Yot andozalar, mavhum gʻoyalar, qurama tillar poytaxtimizning qiyofasi buzilayotganiga qachongacha jim qarab turamiz?

11:53 14 Fevral 2019 Jamiyat
1910 0

Foto: Hasan Paydoyev / "Xalq so'zi"

Dunyo siyosiy xaritasida oʻzining munosib oʻrniga ega boʻlib, oʻz soʻzini aytib kelayotgan mamlakatimiz poytaxti Toshkent shahri kundan-kun chiroy ochib, goʻzallashib borayotgani hech kimga sir emas. Bu shahar haqidagi taʼrifu tavsiflar qadim-qadimdan avloddan-avlodga oʻtib kelgani eʼtiborga molik. Ulugʻ alloma Abu Rayhon Beruniy mashhur “Hindiston” asarida “Toshkent” atamasini qoʻllab, uning maʼno-mazmunini tushuntirib beradi. Tarixchi olim Muhammad Solih Rahimxoja “Toshkentning yangi tarixi” asarida shaharning geografiyasi va topografiyasi, oʻn ikki darvozasi, dahalari, madrasayu masjidlari, suv bilan taʼminlab turuvchi anhoru ariqlari, dehqonchilik mahsulotlari haqida yozadi. Bosh kentimizning oʻziga xos “Sharq darvozasi” degan nufuzini asrab qolish xususida soʻz ketganda bunday maʼlumotlar bugungi kunda ham yuksak ahamiyat kasb etadi.

Shaharlar boqiydir, umr oʻtkinchi

Davlatimiz rahbari parlamentga yoʻllagan Murojaatnomasida milliy oʻzligimizni anglash, Vatanimizning qadimiy va boy tarixini oʻrganish kabi milliy gʻoya rivojiga xizmat qiladigan masalalarga alohida eʼtibor qaratdi. Milliy gʻoya milliy ruh bilan yoʻgʻrilib, xalq qalbiga kirib borgandagina uzoq yashab, taʼsir doirasiga ega boʻladi, aks holda qadim tarixning obyektiv qonuniyatlariga dosh berolmay oʻz-oʻzidan qumga singgan suv kabi izsiz yoʻqoladi.

Har bir millat oʻz tarixi bilan faxr­lanishga haqli. Uni oʻz tomiridan ajratib, manqurtga aylantirishni rejalashtirgan gʻarazli oqimlar “ommaviy madaniyat”ning turli koʻrinishlarini pinhoniy tarzda amalga oshira borishadi. Hozirgi dunyo globallashuvida bu holat oqibati tuzatib boʻlmas jarayonga aylanayotgani bilan xatarli tus olmoqda. Bu xavfdan xoli ekanligiga hech kim kafolat bera olmaydi. Har bir millatning oʻzligi, ona tili, urfu udumlari, kiyinish madaniyati, shaharlaru oʻlkalarning esa oʻz milliy qiyofasiga ega boʻlishigina bu xavfdan himoya qila olishi mumkin. Yoʻqsa, yot andozalar, mavhum gʻoyalar, qurama tillar avval yashash makonimiz, soʻngra tilimiz va ruhimizning ojiz nuqtalaridan ­sirgʻalib kirib, egalik qila boshlasa, keyin kech boʻladi. Bunday baloyu ofatning mohiyatini anglamoq uchun dunyoning qaynoq nuqtalaridagi voqea-hodisalarni aql tarozisiga solishning oʻzi kifoya qiladi. “Ommaviy madaniyat”ning turfa koʻrinishlari zamonaviylik niqobida jilvalanishidan farzandlarini, oʻzligini asrab qolgan millatgina ozod boʻladi. Shaharlari olaquroq manzarasi bilan emas, oʻz milliy qiyofasi bilan dunyo jamoatchiligi eʼtiboriga tushadi.

