Yovvoyi hayvonlar hisobini yuritish qonun bilan mustahkamlandi

04:19 23 May 2020 Siyosat
419 0

Bugungi kunda ov qilish va ovchilik xoʻjaligi sohasidagi munosabatlar huquqiy jihatdan 10 dan ortiq qonunosti hujjatlari bilan tartibga solib kelinadi. Bu oʻz navbatida huquqni qoʻllash amaliyotida turli qarama-qarshilik va talqinlar, murakkabliklarni keltirib chiqarib kelmoqda. Boz ustiga sohadagi davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlari, yovvoyi hayvonlar holati ustidan davlat monitoringini olib borishning samarali tizimi mavjud emas. Shuningdek, ovchilar va ovchilik xoʻjaliklarining huquqi, majburiyatlari qonun hujjatlarida aniq belgilanmaganligi ovlanadigan hayvon resurslarining holatini aniqlashga, ular populyatsiyasi davlat monitoringi tizimining rivojlanishiga, mamlakatimizda ovlanadigan hayvon turlarining soni va ovlanish hajmlarini, ularning reproduktiv holatini oʻrganishga toʻsqinlik qilmoqda.

Bu kabi omillar mazkur yoʻnalishda ayrim muammolarning kelib chiqishi va koʻplab huquqbuzarliklar sodir etilishiga sabab boʻlmoqda. Raqamlarga murojaat qiladigan boʻlsak, mamlakatimizda 2018-2019-yillar va 2020-yilning birinchi choragida ovchilik va baliqchilik sohasida jami 2447 ta huquqbuzarlik aniqlangan va 912 mln. soʻmdan ortiq jarima undirilgan.

Iqtisodiyotning muhim tarmoqlaridan biri boʻlgan turizmni rivojlantirishda ham soha istiqbolli yoʻnalishlardan hisoblanadi. Mamlakatimizda ov turizmi imkoniyatlaridan toʻliq foydalanish, xususan, xorijiy sayyohlarni ovchilik sohasiga jalb etish orqali davlat byudjetiga valyuta tushumlarini oshirish, ov hayvonlarini yetishtirish, tiklash va koʻpaytirish orqali esa, sarflanadigan xarajatlarni moliyalashtirish imkoniyati yuzaga keladi.

Ayni paytda Qonunchilik palatasida uchinchi oʻqishda qabul qilingan “Ov qilish va ovchilik xoʻjaligi toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi moddalarida yuqorida koʻrsatib oʻtilgan masalalarning huquqiy yechimlari oʻz aksini topdi.

Qonun loyihasida moddalarning toʻgʻridan-toʻgʻri amal qilishiga eʼtibor qaratilgan. Jumladan,

ov qilish va ovchilik xoʻjaligi sohasidagi davlat ciyosatining asosiy yoʻnalishlari;

yovvoyi hayvonlarning soni hamda tutilgan yovvoyi hayvonlarni hisobga olish kimlar tomonidan amalga oshirilishi;

yovvoyi hayvonlarning sonini tartibga solish hamda yovvoyi hayvonlar oʻrtasida infeksion kasalliklar tarqalishiga qarshi kurashish;

yovvoyi hayvonlarni tutishga doir kvota boʻyicha ariza berish muddatlari va kim tomonidan berilishi;

yovvoyi hayvonlar turlarining oʻziga xosligidan kelib chiqib ov qilish mavsumi va muddatlari aniqlanishi;

ov qurollari va ov qilish usullari hamda ov qilishning xavfsizlik qoidalari boʻyicha normalar kiritilishi;

ov turizmini yana-da rivojlantirish maqsadida chet ellik fuqarolar va turistik faoliyatni amalga oshirish huquqi uchun litsenziyaga ega boʻlgan yuridik shaxs hamda ovchilik xoʻjaligi oʻrtasida tuzilgan shartnoma asosida chet ellik fuqarolar uchun ovni tashkil etilishi;

xalqaro tajribani inobatga olgan holda halqasi, mikrochipi, yorliqchasi, tamgʻasi boʻlgan yovvoyi hayvonlar tutilganda ovchilik xoʻjaligining vakolatli shaxsiga yoki Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasining hududiy organlariga ular tomonidan keyinchalik Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasiga topshirish uchun axborot taqdim etilishi;

qanday harakatlar gʻayriqonuniy ov qilish (brakonyerlik) deb eʼtirof etilishi;

ov qilish uchun zaruriy hujjatlar va ular kim tomonidan berilishi;

ovchilik xoʻjaligini yuritish huquqining aniqlanishi;

jamoatchilik tanishish imkoniyatiga ega boʻlgan ov qilish va ovchilik xoʻjaliklari toʻgʻrisidagi axborot bazasi boʻyicha normalar belgilab qoʻyilgan.

Shuningdek, deputatlar taklifi asosida Oʻzbekiston Ovchilar va baliqchilar sport birlashmasi aʼzoligiga majburiyligi masalasidagi norma chiqarilib, ov sohasida faoliyat yurituvchi jamoat birlashmalari tomonidan muomalaga layoqatli, oʻn sakkiz yoshga toʻlgan, ovchilik minimumi boʻyicha sinov imtihonini topshirgan jismoniy shaxslarga ovchilik guvohnomasi berilishi belgilandi.

Xulosa qilib aytganda, qonun loyihasining qabul qilinishi ovchilik resurslaridan oqilona foydalanish orqali atrof-muhitni muhofaza qilish uchun qulay shart-sharoitlar yaratilishiga, yovvoyi hayvonlar hisobini yuritish, ularni koʻpaytirish va tutish normalarini tartibga solish ustidan davlat nazoratini kuchaytirishga, ov turizmining rivojlantirilishiga hamda ov xoʻjaliklari holatining yaxshilanishiga olib keladi.

Xayrillo GʻAFFOROV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?