Yuksak g‘oyalarga hamnafaslik

11:32 26 Iyun 2018 Jamiyat
331 0

Bugun biz shiddatli islohotlar davrida yashayapmiz. Jamiyatning barcha qatlamiga ijobiy ta’sir o‘tkazayotgan izchil tarixiy o‘zgarishlar buning yaqqol dalolatidir. Ko‘zbo‘yamachilik, nuqsonlarni xaspo‘shlash, poraxo‘rlik kabi illatlarga qarshi kurashish; odamlarning hayotdan rozi bo‘lib yashashlarini ta’minlash azal-azaldan kishilik jamiyatining orzu-umidlariga hamohangligi bilan yanada yuksak ahamiyat kasb etadi. Davlatimiz rahbarining inson va uning qadr-qimmati, halollik haqidagi g‘oyalari ijodiy jarayonlarning yo‘nalishini belgilab beradi: “Hammasini kechiraman, faqat o‘g‘rilik qilmay, xiyonat qilmasa, u mening do‘stim bo‘ladi. Ana shuni xalqim bilishi kerak”.

Yurakdan chiqqan bu so‘zlar zamirida xalq dardiga darddoshlik, uning og‘ir-yengiliga yelkadosh bo‘lish, taqdiru qismatini birgalikda baham ko‘rish kabi ezgu niyatlar aks etadi. O‘zini ona xalqi baxt-saodati yo‘liga bag‘ishlash kabi fidoyilik ijtimoiy jarayonlarga nechog‘li ijobiy ta’sir qila olishi mumkinligini qadim tarix hamisha isbotlab kelgan. Bugungi kunda ehtiyojmand kishilar davlat idoralari eshigi oldida sarg‘ayishi emas, davlat idoralari odamlar huzurida ularning dardu tashvishlarini so‘rab turgani, ijtimoiy muammolarni hal etishning samarali chora-tadbirlari to‘rtinchi hokimiyat maqomidagi matbuotda ham o‘z ifodasini topayotgani adolatli, inson manfaatlari ustuvor jamiyat bunyod qilinayotganidan dalolat beradi.

Xo‘sh, mana shunday o‘zgarishlar, ta’bir joiz bo‘lsa, hayotimizning barcha jabhasiga kirib borayotgan toza havo jurnalistlar, OAV vakillaridan nimalarni talab etadi? Burchimiz, vazifamiz, kasb-korimiz mas’uliyatidan kelib chiqqan holda, hamkasblarimiz yangi davr talablariga tayyormi?! Biz, jurnalistlarning ishidan bugun xalqimiz qay darajada rozi?!

So‘nggi ikki yilda o‘zbek matbuoti o‘zgarayotgani, yangi mazmun, yangi qiyofa kasb etayotgani chin haqiqat. Hayotni bejab-bezab ko‘rsatguvchi matbuot o‘rnida eng nozik, eng muhim, eng o‘tkir muammolarni yozadigan, aytadigan, tahlil qiladigan, ko‘rsatadigan matbuot paydo bo‘la boshladi. Ayniqsa, internet-jurnalistika janri jadal rivojlanmoqda. Ijtimoiy tarmoqlar, radio-televideniye, gazetalar sahifalarida ochiq muloqotlar, bahs-munozaralar qizigandan-qizib borayotir. Yillar mobaynida tilga olish uyoqda tursin, quduqning ichiga bosh suqib pichirlash ham mumkin bo‘lmagan masalalar emin-erkin tahlil etilyapti. Odamlarda matbuotga nisbatan qiziqish, ishonch tobora mustahkamlanib bormoqda. Shunga qaramay, juda ko‘p materiallarimizda shu kunning yurak zarblari, nafasi yetishmayotganidan ham yuz burib bo‘lmaydi.

“Jurnalistning noni qattiq”, deymiz. O‘zbekiston Qahramoni Abdulla Oripov ta’riflaganidek, qalamkashlar doimo hayot karvonining eng oldingi safida bo‘lganlar. Ular katta karvon yo‘lidagi har qanday hodisayu holatlarni, o‘nqir-cho‘nqirlaru shamol-to‘fonlarni birinchi bo‘lib ko‘rganlar, yozganlar, tahlil qilganlar.

Juda ko‘plab ijodkorlar hayoti misolida buni aniq-tiniq ko‘rish mumkin. Buning uchun olis-olislardan faktlar qidirishga ham ehtiyoj yo‘q — shundoq yaqin o‘tmishga bir qur nigoh tashlashning o‘zi kifoya. Sohamizning ilk kashshoflaridan bo‘lmish Hamza Hakimzoda Niyoziydan Erkin Vohidovgacha, Abdulla Qodiriydan Odil Yoqubovgacha, Abdulla Avloniydan Asqad Muxtorgacha bo‘lgan zotlar, mavqei va darajasi qandayligi, kim bo‘lishi, qaysi janrda qalam tebratganidan qat’i nazar, eng avvalo, zabardast jurnalist, zakovatli publitsist edilar. Va ular so‘nggi nafasigacha shu yo‘lda sodiq qoldilar, sadoqat bilan mehnat qildilar.

Bugun ham OAV vakillari xalq ishonchini qozonishga intilmoqda. Bu esa oson emas. Hayotni bo‘yab-bejash ham, qildan qiyiq axtarish ham odamlarni ranjitadi. Ular hayot haqiqatini to‘laligicha ko‘rishni istaydilar. Aks holda, matbuotdan yuz o‘giradi. Shunday ekan, nazarimizda, jurnalist o‘zini xalq hayotidagi muayyan, zarur o‘ringa qo‘ya bilishi nihoyatda muhim. Buning uchun u adolatli, xolis va halol bo‘lishi, tarozining ikki pallasini bir xil tutmog‘i zarur.