“Toshkentnoma” dostonida Maqsud Shayxzoda lutf etganidek:

Shaharlar boqiydir, umr oʻtkinchi,

Daryolar sobitdir, suvlar koʻchkinchi.

Shunday ekan, bugungi kunda jahonda oʻz soʻziga, oʻz yoʻliga ega boʻlgan mustaqil Oʻzbekistonning poytaxti Toshkent shahrining husniga soya solib turgan dogʻlardan qanday xalos boʻlish lozim, degan savol tugʻilgudek boʻlsa, avvalo, ular qanday noxush manzaralarda namoyon boʻlayotganini bilib olishimizga toʻgʻri keladi.

Foto: Hasan Paydoyev / "Xalq so'zi"

Taqqos va tahlil

Har bir hodisaning ijobiy yoki salbiy tomoni, avvalo, taqqos, tahlil ­orqali chuqur oʻrganilib, xulosa chiqarilgandagina maʼlum boʻladi. Shunda ehtimol gʻofillik orqali yoʻl qoʻyilgan xatolarni tuzatish oson kechadi. Aks holda bunday xatti-harakatlar jamiyatga ziyon yetkazadi.

Poytaxtimizda koʻrsa koʻrgulik, havas qilsa arzigulik maskanlar koʻp. Bunday joylar uzoqni koʻra oladigan ­bunyodkorlar tomonidan qurilganini eʼtirof etib, ularning fahm-farosatiga tasannolar aytamiz. Masalan, Toshkent metropolitenining 1984 yil 8 dekabr kuni ishga tushirilgan ­Alisher Navoiy bekati millatiyu ­irqidan qatʼi nazar, barchani hayratga solib keladi.

Buning sababi nimada?

Oʻzbekiston xalq rassomi Chingiz Ahmarov mazkur metro bekati devorlariga Alisher Navoiy asarlari asosida moviy sopoldan ishlagan pannolar oʻziga xos milliy ruh bilan sugʻorilganida. Bugun xorijlik sayyohlar bekat manzaralariga hayrat bilan boqishadi, mustabid davr mahsuli, deb yuz burib ketishmaydi. Uni Moskva, ­Neapol, Vashington, Kiyev, Praga, ­Myunxen, Sankt-Peterburg, Monreal, Stokgolm kabi shaharlardagi dunyoning eng goʻzal metro bekatlariga qiyoslab, “Insonlar qalbiga oʻzgacha goʻzallik va tuygʻu olib kiruvchi metro bekati”, deb taʼriflashadi.

Bonu AZIZOVA, Toshkent arxitektura-qurilish instituti tayanch doktoranti:

