Yuksak huquqiy madaniyat va daxldorlik tuyg‘usi

11:20 28 May 2018 Jamiyat
364 0
Foto: webquestcreator2.com

Fuqarolar murojaatlarida ana shu jihatlar yaqqol namoyon bo‘lmoqda.

“Fuqarolik jamiyati” tushunchasi keyingi yillarda hayotimizda mustahkam o‘rin egallab bormoqda. Sababi, uning eng muhim jihatlari, talablari kundalik turmushimizda namoyon bo‘layapti. Xalqimizning huquqiy ongi, tafakkuri yuksalmoqda. Davlatimiz rahbari ta’biri bilan aytganda, endilikda O‘zbekistonda xalq hokimiyati nomiga emas, amalda joriy etilayotganini har qadamda ko‘rish mumkin.

Prezidentimizning parlamentga Murojaatnomasida aytib o‘tilgan bu fikr, ayniqsa, keyingi bir necha yil mobaynida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan tub o‘zgarishlarni yaqqol ifodalaydi. Buni birgina parlamentimiz yuqori palatasi — O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati devoniga fuqarolar va yuridik shaxslardan kelib tushayotgan murojaatlar ham tasdiqlab turibdi.
Murojaatlarni tahlil qilar ekanmiz, endilikda yurtdoshlarimizning ko‘pchiligi shunchaki katta-kichik shaxsiy muammolarini emas, balki ko‘proq butun jamiyatimizga taalluqli, ijtimoiy ahamiyatga molik masalalarni ko‘tarib chiqayotganiga amin bo‘lamiz.
Xalqimizni o‘ylantirayotgan dolzarb ijtimoiy muammolarni ko‘tarishda, ayniqsa, yosh avlod tarbiyasiga mas’ul bo‘lgan chinakam vatanparvar insonlar — pedagoglarning faolligi ko‘zga yaqqol tashlanadi. Xususan, Senatga kelib tushgan ana shunday murojaatlardan birida Buxoro viloyatining Qorako‘l tumanidagi  11-umumta’lim maktabida yuzaga kelgan bir qator salbiy holatlar haqida bayon etilgan. Unda o‘qituvchilar maktabdagi nomaqbul muhit, qolaversa, ta’lim maskanining moddiy-texnika bazasi o‘quv standartlari talablariga javob bermasligi to‘g‘risida kuyunchaklik bilan fikr bildirishgan.

— Yosh avlod tarbiyasi — o‘ta dolzarb masala. Shunday ekan, kelajakda mamlakatimiz taraqqiyotini belgilaydigan farzandlarimizning zamon talablari darajasida puxta ta’lim-tarbiya olishlari uchun barcha shart-sharoitni ta’minlash muhim ahamiyatga ega, — deydi Senatning Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari G. Alimova. — Mazkur ta’lim maskanida ahvol keskin tusga kirganini hisobga olib, masalani o‘rganish bo‘yicha viloyatdan saylangan senatorlar hamda vakolatli mas’ul xodimlardan iborat tarkibda ishchi guruhi tuzilishi borasida Buxoro viloyati hokimi, Oliy Majlis Senati a’zosi O‘. Barnoyevga qo‘mitamiz nomidan xat yo‘lladik. Bu holat yuzasidan Xalq ta’limi vazirligiga murojaatimizga javoban vazirlik mutasaddilari va mutaxassislardan iborat ishchi guruhi masalani batafsil o‘rganib, tegishli choralar ko‘rilganini ma’lum qildi. Xususan, maktabning pedagogik jamoasi orasida sog‘lom ma’naviy muhitni ta’minlashda yo‘l qo‘ygan xatolari uchun maktab rahbariyatiga nisbatan tegishli ta’sir choralari qo‘llanildi, ta’lim muassasasining moddiy-texnika bazasini yaxshilash borasida amaliy ishlar qilindi.

Murojaat muallifi, 11-umumta’lim maktabining tarix fani o‘qituvchisi M. Uzoqova mazkur masala yuzasidan quyidagilarni bildirdi:

— Mamlakatimizda farzandlarimizning davr talablariga mos shart-sharoitlarda ta’lim-tarbiya olishi, chuqur bilimga ega bo‘lishi uchun keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Bu islohotlar samarali bo‘lishi uchun biz, fuqarolar ham qo‘l qovushtirib o‘tirmay, o‘zgarishlar jarayoniga shunchaki tomoshabin bo‘lib qolmay, shu kabi muammolarga qat’iy nuqtai nazardan turib yondashishimiz kerak. Axir gap farzandlarimiz, yurtimiz kelajagi haqida ketmoqda. Senatga murojaat qilishdan avval ko‘plab idoralar eshigini qoqqanman. Lekin afsuski, biror naf bo‘lmadi. Parlament yuqori palatasiga chiqqanimdan so‘nggina muammo o‘z yechimini topa boshladi. Dastlab mansab vazifalariga panja orasidan qaraydigan maktabimiz mutasaddilariga nisbatan choralar ko‘rildi. Endilikda uning moddiy-texnika bazasini yangilash masalasi ko‘rib chiqilayapti. Albatta, yillar davomida yig‘ilib kelgan bu kabi muammolarni qisqa vaqtda hal etib bo‘lmaydi, buni yaxshi tushunamiz. Asosiysi, muammo bo‘yicha ishchi guruhi ish olib bormoqda. Tez orada masala to‘la hal qilinishiga ishonamiz.

