Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va ijtimoiy-iqtisodiy faolligini oshirish ustuvor vazifa

18:18 29 Yanvar 2020 Jamiyat
406 0

Prezidentimiz Sh.M.Mirziyoyev rahbarligida 2019-yil 27-dekabr kuni yoshlarga oid davlat siyosati sohasidagi ishlar natijadorligi va yoshlar bilan ishlash samaradorligini oshirish borasidagi dolzarb vazifalar yuzasidan videoselektor tarzida oʻtkazilgan uchrashuvda yoshlar bilan ishlash borasida muhim vazifalar belgilab berildi.

Har bir sektor rahbari tomonidan kamida 200 nafar yoshlarni yigʻib uchrashuvlar oʻtkazish, qabullarni aholi zich yashaydigan joylarda tashkil etish, yoshlar yetakchilarini oʻz qanotiga olib, tajribasini oshirish, xalq bilan muloqotga oʻrgatish vazifasi ham kun tartibiga qoʻyildi.

Viloyatimizda kelajagimiz vorislarining huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini roʻyobga chiqarish, himoya qilish va kafolatlash borasida aniq manzilli ishlar amalga oshirilmoqda.

Ochiq muloqotlarda, yuzma-yuz suhbatlarda yoshlarning ish bilan bandligi, uy-joy taʼminoti, boʻsh vaqtlarini mazmunli oʻtkazish, taʼlim olishga va kasb oʻrganishga boʻlgan talablarini qanoatlantirish choralari koʻrilmoqda.

Uchrashuvlarni viloyatning eng olis va chegara hududlarida, birinchi navbatda uyushmagan yoshlar ishtirokida tashkil etishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Joriy yilning 29-yanvar kuni Andijon viloyati, Paxtaobod tumanida viloyat hokimi, viloyat prokurori va sektor rahbarlari ishtirokida yoshlar bilan uchrashuv tashkil qilindi.

Oʻtkazilgan uchrashuvda Paxtaobod tumanidagi 38.812 nafar yoshlarning 2.868 nafari (shundan, ayollar 1.297 nafar) doimiy mehnat faoliyati bilan band emasligi maʼlum boʻldi.

Mazkur uyushmagan yoshlar bilan suhbatlar davomida ularning 
79 nafari toʻqimachilik sanoati yoʻnalishida, 134 nafari qurilish va 
300 nafari qishloq xoʻjaligi sohasida faoliyat yuritish istagini bildirdilar.

Eng muhim jihat – tumandagi 1 ming 59 nafar yoshlar tadbirkorlik faoliyatini boshlash niyatida ekanligi maʼlum boʻldi. Oʻziga maʼqul kasb-hunarni, aytaylik, nonvoy, sartarosh, kosib, chilangar va boshqa yoʻnalishlarni egallamoqchiligini salkam 1 ming 296 nafar yoshlar bildirdilar.

Bu raqamlar zamirida el-yurt ishiga kamarbastalik, xonadonlar daromadini, oila byudjetini mustahkamlashdek xayrli niyatlar yotganligini sezish qiyin emas. Demak, muammolarni hal etish oʻz-oʻzidan islohotlar rivojiga ijobiy taʼsir koʻrsatishi amalda isbotini topmoqda.

Shu jihatdan, uchrashuvda hududdagi yoshlar oʻzlarini qiziqtirgan masalalar, hududda ular uchun yaratilgan shart-sharoitlar va yoshlar tashabbuslarini roʻyobga chiqarish uchun mavjud imkoniyatlar haqida viloyat rahbarlari va soha vakillari bilan oʻtkazilgan ochiq muloqot asosida maʼlumotga ega boʻldilar. 

Tashkil etilgan uchrashuv davomida unda ishtirok etgan yoshlar tumandagi “Konteks”, “Dinar tekstil” va “Madaniyat tekstil” trikotaj mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxonalari faoliyati bilan yaqindan tanishtirildi. Shu korxonada ishlash istagini bildirgan 56 nafar yosh jamoada mehnat faoliyatini boshlaydigan boʻldi.

Shuningdek, tadbirda 5 nafar yoshlarga tadbirkorlik faoliyatini yoʻlga qoʻyish uchun yer maydoni ajratilishi va 47 nafar yoshlarga imtiyozli kredit mablagʻlari ajratilishi belgilandi.

Shu oʻrinda Paxtaobod tumanidagi “Boʻstonobod” MFYda boʻlgan muloqot chogʻida ajoyib bir taklif qoʻllab-quvvatlanganligini aytish joiz.

Muloqot davomida D.Mamarasulov boshchiligida 14 nafar uyushmagan yoshlarning qurilish-taʼmirlash ishlarini amalga oshiruvchi jamiyat tashkil qilish tashabbusi qoʻllab-quvvatlanib, uchrashuv davomida “Boʻstonobod yoshlar bunyodkori” masʼuliyati cheklangan jamiyati tashkil qilindi.

Shuningdek, uchrashuv ishtirokchilari hududdagi askarlarning va xizmatchilarning faoliyati, oʻquv-dala mashgʻulotlari, harbiy texnikalar bilan tanishtirildilar, koʻrgazmali chiqishlar namoyish etildi. Qalbida Vatan himoyachisi boʻlishdek sharafli kasbni egallashni maqsad qilgan yoshlar safi koʻpaydi.

Bundan tashqari, hududdagi “Boʻston” bolalar oromgohida yoshlar ishtirokida futbol, tennis, kurash va shaxmat sport turlari boʻyicha musobaqalar tashkil etildi. Mazkur jarayonga yoshlar ittifoqi yetakchilari, milliy va olimpiya sport turlari boʻyicha Oʻzbekiston, Osiyo va jahon chempionlari taklif qilinganligi yoshlarda havas ruhini uygʻotdi.

Bir soʻz bilan aytganda, yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va ijtimoiy-iqtisodiy faolligini oshirish ustuvor vazifamiz shiori ostida oʻtkazilgan uchrashuvda yoshlar oʻzlarini qiynab kelayotgan koʻplab masalalarga yechim topdilar.

Muhtaram Prezidentimizning Oliy Majlisga Murojaatnomasida shunday fikr ilgari surildi: “Jamiyatda tinchlik va osoyishtalikni taʼminlashda hech kim chetda turmasligi, “Oʻz bolangizni, oʻz uyingizni, oʻz Vataningizni koʻz qorachigʻidek asrang!” degan shior odamlarimiz qalbidan chuqur joy olishi kerak”.

2020-yilda yoshlarga oid davlat siyosatida tub burilish yasash boʻyicha ulkan maqsadlar belgilab olindi. Xususan, yoshlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, ularni ish bilan taʼminlash, zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni egallashi uchun sharoit yaratish, qobiliyat va isteʼdodini roʻyobga chiqarish, ularning muammolari bilan muntazam ravishda shugʻullanish, xususan, qiz bolalarni mustaqil hayotga tayyorlash, madaniyat va sanʼat sohasini rivojlantirish bilan bogʻliq vazifalar ijrosini nazorat qilib borish – sektor rahbari sifatida zimmamizga juda katta masʼuliyat yuklamoqda.

Gʻayrat FOZILOV,

Andijon viloyati prokurori, adliya katta maslahatchisi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?