— Poytaxtimiz Toshkent shahrida milliy meʼmorchiligimizning oʻziga xos betakrorligini mujassam etgan Alisher Navoiy metro bekatini bezashda pannolardan tashqari qadimiy oʻzbek meʼmorligining girih va islimiy ­naqshlaridan foydalanilgan. U betakror ganchkorlik namunalarini oʻzida namoyon etadi. Bekat shipi gumbaz shaklida ishlangan boʻlib, goʻzal qandillar osilgan. Yaqin yillarda “metro bekatining marmar devorlari va pannolarning rangi unniqib qoldi”, degan bahonani roʻkach qilib oddiy qurilish moy boʻyogʻi bilan “yangilamoqchi” boʻlishganida, tarixiy binolarga, meʼmoriy obidalarga va sanʼat asarlariga bepisand, “yovvoyilarcha” munosabat birinchi marta uchramayotgani keng jamoatchilikning haqli eʼtiroziga sabab boʻlgan edi. Shu tariqa “shoʻro mafkurasiga xizmat qilgan” bahonasida johillarcha buzib tashlangan haykaltaroshlik yoki rassomlik asarlarining achchiq qismatidan bekat saqlanib qolgani nechogʻli toʻgʻri boʻlganini bugungi kunda barcha birdek eʼtirof etadi. Yoddan chiqarmaslik lozimki, xorijdan kelayotgan sayyohlarni shoʻro davrida qurilgan binolar qiziqtirishining oʻziga xos sabablari bor, buni bilmasdan, tahlil qilmasdan, xulosa chiqarmasdan buzib tashlayverish johillikdan oʻzga narsa emas. Ular bunday joylarga tarixiy obidalarimizga qiziqqan kabi qiziqishadi. Mutaxassis sifatida ayta olamanki, shoʻro davriga oid ornamentlarni yulib tashlaganimiz, yodgorliklardan voz kechganimiz meʼmoriy jihatdan bizga juda qimmatga tushdi. Endi bunday xatolarga yoʻl qoʻymasligimiz kerak, deymiz-u, amaliyotga kelganda yana eski ahvol takrorlanaveradi. Masalan, hozir poytaxtimiz Toshkent shahrida zamonaviy koʻringani bois xorij meʼmorligiga taqlid qilishning mutlaqo keragi yoʻq. Dunyoning qaysi davlatidan kelgan boʻlmasin, sayyohlar bizga, oʻzligimizga, milliy qiyofamizga qiziqishgani kabi binolarimizning ham oʻziga xosligini qidirishadi. Hozir Toshkent shahrining istalgan nuqtasida koʻzingiz tushishi mumkin boʻlgan “I love Tashkent” shaklidagi art-obyektlar ham, boshqa shunaqa olaquroq narsalar ham ularni qiziqtirmaydi. Ajdarho ramzini koʻrishni istaganlar esa ­Xitoyning oʻziga borib qoʻya qolishadi. Bu ramzni bizdan koʻra ­Xitoyga borib tomosha qilish ular uchun qiziqarli, negaki, buning nimaligini u yerda yaxshilab tushuntirib bera olishadi, bizda esa uni qoʻyganlarning oʻzlari ham bilishmaydi.

Haqiqatan ham, Sayilgoh koʻchasidagi ajdarho timsoli yonida birov ushbu ramzning Xitoyga tegishli ekanligini bilsa, boshqasi bilmas, nega qoʻyilganiga aqllari yetmay, kift qisishardi. Shoir aytganidek, “Hoʻkizning boʻyniga taqsang taqinchoq, Tomosha ahliga boʻlgay ovunchoq” qabilidagi bunday bezaklar oʻrniga milliy andozalar topish nahotki, shunchalar qiyin boʻlsa?

Odina OTAJONOVA,

Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti dotsenti, psixologiya fanlari nomzodi:

—Ota-onalar farzandlarini qoʻllaridan ushlab, ularni xursand qilish maqsadida olib borayotgan xiyo­bonlarda bola koʻz oʻngida namoyon boʻlayotgan olam oʻzga millat ramzlaridir. Masalan, poytaxtimizning Sa­yilgoh koʻchasidagi ajdarho mohiyatini farzandingiz bilan Xitoyga sayohatga borganingizda tushuntira olishingiz mumkin, ammo bu yerda, yana Oʻzbekiston davlatining poytaxti boʻlgan Toshkentning qoq markazida qanday tushuntirasiz? Xitoydan keb qopti, deysizmi? Bundan ham battari — “I love Tashkent” degan yozuv mohiyatini, qayerdan kelib chiqqanini, nimani anglatishini qanday tushuntirib bera olasiz?

Oʻzga millatlarning ramziga aylangan har xil koʻzni qamashtiradigan ­rasmlar, oʻyinchoqlar, haykalchalar poytaxtimiz va boshqa shaharlarimiz koʻchalari, xiyobonlarini tobora katta hajmda egallab borayotgani bizni tashvishga solishi kerak. Chunki bola borliq, yaʼni olam va oʻz atrofidagi insonlarning munosabatlari zamirida oʻzini anglay boshlaydi. Bu jarayonda taʼsir etuvchi vositalarning eng kuchlisi rang-barang oʻyinchoqlaru ramzlar vositasida unga yetkazilayotgan axborotlar hisoblanadi. Oʻsha ajdarho bola ongida keyinchalik ham sevimli ramzga aylanadi. Sevimlilik bilan muqaddaslik oʻrtasidagi masofa koʻp olis emas.