Odamlarni tashvishga solayotgan yana bir ijtimoiy muammo bo‘yicha murojaat Toshkent viloyati, Chinoz tumani, “O‘zbekiston” qishloq fuqarolar yig‘inida yashovchi fuqaro Ikrom Eshxo‘jayevdan kelib tushgan. Uning Toshkent — Sirdaryo yo‘nalishidagi avtomobil yo‘lida transport vositalarining yuqori tezlikda harakatlanishi oqibatida mahalliy aholi, ayniqsa, maktab o‘quvchilari yo‘lni kesib o‘tishda qiyinchiliklarga uchrayotgani to‘g‘risida qishloq fuqarolari nomidan Senatga yozgan murojaati Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi tomonidan atroflicha o‘rganildi. O‘z navbatida, Ichki ishlar vazirligi Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi bilan birgalikda mazkur muammoni hal etish choralari ko‘rildi. Jumladan, xalqaro ahamiyatga ega M39 Almati — Bishkek — Toshkent — Shahrisabz — Termiz avtomobil yo‘lining tegishli qismida tezlikni cheklovchi belgilar, foto hamda videoradarlar o‘rnatilib, ishga tushirildi.
— Mahalliy aholini anchadan beri tashvishga solib kelgan bu muammoni hal qilishni so‘rab ko‘plab idoralarga murojaat etgan edik, — deydi I. Eshxo‘jayev. — Lekin bu sa’y-harakatlarimizdan hech bir natija bo‘lmadi. Shunda Senatga yozishga qaror qildim. Buni qarangki, tez orada mutasaddi idoralar tomonidan yo‘lda kerakli belgi va uskunalar o‘rnatildi.

Darhaqiqat, bugun davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilayotgan nihoyatda muhim tashabbus hamda g‘oyalar izchil ro‘yobga chiqarilmoqda. O‘z navbatida, fuqarolik jamiyati institutlari, jamoatchilik, umuman, barcha ushbu o‘zgarishlarni faol qo‘llab-quvvatlayapti. Biroq eskicha o‘ylashga o‘rganib qolgan, qat’iy qaror qabul qilib, choralar ko‘rish kerak bo‘lgan holatlarda sustkashlikka yo‘l qo‘yayotgan ayrim mansabdorlar hali ham yo‘q emaski, ular shiddatli tus olayotgan ko‘lamdor islohotlarga to‘g‘onoq bo‘lmoqda. Fikrimizning tasdig‘i sifatida Toshkent viloyatining O‘rta Chirchiq tumanidagi “Qumovul” QFY va Toshkent shahrining Bektemir tumani mahallalari ahli tomonidan yo‘llangan murojaatni keltirish mumkin. Unda Toshkent shahri, Bektemir tumani, J. Ostonov ko‘chasida joylashgan chiqindi suvlarni tozalash korxonasi tomonidan havoga badbo‘y hid chiqarilib, aholi sog‘lig‘iga zarar yetkazilayotgani bayon etilgan. Odamlarning shu paytgacha mutasaddilarga yozgan murojaatlariga esa umumiy gaplar bildirilgan mavhum javob xatlari kelgan, xolos.

Senatorlarning o‘rganishlari natijasida aniq bo‘ldiki, “Qumovul” QFY hududida namunaviy loyihalar asosida qurilgan uylarda yashovchi fuqarolar shu hududga ko‘chib kelganidan butkul norozi. Sassiq hid aholi, ayniqsa, bolalar ko‘nglini behuzur qilib, allergiya, bosh og‘rig‘i hamda boshqa xastaliklarning yuzaga kelishiga sabab bo‘lmoqda. Mazkur jamoaviy murojaatga yigirma nafarga yaqin fuqarolar imzo chekkanini hisobga olsak, vaziyat qay darajaga yetganini tasavvur etish qiyin emas. Hozirgi paytda ushbu masala Senatning tegishli qo‘mitasi nazoratiga olingan.

So‘nggi oylarda Senatga kelib tushgan, senatorlar aralashuvi bilan hal bo‘lgan ko‘plab masalalardan yana biri — Namangan tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro Sh. Tojiboyevning murojaati bilan bog‘liq. Bu inson o‘zi tug‘ilib o‘sgan Qo‘rg‘oncha qishlog‘ining tarixiy nomini rasman tiklashda amaliy yordam so‘rab, parlament yuqori palatasiga murojaat etgan. Geografik ob’ektlarni nomlash va qayta nomlash masalalari bo‘yicha tuman komissiyasi yig‘ilishida komissiya a’zolari tomonidan bu atroflicha ko‘rib chiqilib, ijobiy hal qilindi.

Mamlakatimizda demokratiya hamda fuqarolik jamiyati rivojlangani sayin aynan insonlar ongi, ularning hayotga, davlatga, Vatan ravnaqiga munosabati o‘zgarmoqda. Bunda mamlakatimiz rahbariyati, davlat organlari, shu jumladan, parlament tomonidan olib borilayotgan sa’y-harakatlar, keng omma orasidagi bevosita tushuntirish ishlari ham alohida o‘rin tutadi. Demak, amalga oshirilayotgan ishlar besamar ketmayapti, ularning natijalarini hozir, shu damda ko‘rish mumkin. Modomiki, odamlarning muammolari hal bo‘layotgan, ularni o‘ylantirayotgan ijtimoiy masalalar yechim topayotgan ekan, shubhasiz, ko‘zlangan maqsadlarga erishilmoqda.

Qobil XIDIROV,
«Xalq so‘zi» muxbiri.
 


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?