRMONOVA, “Xalq soʻzi”.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?