Foto: Hasan Paydoyev / "Xalq so'zi"

Milliy hissiyotlarni yoʻqotish jinoyat hisoblanadi

Har qanday millat vakilida milliy hissiyot mavjud boʻlsagina, oʻz xalqini joni dilidan seva olishga qodir boʻladi. Shu tariqa oʻz yurtini jonidan ortiq koʻrib, uning oʻtmishi, buguni, kelajagi uchun qaygʻuradi. El boshiga ish tushsa, oʻzini ortga olmaydi. Aks holda...

“Oʻz ona tilidan ajramoqliq milliy hissiyotlarni yoʻqotish natijasidir, — deb yozadi ulugʻ alloma ­Alixontoʻra Sogʻuniy. —Bu ish esa ­insoniyat olami oldida ulugʻ jinoyat, kechirilmas jinoyat hisoblanadi”.

Jumanazar NURMATOV, tibbiyot fanlari nomzodi:

—Qalb buzilsa, ong aynisa, buni davolash qiyin. Qaysi chet elga borsam, ularning tilini oʻrganishga harakat qilaman. Shifokor sifatida muqaddas Haj safariga borganimda, arablar Imom Buxoriy yurtidan ekanligimizni bilib, bizni qanday eʼzozlaganliklarini hech qachon unutolmasam kerak. Xorijdagi millatdoshlarimiz bilan soʻzlashganimda, ular olislarda yurt sogʻinchidan entikib, ona tilimizda qanchalik chiroyli muloqotda boʻlishlari ham qalbimni larzaga ­solgandi. Toshkentga qaytganimda ulugʻ ­ajdodlarimizga nega munosib boʻlolmaymiz, nega odamlarning har kuni ishi tushadigan joylarga ularning muqaddas nomlarini bera olmaymiz, degan iztirobli xayollarga borganim yodimda.

Bir kuni xorijdan kelgan millatdosh tanishim poytaxtimizdagi ­Temuriylar tarixi Davlat muzeyini koʻrish istagi borligini bildirdi. ­Katta yoʻlga chiqib, taksi toʻxtatdik. Qayerga borishimiz ­kerakligini aytdik. Haydovchi boshini qashib qoldi. Amir Temur xiyobonini bilmaysizmi, deya uning yonida yana qanday inshootlar joylashganini tushuntira boshlasam, esiga kelib qolib, “E-ha, skver demaysizmi?” desa boʻladimi? Mehmonning oldida xijolatpazligimni qanday yashirishni bilmay tursam, haydovchi oʻlganning ustiga tepgandek qilib, “Ugolok”ka borasizlarmi?” deydi.

Nima ham deyish mumkin? Eshagiga yarasha tushovi. Toshkent shahrining qaysi chetidan taksi toʻxtatib, vokzalga eltib qoʻyishini soʻrasangiz, “Severnыygami, Yujnыygami?” deb soʻrashadi. Negaki, ularning ongida koʻrgan narsalari muhrlanib, qotib qolgan. Barchaning diqqat markazida boʻlgan shunaqa joylarga dunyo taniydigan bobolarimiz, olimu ijodkorlarimiz nomlari qoʻyilsa, qanday chiroyli boʻlar edi.

