Yoshlarini tinglagan davlat kam boʻlmaydi

14:06 13 Avgust 2020 Siyosat
327 0

Arxiv foto

Jamiyatimizda, umuman, butun dunyoda yangi fikr, gʻoya va tashabbuslarga ehtiyoj katta. Ular qayerdan keladi? Albatta, birinchi navbatda hayotga yangicha qaraydigan yoshlardan.

Shu jihatdan qaraganda ham “Yoshlar 2020: global miqyosdagi birdamlik, barqaror taraqqiyot va inson huquqlari” mavzusida oʻtkazilgan inson huquqlari boʻyicha Samarqand forumining ahamiyati yuqori.

Odatda xalqaro forumlarning mavqeini tushunishda tadbirning xalqaro darajada qanday qabul qilinishi, unda ishtirok etuvchi tashkilotlar tarkibi muhim ahamiyat kasb etadi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev forum ishtirokchilariga yoʻllagan samimiy tabrigida BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrishga forumni oʻtkazish toʻgʻrisidagi tashabbusni qoʻllab-quvvatlagani uchun chuqur minnatdorlik bildirdi.

Xalqaro anjuman ishida YUNESKO, Xalqaro mehnat tashkiloti, Migratsiya boʻyicha xalqaro tashkilot, Parlamentlararo ittifoq, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi, Islom hamkorlik tashkiloti vakillari va boshqa nufuzli tashkilotlardan vakillar qatnashgani, qimmatli fikr-mulohazalar bildirilgani yoshlar masalasining dunyo uchun qanchalik muhimligini koʻrsatdi.

Tabrikdagi “yoshlarni tinglashni oʻrganishimiz kerak”, degan mazmundagi fikr xalqaro hamjamiyat uchun oʻziga xos chaqiriq, ayniqsa, yurtimizdagi katta-kichik rahbarlar uchun esa alohida eʼtibor beriladigan vazifa boʻldi.

Prezidentimiz tabrigida yoshlarning dolzarb ehtiyojlarini taʼminlash, huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan milliy, mintaqaviy, global strategiya hamda dasturlarni ishlab chiqib, amalga oshirishda bevosita ishtirok etishlari uchun ularning oʻziga imkoniyat yaratib berish zarurligi alohida taʼkidlandi. Odatda yoshlarni oʻylantirayotgan masalalarga yechim topishda, albatta, ularning oʻzidan fikr, taklif soʻrash eng toʻgʻri yoʻl hisoblanadi. Shunday rejalar tuzilishi kerakki, ular amalga oshishini avvalo yoshlar istashi, amaliy xayrixohlik bildirishi lozim. Shunda reja va dasturlar natijador boʻladi.

Oʻzbekistonda buning uchun, yaʼni yoshlar muhim jarayonlarda ishtirok etishi real mexanizmlar, aytish mumkinki, yangi institutlar joriy etmoqda. Oliy Majlis palatalari huzurida Yoshlar parlamentlari tuzilgani, Yoshlar ishlari agentligi va Yoshlar masalalari boʻyicha idoralararo kengash tashkil etilgani bunga yorqin misollar boʻla oladi.

BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida Oʻzbekiston tomonidan ilgari surilgan Yoshlar huquqlari toʻgʻrisidagi konvensiyaning ishlab chiqilgan loyihasi Samarqand forumida muhokama etilishi katta ahamiyatli voqea boʻldi. Mazkur konsepsiya loyihasi bilan tanishib chiqdim, dastlabki xulosam shuki, dunyoga bunday hujjat kerak.

Masalan, loyihada yoshlarning erkin harakatlanish huquqiga alohida modda ajratilibdi. Unga koʻra, yoshlar ishtirok etuvchi davlatlar qonunchiligida koʻzda tutilgan qoidalar va tartiblarga muvofiq mamlakat hududida toʻsiqsiz harakat qilish, oʻz yashash va turish joyini tanlash, oʻzining mamlakatini va har qanday boshqa mamlakatni tark etish hamda oʻz mamlakatiga qaytish huquqiga egaligi belgilanibdi. Yoshlarga dunyo yana-da erkin boʻlishida bu meʼyorning ahamiyati yuqori.

Mamlakatimiz yoshlari xalqaro konsepsiya loyihasiga koʻplab takliflar berayotganini eshitib, quvondim, toʻgʻrisi.Oʻzbekistonning xalqaro tashabbusi amalga oshishida oʻzimizning yigit-qizlar faol, intiluvchan boʻlishi nihoyatda muhim, deb oʻylayman.

Anvarxon Temirov,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
OʻzXDP fraksiyasi aʼzosi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?