Yozgi taʼtil boshlandi! Sogʻlomlashtirish oromgohlari mavsumga tayyormi?

10:56 30 May 2019 Jamiyat
412 0

Arxiv foto

Urgut tumanining togʻ yonbagʻirlaridagi soʻlim maskanda joylashgan “Chor chinor” bolalar oromgohida “Oromgohlarda bolalarning boʻsh vaqtini samarali oʻtkazishga barchamiz masʼulmiz” mavzusida seminar boʻlib oʻtdi. Bu haqda viloyat xalq taʼlimi boshqarmasi xabar berdi.

Yozgi sogʻlomlashtirish oromgohlarini namunali tashkil etish maqsadida oʻtkazilgan tadbirda viloyat va tuman (shahar) hokimligi masʼullari, xalq taʼlimi boʻlimi mudirlari, tibbiyot birlashmasi boshliqlari, kasaba uyushmalari raislari, DSENM bosh vrachlari, barcha oromgoh rahbarlari hamda tarbiyachi va sport murabbiylari qatnashdi.

Yozgi taʼtil vaqtida 23 ta doimiy oromgohda 10 mingga yaqin, kunduzgi oromgohlarda esa 11 mingdan ortiq bolalarni hordiq olishi rejalashtirilgan, – dedi viloyat hokimining oʻrinbosari Rustam Qobilov seminar ishtirokchilariga. – Shuning uchun barchamiz ularning vaqtini mazmunli oʻtishida hissamizni qoʻshishimiz kerak. Bolajonlar qaysi oromgohda boʻlmasin oʻtkazgan oʻn ikki kunidan xursand boʻlsin. Bu tadbirni “Chor chinor” bolalar oromgohida tashkil qilganimiz ham bejiz emas, albatta. Negaki, har bir oromgoh rahbari mazkur maskandagi sharoit va imkoniyatlarni koʻrib, oʻrgansin va amaliyotda qoʻllashga harakat qilsin. Amaliy seminar davomida bolajonlar dam olish vaqtining mazmunli oʻtishi, ularning har bir xatti-harakatini qatʼiy nazoratga olish kerakligi aytildi. Ishtirokchilar oʻzlarining fikr-mulohazalarini bildirdi va oʻzaro savol-javoblar boʻldi. Shundan soʻng tadbir qatnashchilari oromgohda yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.

Oromgohda zamonaviy jihozlar bilan taʼminlangan oltita yotoq pavilyoni, yozgi amfiteatr, suzish havzasi, sport majmuasi, tashqi va ichki oʻyingohlar hamda oshxonada tashkil etilgan qulayliklar ishtirokchilarda katta qiziqish uygʻotdi.

Shuningdek, mehmonlar oromgohdagi bolalar uchun qiziqarli adabiyotlar bilan taʼminlangan kutubxona, maʼnaviyat va tibbiyot xonasi bilan tanishdi.

Tadbir yakunida viloyat madaniyat boshqarmasi tomonidan bolajonlar uchun tayyorlangan quvnoq kuy va qoʻshiqlardan iborat disklar tarqatildi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?