Bugungi kunda dunyodagi metro bekatlari reklama maydoniga aylanib qolgani ajablanarli emas. Moskva, London, Parij singari shaharlarda ham shunaqa, gavjum joylarda reklama samarali boʻlishi aniq. Ammo oʻsha yirik shaharlardagi reklamalar oʻzlarining ona tilida, oʻz mentaliteti hamda dunyoqarashidan kelib chiqib tarqatiladi. Toshkent metro bekatlari va koʻchalaridagi reklamalarga bir nazar tashlashning oʻzidayoq, “Ie, biz qaysi mamlakatda yashayapmiz oʻzi?” degan taajjubli savol uygʻonadi. Hattoki, buyuk sohibqiron bobomiz Amir Temur nomi berilgan metro bekati ham bundan mustasno emas. Davlatimiz rahbari askarlar harbiy qasamyod qilishdan oldin, albatta, Oʻzbekiston tarixi va “Temur tuzuklari”dan sinov imtihoni topshirishi kerakligini taʼkidlagani yodingizga tushar ekan, sohibqiron nomi bilan atalgan metro bekati boʻylab uning biror-bir soʻzini koʻrib qolish ilinjida oʻtayotgan boʻlajak askar, oʻsmir yigit koʻz oʻngingizga keladi. Nahotki, Amir Temur xiyoboni va Temuriylar tarixi Davlat muzeyiga olib chiqadigan yoʻllarda “Temur tuzuklari”dan namunali iqtiboslar keltirilgan sharqona marmar taxtachalar tashkil etish mumkinligi hech kimning xayoliga kelmasa? Albatta, bunday yozuvlarning oʻzbek tilidan soʻng rus va ingliz tillaridagi tarjimalari ham oʻzini oqlaydi. Bugungi kunda esa... bu joylarda faqat xorijiy tillardagi reklamalarga toʻqnash kelaverib, bezib ketasiz. Nega biz oʻz tilimizdan or qilamiz? Yoki oʻzbek tilida yozilsa, mahsulot oʻtmay qoladimi?

Oʻrol HAYITOV,

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati:

— Koʻp joylarda poytaxt Toshkent koʻchalaridagi yozuvlar bozorlardagi eʼlonlar kabi imlo xatolari son-sanoqsiz. Manzilning nomi oʻzgargan boʻlsa-da, transport vositalaridagi manzilni koʻrsatuvchi maʼlumot taxtachalari almashtirilmay qolaverish hollari koʻp uchraydi. Yoʻnalishdagi transport vositalari yoʻnaltiruvchi belgilari — nomlar xato, gʻaliz, oʻzbekcha soʻzlar ruscha talaffuzda yozilgan. Baʼzan dilimiz siyoh boʻlib, “Shunchalikka kelib qoldikmi?” deb yuborganimizni ham bilmay qolamiz.

“Reklama toʻgʻrisida”gi Qonunda reklama tili haqida ham meʼyor mavjud. Unga koʻra, reklama, birinchi navbatda,davlat tilida tarqatilishi koʻrsatib qoʻyilgan. Keyin, reklama beruvchining xohishiga koʻra, boshqa tillarda tarqatiladi. Koʻchalarimizdagi reklama vositasi hisoblanmaydigan yozuvlarning xilma-xilligi, turli-tumanligi Qonunga ziddir. Bugungi kunda “Reklama toʻgʻrisida”gi Qonunda reklama tayyorlovchi va reklama beruvchining majburiyatlarini qayta koʻrib chiqish zarurati mavjud. Negaki, yoʻl qoʻyilgan imlo xatolari uchun kimdir javobgar boʻlishi kerak. “Biz ish boshladik”ning oʻrniga “Biz ochildik” qabilidagi tuturiqsiz iboralar koʻp. Bundaylarga qonunda tegishli tartibda jarimalar qoʻllash hamda reklama tayyorlovchi til boʻyicha mutaxassis shtat birligini tashkil qilishi shartligini qonuniy belgilab qoʻyishimiz lozim. Shuningdek, ­“Davlat tili haqida”gi Qonunda esa “Yangi ilmiy asoslangan atamalar jamoatchilik muhokamasidan keyin va Oliy Majlis palatalari tegishli qoʻmitalarining roziligi bilan oʻzbek tiliga joriy etiladi”, deb koʻrsatilgan. Amal qilishga kelganda, odatdagidek, oqsab qolyapmiz.