Navoiy hazratlari “qand ham oq, tuz ham”, deganlar. Buyuk italyan shoiri Dante “Ilohiy komediya”da u tomongayam, bu tomongayam og‘ib ketmasin, deb ijodkorlarni jannat bilan do‘zaxning o‘rtasiga joylashtirgan. Ulug‘ daholarning ushbu fikrlarini izohlashga hojat bo‘lmasa kerak. Har bir maqola, u qaysi mavzudaligidan qat’i nazar, o‘quvchida nozik his-tuyg‘ular qo‘zg‘atmog‘i, zamon va inson haqida o‘ylantirmog‘i, yuksak g‘oyalar — xalqning ezgu tilaklarini badiiy ifodalamog‘i, halol bo‘lmog‘i kerak, deganidir bu.

Ammo sizu biz yozganlarimizda hayotning butun go‘zalligi, murakkabligi va haqiqatlarini bor bo‘yicha qamrab olyapmizmi? Mabodo, shunday savol o‘rtaga tashlansa, yozganlarimizda o‘ylab ko‘radigan nuqtalar hali oz emasligi bilinib qolmaydimi? Ming afsuski, yillar davomida o‘rganib qolganimiz shunchaki rasmiy quruq tilda faktlarni ta’kidlash bilan chegaralangan, zerikarli hisobot tarzidagi sayoz “mahsulot”larimizdan hali voz kecha olmayapmiz. Ichki ehtiyotkorlik, qo‘rquv, “ichki senzura” hali-hanuz yashab turibdi. Bunday “ehtiyotkorlik” aslida mas’uliyatni boshqalarning yelkasiga ortib, kimlarningdir panasiga yashirinib, javobgarlikdan qochishdir. Qator muammolar davlat rahbari tomonidan tilga olinmagunicha miq etmay, keyin esa yoppasiga shovqin-suron ko‘tarishimizning sabablaridan biri ham shunda — jur’atsizligimizda. Yuqoridan ko‘rsatma kutish kasalidan hali qutula olganimizcha yo‘q, bu esa fikrsizlikdan kelib chiqadigan himoyalanish qobig‘idir.

Ba’zi maqolalarni o‘qiganda, ko‘rsatuvlarni ko‘rganda, eshittirishlarni eshitganda, jurnalistlar tilidagi g‘alizliklardan “dod” deb yuborging keladi. Yaltiroq so‘zlarga ishqibozlik, savodsizligini xaspo‘shlash, original bo‘lib ko‘rinish uchun balandparvozlikka ruju qo‘yishlardan hali matbuotimiz xalos bo‘la olganicha yo‘q. Mamlakatimizda nodavlat tashkilotlar, uyushmalar, OAVlar mazkur masalaga zudlik bilan alohida e’tibor qaratishi, tezkor chora-tadbirlar ko‘rishi juda zarur. Negaki, talab hamma uchun bitta. Davlat, nodavlat degan madaniyat ham, san’at ham, adabiyot ham yo‘q! Ona tilimiz — ma’naviy mulk. Millatning bebaho xazinasini esa hamma bir xilda katta mas’uliyat bilan ehtiyotlamog‘i, asrab-avaylamog‘i, ulug‘lamog‘i shart!

Televideniyeda ishlardim. Yaponiyadan xat keldi. Samarqand haqida hujjatli filmni suratga olish rejalashtirishgan ekan. Ajablanarlisi, ikki kunga telekamera so‘ralgan edi. O‘zimiznikilarga bunaqa film yaratish uchun kamida ikki oy kerak bo‘lishini bilar edik-da! Haqiqatan ham, ular o‘z ishini ikki kunda poyoniga yetkazishdi. Suratga olgan filmlari biznikilardan zo‘r bo‘lsa zo‘r ediki, aslo kam emasdi. Bilsak, ular avvaldan Samarqand shahrini, uning tarixini, odamlarini, ob-havosiyu narx-navosigacha puxta o‘rganishgan ekan. Kimlardan intervyular olish, kameralarni, misol uchun, Registonning qaysi nuqtasiga qo‘yish, quyosh chiqar va botar mahali qadimiy minoralar peshtoqi qay tusda tovlanishlarigacha rejissyorning ssenariysida yozib qo‘yilgan edi. Qancha vaqt, qancha mablag‘ tejalgan. Biz nega shunday qilmaymiz? Qachon o‘rganamiz?

Aytgan so‘zi o‘quvchi, tinglovchi ruhini ko‘tarishi, ularga kuch bag‘ishlashi, qalblarni sehrlashi, hayratga solishi, ko‘ngillarga adolat nurlarini taratishi jurnalistlar obro‘-e’tiborini oshiradi. Ular uchun zarur sharoitlar yaratildi, ehtirom ko‘rsatilmoqda. Jurnalistlar faoliyatini, turmush tarzini yuksaltirishga doir Prezident qarorlari qabul qilindi. Modomiki, yangilanish oftobining nurlari tiniqlashib borayotgan ekan, biz ham tezroq o‘zimizni o‘zgartirishimiz lozim. Yurak qo‘riyu shijoatimiz olg‘a intilayotgan shukuhli karvondan ortda qolmaslikka undaydi.
Abdusaid KO‘CHIMOV.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?