“Yoshlarni yuksak gumanistik ideallar ruhida tarbiyalashda musiqa sanʼatining oʻrni va ahamiyatini hech narsa bilan oʻlchab, baholab boʻlmaydi”

16:58 10 Sentyabr 2018 Jamiyat
273 0
Foto: Hasan Paydoyev / "Xalq so'zi"

Shahrisabzda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan 6-10 sentyabr kunlari boʻlib oʻtgan Xalqaro maqom sanʼati anjumani nafaqat yurtimiz ahli, balki 73 davlatdan kelgan xorijlik sanʼat ixlosmandlari, diplomatik korpuslar vakillari, xonandayu sozandalarni ham birdek maftun etdi. Qadimiy Oqsaroy maydonidagi joziba, tarix va zamonaviylikni oʻzida mujassam etgan chiqishlar, mahalliy folklor ansambllarining laparu alyorlari mehmonlarni hayratlantirdi, havasini keltirdi. Biz xorijlik ishtirokchilar, shuningdek, ayrim sayyohlarning fikrlari bilan qiziqdik.

Joti Xosagraxar Visvervaraya, YUNЕSKO departamenti boshligʻi:

  • Dunyoning koʻplab mamlakatlarida uyushtirilgan turli anjumanlarda ishtirok etgan sanʼat va madaniyat sohasi mutaxassisi sifatida aytamanki, Xalqaro maqom sanʼati anjumani yuksak saviyada tashkil etilgani bilan ajralib turadi. Uning ochilish marosimida biz dilbar qoʻshiqlarni tinglash barobarida milliy liboslar namoyishiga ham guvoh boʻldik. Ayni paytda har bir hududning chiqishi ham menda katta taassurot qoldirdi. Bu xalqingizning azaliy urf-odatlar, sanʼatga boʻlgan yuksak ehtiromini ramzidir. Bilasiz, tashkilotimiz tomonidan “Shashmaqom” eng qadimiy va tarixiy muhim sanʼat turi sifatida tan olingan.Ikki ming yillik madaniy merosga ega boʻlgan “Shashmaqom” nafaqat Oʻzbekiston, balki butun dunyodagi koʻplab mamlakatlarda keng tarqalgan. Ushbu Xalqaro maqom festivali esa tarixiy madaniyatni tiklashda beqiyos ahamiyatga ega. Zero, Prezident Shavkat Mirziyoyev tadbirning ochilish marosimida taʼkidlaganidek: Bu noyob boylikni koʻz qorachigʻidek asrab-avaylash, undan dunyo ahlini bahramand qilish, kelgusi nasllarga bezavol yetkazish turli qitʼa va mamlakatlar vakillarini bu goʻzal maskanda mujassam etgan anjumanimizning asosiy maqsadidir”.
    Foto: Hasan Paydoyev / "Xalq so'zi"

Reychel Xarris, Sharq va Afrikani tadqiq etish London universiteti Sharqshunoslik instituti doktori (Buyuk Britaniya):

— Biz bir necha kundan buyon tarixiy va qadimiy Shahrisabz shahrining goʻzalligi, tarixiy obidalari tarovati, odamlarining mehmondoʻstligidan bahramand boʻlyapmiz. Bunday shukuhning chekka qishloqlarda ham mavjudligi bizni hayratlantirdi. Qarshi shahridagi Yoshlar xiyobonida musiqaga ixlosi baland yoshlar bilan uchrashdik.

Bugun baʼzi mamlakatlar aholisining bir-biriga qurol tutib, irq talashayotgan bir paytda oʻzbek yoshlarining ilm, kasb-hunar oʻrganishga intilayotgani, dunyo xalqlarini musiqa bilan birlashtirayotgani Oʻzbekistonnni jahon hamjamiyatidagi obroʻsini yanada oshiradi. Beqaror, notinch vaziyatdagi baʼzi davlatlar farzandlarini ham Oʻzbekiston bolalaridek baxtli boʻlishini istardim. Yurtingizga koʻz tegmasin!

Shoh Rajesh, Banaras Hindu universiteti ijrochilik sanʼati fakultetining professori (Hindiston):

— Koʻp bora eshitganim va oʻqiganim — Oʻzbekistonga birinchi marta kelishim. Shahrisabzdagi tarixiy obidalar menda katta taassurot qoldirdi. Oʻzimni moziyga tushib qolgandek his qildim. Shaharning bugungi taraqqiyoti ham koʻzni quvnatadi — koʻchalar toza, ozoda, qayerga qaramang gulzor.

