Yuksak marralar yo‘lida izchil hamkorlik

10:31 03 May 2018 Siyosat
1578 0
Foto: president.uz​​

O‘zbek va turk xalqlarini azaliy do‘stlik, birodarlik hamda qardoshlik rishtalari o‘zaro bog‘lab turadi. Har ikki xalqning dini bir, madaniyati, urf-odatlari o‘xshash. Turkiyaning rivojlangan sanoati, transport kommunikatsiyalari, dengiz yo‘llari, qishloq xo‘jaligi, turizm salohiyati, ulkan davlatchilik tajribasi O‘zbekiston uchun dolzarb ahamiyatga ega.

O‘z navbatida, O‘zbekiston ham Turkiya tashqi siyosatida muhim o‘rin tutadi. Mamlakatimiz bugungi kunda Turkiyaning Markaziy Osiyoda eng asosiy sheriklaridan biri hisoblanadi. Yurtimizning ulkan bozori, tobora liberallashib borayotgan iqtisodiyoti, qulay investitsiyaviy muhiti, tarixiy shaharlari, muqaddas diniy qadamjolari Turkiyada katta qiziqish uyg‘otmoqda.

Hozirgi vaqtda O‘zbekiston — Turkiya munosabatlari dinamik tarzda rivojlanib bormoqda hamda o‘sish tendensiyasi o‘zaro hamkorlikning barcha jabhasida ko‘zga yaqqol tashlanayapti. Bugungi kunda mamlakatimizda Turkiyaning 500 ga yaqin firma va kompaniyalari faoliyat yuritayotir. Birgina 2017 yilda yurtimizda Turkiya ishbilarmonlari sarmoyasi ishtirokida 20 dan ortiq korxonalar tashkil etildi, 53 kompaniyaning vakolatxonalari esa akkreditatsiya qilindi. Ushbu raqamlar o‘zaro aloqalarda nechog‘li ulkan salohiyat borligining yorqin isbotidir.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2017 yilda Turkiyaga davlat tashrifi davomida ushbu mamlakat parlamenti — Buyuk millat majlisida ham bo‘lgan edi. Turkiya parlamentida kechgan muhim muloqotlar jarayonida ikki davlat parlamentlari o‘rtasida hamkorlikni mustahkamlash, parlamentlarning qonun ijodkorligi hamda parlament nazorati shakllari bo‘yicha o‘zaro tajriba almashish masalalari ham atroflicha muhokama etilgandi. Mazkur tashrif arafasida “O‘zbekiston — Turkiya” parlamentlararo do‘stlik guruhi tuzilib, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi bilan Turkiya Respublikasi Buyuk millat majlisi o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzolangandi.

Bugungi kunda jahon siyosatida parlamentlar o‘rtasidagi aloqalar tobora yuksalib borayotganini e’tiborga olsak, mazkur memorandum tarixiy ahamiyatga ega, desak, aslo mubolag‘a bo‘lmaydi. Zero, O‘zbekiston va Turkiya parlamentlari o‘rtasida o‘zaro muloqotni jonlantirish ikkala mamlakatning hamkorlik aloqalarini yuqori bosqichga olib chiqishga, xususan, Prezidentimizning o‘tgan yilgi tashrifi davomida savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy, investitsiyaviy hamda texnologik, madaniy-gumanitar, transport-kommunikatsiya va boshqa sohalarda erishilgan kelishuvlarni hayotga to‘liq joriy etishga xizmat qilishi, shubhasiz.

Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdo‘g‘onning mamlakatimizga davlat tashrifi hamda Oliy Majlisdagi chiqishi biz, deputatlarda katta taassurot qoldirdi. Turkiya rahbari o‘z nutqida O‘zbekistonda Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar hozirdanoq o‘zining ijobiy natijalarini berayotganini e’tirof etdi. “Inson manfaatlarini ko‘zlab olib borilayotgan ushbu islohotlarning bosh maqsadi — xalq farovonligini oshirishdir”, deya alohida ta’kidladi Turkiya Prezidenti. U, ayniqsa, O‘zbekistonning Markaziy Osiyodagi qo‘shnilari bilan iliq munosabatlarni o‘rnatganidan mamnun ekanligini izhor etdi. Shuningdek, o‘z nutqida Erkin Vohidov, Abdulhamid Sulaymon o‘g‘li Cho‘lpon kabi ulug‘ adiblarimiz she’rlaridan namunalar keltirgani uning o‘zbek xalqiga bo‘lgan yuksak hurmatining yorqin ifodasidir.

Shu bilan birga, Rejep Tayyip Erdo‘g‘on O‘zbekistonning mustaqil taraqqiyot yo‘lini qo‘llab-quvvatlagan holda, savdo, iqtisodiy, infratuzilmaviy, energetika, qishloq xo‘jaligi va boshqa sohalarda birgalikdagi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish hamda o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini 5 milliard dollarga yetkazish bo‘yicha mulohaza va -takliflarini bildirdi.

Turkiya Prezidentining mamlakatimizga tashrifi, shubhasiz, tarixiy ahamiyatga ega. Tashrif davomida o‘zaro aloqalarda foydalanilmagan imkoniyatlar ko‘pligi, xususan, erkin iqtisodiy hamda kichik sanoat zonalarida yuqori qo‘shimcha qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarishni tashkil qilish, turizm sohasidagi hamkorlikni jadallashtirish, ayniqsa, O‘zbekistonda ziyorat turizmini rivojlantirish, o‘zaro aviaqatnovlarni kengaytirishda muhim vazifalar ilgari surildi.

Umuman aytganda, O‘zbekiston va Turkiya rahbarlarining o‘zaro tashriflari ikki davlat o‘rtasidagi aloqalarda yangi sahifa ochdi hamda hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlarini belgilab berdi. Imzolangan hujjatlar va erishilgan kelishuvlar ishonchli munosabatlarni yuqori darajaga olib chiqish bilan birga, qardosh xalqlar do‘stligini yanada mustahkamlashga xizmat qilishi, shubhasizdir.

Qodir JO‘RAYEV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 
Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar 
qo‘mitasi a’zosi.

 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?