Yozuvchi Tohir Malik vafot etdi

10:28 16 May 2019 Madaniyat
2285 0

Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Tohir Hobilov (Tohir Malik) 16 may kuni 73 yoshida vafot etdi. Bu haqda “Xalq soʻzi”ga Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasidagi manba maʼlum qildi.

Tohir Malikning janozasi bugun Shayx Zayniddin (Koʻkcha) jome masjidida asr namozidan so'ng oʻqiladi va shu yerda u soʻnggi manzilga kuzatiladi.

Maʼlumot uchun, Tohir Malik (Hobilov Tohir Abdumalikovich) 1946 yil 27 dekabrda Toshkent shahrida tugʻilgan. Oʻzbekiston xalq yozuvchisi (2000). Oʻzbek fantastikasining asoschilaridan biri boʻlgan. Toshkent davlat universitetining (OʻzMU) jurnalistika fakultetini tamomlagan (1969).

Birinchi yirik asari — “Hikmat afandining oʻlimi” (1972). “Zaharli gʻubor” (1974), “Falak” (1975), “Somon yoʻli elchilari” (1978), “Chorrahada krlgan odamlar” (1982), “Bir koʻcha, bir kecha” (1983), “Alvido, bolalik” (1989), “Soʻnggi oʻq” (1990), “Ov” (1995) kabi ilmiy-fantastik, sarguzasht qissalari mashxur.“Shaytanat” romani (1-kitob, 1992; 2-kitob, 1995; 3-kitob, 1997; 4-kitob, 2000) yozuvchining yirik asarlaridandir. Asar asosida koʻp seriyali telefilm yaratilgan. “Jinoyatning uzun yoʻli” (2004) ilmiy-tahliliy risolasi, “Mehmon tuygʻular” (2003) nomli xotira, yodnoma, adabiy maqolalar toʻplami ham bor. Uning “Amir Temur davri adabiyoti” (1998), “Varaxsha”, “Unvoni inson” (1999), “Sohilsiz dengiz” (2000), “Zulmat saltanati” (2001), “Moshtabib” (2002) ssenariylari asosida hujjatli filmlar ishlangan.

Rus yozuvchisi F. M. Dostoyevskiyning “Maʼsuma” qissasini, shuningdek, jahon adabiyoti namoyandalarining ayrim asarlarini oʻzbek tiliga tarjima qilgan.

“Xalq soʻzi Online” marhumning oila aʼzolariga chuqur hamdardlik bildiradi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?