Yurtingiz haqida taassurotlarim kun sayin boyib, har qadamda oʻzim uchun bir yangilik kashf qilyapman. Bolalar musiqa va sanʼat maktablarining koʻpligi, yosh avlodning sanʼat haqidagi bilimlarini boyitishga qaratilgan alohida taʼlim dasturlarining ishlab chiqilgani juda quvonarli. Koʻpgina davlatlar taʼlim tizimida musiqiy taʼlim-tarbiyaga eʼtibor qaratishmaydi. Axir, inson ruhiyati, madaniyati va maʼnaviyati shakllanishida musiqaning ahamiyati yuqori ekanligini hali aksariyat mamlakatlarda anglab yetishmayapti. Birgina, mana shu xalqaro musiqa festivalini olib qarang, yer yuzining toʻrt tarafidan kelgan turli millat va elat vakillarini birlashtirish, oʻz milliy sanʼatlarini bir sahnada namoyish etish imkonini berdi. Yangragan kuy-qoʻshiqlarning tarixiy va qadimiy obidalarga hamohangligi festivalga oʻzgacha joziba bagʻishladi. Qolaversa, ushbu anjuman ulugʻvor maqsadlarni oʻzida mujassamlashtirgani tufayli boshqa festivallardan tubdan farq qiladi.

Foto: Hasan Paydoyev / "Xalq so'zi"

Anvar Gola Muhammad, Birlashgan Arab Amirliklari madaniyat va sanʼat vazirligi koordinatori (BAA):

  • Bugun Oʻzbekistonda sanʼat va madaniyat sohasini rivojlantirishga boʻlgan eʼtibor yanada yuksalganidan havasdaman. Ayniqsa, Prezident Shavkat Mirziyoyevning: “Agar biz asl, haqiqiy sanʼatni bilmoqchi, oʻrganmoqchi boʻlsak, avvalo, mumtoz maqom sanʼatini bilishimiz, oʻrganishimiz kerak. Agar biz sanʼatni, madaniyatni koʻtarmoqchi boʻlsak, avvalo, mumtoz maqom sanʼatini koʻtarishimiz kerak. Maqom ohanglari, maqom ruhi va falsafasi har bir inson qalbidan, avvalo, unib-oʻsib kelayotgan yosh avlodimizning ongi va yuragidan chuqur joy olishi uchun bor imkoniyatlarimizni safarbar etishimiz zarur” degan otashin soʻzlari qalbimda bir umr muhrlanib qoladi.
  • Dunyoning koʻplab mamlakatlarida oʻtkazilgan musiqa festivallarida, turli anjumanlarda qatnashganman. Biroq maqom anjumani ilk bor tashkil etilgan boʻlsa-da, u yuqori saviyasi bilan ajralib turadi. Uning ochilish marosimida shaxsan mamlakat rahbari qatnashdi, ishtirokchilarga oʻzining samimiy tilaklarini bildirdi. Jumladan, davlat rahbarining: “Bugungi zamonda barcha ezgu niyatli insonlarni birlashtirish, yoshlarni yuksak gumanistik ideallar ruhida tarbiyalashda musiqa sanʼatining oʻrni va ahamiyatini hech narsa bilan oʻlchab, baholab boʻlmaydi” degan soʻzlari haqqoniy eʼtirofdir.
Foto: Hasan Paydoyev / "Xalq so'zi"

Sandor Sabo, Vengriya, musiqashunos:

Oʻzbek musiqasi oʻzining jozibadorligi, tarbiyaviy ahamiyatga egaligi hamda zamirida kuchli falsafa mujassamligi bilan boshqa xalqlar sanʼatidan ajralib turadi.

Oradan necha ming yillar oʻtgan boʻlsa ham, oʻzbek maqom sanʼati aslo oʻzgarmagan. Tarixiyligini, oʻzining kuchli mazmun-mohiyatini hamon saqlab kelmoqda. Buning asosiy sababi, xalqingizning fidoyiligi desam, aslo xato qilmagan boʻlaman.

Anjuman doirasida oʻtkazilgan ilmiy-amaliy konferensiyada “Musiqaning muqaddas tajribasi” mavzusida maʼruza qildim. Biz turli davlatlardan kelgan olimlar birgalikda maqom sanʼatining dolzarb masalalari xususida fikr almashdik. Oʻylaymanki, Shahrisabzda boʻlgan oʻzaro muloqotlar kelajakda har birimizning faoliyatimizda asqotadi.

Maqsud JONIXONOV,
Ahad MUHAMMADIYEV,
“Xalq soʻzi” muxbirlari.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?