Foto: Hasan Paydoyev / "Xalq so'zi"

Ertaga kech boʻladi

Ijtimoiy qurilmaning muhim boʻgʻinlari va ularni bogʻlovchi vositalarni buzib yuborish tarqoqlik muhitini barpo qiladi. Qarabsizki, oʻziga xos “men”lik tuygʻusiga putur yetib, aqlli koʻringan zombilar paydo boʻladi. Odob-axloq yoʻqqa chiqadi. Shunday qilib, muayyan bir gʻoyani kishilar ongiga singdirish ortida turgan maʼlum guruhlarning manfaatlari amalga oshib, zombilarni boshqarishni oʻz qoʻllariga olishadi. Pul, boylik vositasidagi zoʻravonlikdan tashqari, notoʻgʻri axborot ­tarqatish ham yovuz kuchlarning koʻzga koʻrinmas, ammo qudratli hukmronlik manbai ekanligini unutmaslik lozim.

Globallashayotgan axborot makoni kishilarimizni maʼlum darajada gangitib qoʻygani, ular axborot bosimidan esankirab qolgani sir emas. Har qandayaxborotda muayyan gʻoya mujassam.Abdulla ­Avloniyning “Tarbiya biz uchun yo hayot — yo mamot, yo najot — yo halokat, yo saodat — yo falokat masalasidir”, degan soʻzlari faqat taʼlim muassasalarigagina taalluqli, deb oʻylash kechirilmas xato hisoblanadi. Xoh koʻchalarda, xoh bozorlarda — qayerda boʻlmasin, ommaning eʼtiboriga taqdim etilayotgan axborot vositalarining zamirida mana shu masala turishi kerakligi bugungi kunning talabi, dolzarb vazifasidir.

Ilyos QUVONDIQOV,

Oʻzbekiston davlat jahon tillari universiteti oʻqituvchisi:

—“Ommaviy madaniyat” tahdidi faqat chetdan emas, oʻzimizdan, oʻz oramizdan ham chiqishi mumkin. Ajdodlar hayotini turli uydirmalarga qorishiq holda taqdim etish, madaniyatning tubanlashuvi, tarixning soxtalashtirilishi millatning ildiziga bolta uradi. Shu maʼnoda, bugun, ayniqsa, poytaxt ­Toshkent shahrining qaysi joyida boʻlmasin, art-obyekt, deb atalmish qurilmalar, reklamalar joylashuvi va ularning tiliga katta eʼtibor berish kerak. Bu borada yoʻl qoʻyilayotgan xato-kamchiliklarning qay birini ­aytishimizni bilmayotganimiz kabi bu ketishda ularning qay birini ­tuzatishni ham bilmay qolsak kerak. Dunyoda inson ongi va qalbi uchun kechayotgan kurash keskinlashayotgani bu manzaralar orqali koʻz oʻngimizda ­namoyon boʻlmoqda. Biz esa ularning yonidan beparvo oʻtib ketmoqdamiz.

Davlatimiz rahbarining “Barchangizga ayon, hozirgi kunda dunyo miqyosida beshafqat raqobat, qarama-qarshilik va ziddiyatlar tobora keskin tus olmoqda. Diniy ekstremizm, terrorizm, giyohvandlik, odam savdosi, noqonuniy migratsiya, “ommaviy madaniyat” kabi xavf-xatarlar kuchayib, odamzod asrlar davomida amal qilib kelgan eʼtiqodlar, oilaviy qadriyatlarga putur yetkazmoqda”, degan soʻzlari zamirida aks etgan haqiqat keng jamoatchilik — shoir-yozuvchilar, meʼmorlar, sotsiologlar, ruhshunoslarni ham uygʻonishga daʼvat etadi. Asrlar davomida yoʻqotib kelingan millat oʻzligini topishni bugundan boshlashi lozim, aks holda, ertaga kech boʻladi.

Shoyim BOʻTAYEV (“Xalq soʻzi”).


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?