“YouTube qiroli” ijodiy safar bilan Oʻzbekistonda boʻlib turibdi

17:46 07 May 2019 Jamiyat
800 0

Ijtimoiy tarmoqlardagi mashhur blogerlardan biri, Indoneziyadagi oʻn bir nafar farzandli Gen va Halilintar oilasi ayni paytda navbatdagi ijodiy safar bilan mamlakatimizda boʻlib turibdi.

Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi matbuot xizmatidan xabar qilishicha, bu galgi safar Oʻzbekistonning turistik salohiyatini oshirishga qaratilgan.

Qoʻmita raisi vazifasini bajaruvchisi Abdulaziz Akkulov Fargʻonada tasvir ishlarini olib borayotgan ijodiy guruh bilan uchrashib, Oʻzbekiston turizmini faol targʻib etayotgan blogerlar bilan suhbatlashdi.

— Biz Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi taklifi joriy yilgi faoliyatimizni yanada jonlantirib yubordi. Biz nafaqat qadimiy Samarqand, Buxoro shaharlarini, balki soʻlim va betakror, yirik turizm salohiyatiga ega boʻlgan Fargʻona vodiysi haqida ham maxsus video materiallar tayyorlash niyatidamiz, — deydi oila boshligʻi.

Gen va Halilintar suhbatda Oʻzbekiston hamda Indoneziya oʻrtasida turistik imkoniyatlar uchun keng yoʻl ochib berilayotgani, Jakartadan Toshkentga qadar ochilgan aviaqatnovlar xalqlar oʻrtasidagi aloqalarning mustahkamlanishiga xizmat qilishini aytib oʻtgan.

Taʼkidlash lozimki, Gen va Halilintar oilasi “King of YouTube”, yaʼni “YouTube qiroli” degan nomga sazovor boʻlgan. Ushbu oila YouTube kanalida juda katta – 9 million obunachisi bor kanalni yuritadi. Joriy yilning yanvar oyida Chimyon togʻi, Toshkent, Samarqand va Buxoro shaharlarida tasvirga olingan “Ziggi-Zagga” qoʻshigʻiga ishlangan klip 50 million marta tomosha qilingan.

2014 yilda Gen va Halilintar oilasi yurtimizga sayohatidan soʻng mamlakatimiz tarixiy-madaniy inshootlari, muqaddas qadamjolari va xalqimiz madaniyati, anʼana va urf-odatlari haqida “Oʻzbekiston – mehmondoʻst davlat” (“Uzbekistan negara sahabat”) nomli kitob yozadi. U 100 ming nusxada nashr etilib, Indoneziyada eng koʻp oʻqilmoqda.

Mazkur kitob oʻzbek tiliga tarjima qilinib, Samarqandda nashr etilishi rejalashtirilgan. 


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?