Yoshlarni jismoniy tarbiya va sportga jalb etishda qanday muammolar yuzaga kelmoqda?

18:06 20 Noyabr 2020 Siyosat
207 0

Senatning toʻqqizinchi yalpi majlisi kun tartibidagi navbatdagi masala – mamlakatimizda aholi, ayniqsa, yoshlarni jismoniy tarbiya va sport bilan shugʻullanishga keng jalb etishda yuzaga kelayotgan muammolar toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan parlament soʻrovi natijalari muhokama qilindi.

Taʼkidlanganidek, butun dunyo boʻylab hukm surayotgan COVID-19 koronavirus pandemiyasi inson salomatligini saqlashda chiniqish, immunitet mustahkamligi qanchalar muhim ahamiyat kasb etishini yana bir bor isbotladi.

Dori-darmonlar sifatini va taʼsirchanligini oshirish, virusga qarshi vaksina yaratish kabi choralar ham oʻz yoʻliga, lekin sogʻlom turmush tarzini kundalik qoidaga aylantirish orqali aholi salomatligini mustahkamlash muhimligini bugun butun dunyo davlatlari bir ovozdan maʼqulladi.

Shuning uchun soʻnggi yillarda yurtimizda aholini, ayniqsa, yoshlarni sportga keng jalb etish, ularning sogʻlom hayot kechirishlarini taʼminlash masalasi davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biriga aylandi. Prezidentimiz tomonidan 2020-yil 30-oktyabrda imzolangan “Sogʻlom turmush tarzini keng tatbiq etish va ommaviy sportni yana-da rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni buning yorqin tasdigʻidir.

Farmon ijrosini taʼminlash maqsadida tuman (shahar) va mahallalarda jismoniy tarbiya-sogʻlomlashtirish infrastrukturasi shakllantiriladi. Xususan, 9146 ta mahallada 18292 ta jismoniy tarbiya-sogʻlomlashtirish va sport maydonchasi, 204 ta tuman (shahar)da salomatlik va velosiped yoʻlaklari bunyod etiladi.

Majlisda Senat tomonidan aholi, ayniqsa, yoshlarni jismoniy tarbiya va sport bilan shugʻullanishga keng jalb etish yuzasidan hukumatga parlament soʻrovi yuborilgani qanchalar oʻrinli va dolzarb masala boʻlgani alohida taʼkidlandi.

Yuborilgan soʻrov Vazirlar Mahkamasining Rayosatida muhokama qilingani va tegishli choralar koʻrilgani haqida maʼlumot berildi.

Bugungi kunda Respublikada mavjud 51 651 ta sport inshootlarining bir kunlik mashgʻulotlar oʻtkazish quvvati 2,1 mln. tani tashkil etadi. Ularning 417 tasi stadion, 10 863 tasi sport zali, 316 tasini suzish havzasi, 182 tasi otish tiri, 39 841 tasi sport maydonchasi, 8 tasi otchopar va 24 tasi sport manejidan iborat.

Hududlarda joylashgan ochiq sport obyektlari hamda istirohat bogʻlarida aholining yugurish, yurish, badantarbiya va boshqa sport turlari bilan shugʻullanishi uchun 5 447 ta mahallaga 7 905 nafar trener biriktirilgan.

Investitsiya dasturi asosida hozirgacha 68 ta sport inshooti foydalanishga topshirilgan. 2020-yilda 44 ta sport inshootini foydalanishga topshirish yuzasidan qurilish-taʼmirlash ishlari amalga oshirilmoqda. Mazkur inshootlarning foydalanishga topshirilishi natijasida bir kunda qoʻshimcha 13 493 nafar aholining jismoniy tarbiya va sport bilan shugʻullanishi uchun imkoniyatlar yaratiladi.

Karantin davrida aholi, xususan, yoshlarning boʻsh vaqtini mazmunli oʻtkazish maqsadida tashkil etilgan onlayn sport musobaqalarida 326 000 dan ortiq aholi jalb etilgan. Shuningdek, karantin qoidalariga qatʼiy rioya qilgan holda “yashil” hududlarda sportning 42 ta turi boʻyicha sport tadbirlari hamda badantarbiya mashgʻulotlari yoʻlga qoʻyilgan.

Majlisda senatorlar Prezidentimizning “Sogʻlom turmush tarzini keng tatbiq etish va ommaviy sportni yana-da rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni ijrosini toʻliq nazorat qilish hamda COVID-19 koronavirus pandemiyasi davrida joriy etilgan karantin cheklovlari sababli faoliyat olib bormagan sport toʻgaraklarida kelgusida qoʻshimcha oʻrganishlar oʻtkazish va bunda ularga qancha yoshlar jalb etilgani, mazkur toʻgaraklarning xizmat koʻrsatish narxi aholi real daromadiga muvofiqligi, kambagʻal oilalar vakillariga sport mashgʻulotlari uchun yaratilgan imkoniyatlar va imtiyozlar kabi masalalarga alohida eʼtibor qaratish zarurligini taʼkidladi.

Bildirilgan fikr-mulohazalardan kelib chiqqan holda aholi, ayniqsa, yoshlarni jismoniy tarbiya va sport bilan shugʻullanishga keng jalb etish masalasi qoʻshimcha oʻrganilib, Senatning 2021-yildagi yalpi majlislarida muhokama etilishiga kelishib olindi.

Mazkur masala yuzasidan Oliy Majlis Senatining tegishli qarori qabul qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?