Yoshlarda nega qurol olib yurish va jihod qilishga qiziqish paydo boʻlmoqda?

09:13 24 Fevral 2020 Jamiyat
149 0

Ayrimlar “jinoyat haqida gapirish jinoyatlar koʻpayishiga sabab boʻladi”, degan fikrda. Ammo dono xalqimiz “kasalni yashirsang, isitmasi oshkor qiladi”, degan naqlni bejiz aytmagan.

Sodir boʻlgan jinoyatlarni xaspoʻshlamay, tahlildan oʻtkazish esa ularning tub ildizlari haqida oʻylab koʻrish, bartaraf etish choralarini koʻrishga yordam berishi shubhasiz.

Bosh prokuraturada boʻlib oʻtgan jinoyatchilikka qarshi kurashish boʻyicha muvofiqlashtiruvchi kengashining kengaytirilgan yigʻilishida oʻtgan yilgi jinoyatlar tahlil etilar ekan, maktab oʻquvchilari tomonidan sodir etilgan jinoyatlar koʻpaygani qayd etildi.

Buning sabablari nimada? Nega ota-ona, taʼlim dargohi nazoratida boʻlishi kerak boʻlgan oʻsmirlar oʻz holiga tashlab qoʻyildi?

Misol uchun, Toshkent shahri Yashnobod tumanidagi maktablardan birida oʻqiyotgan Sh. 7 oy davomida darsga qatnashmagan. Lekin u sinf jurnalida “sababli dars qoldiruvchi” sifatida qayd etib kelingan.

Oʻquvchi esa X. ismli shaxsning uyida turli yumushlarni bajarib yurgan. Oʻzaro kelishmovchilik oqibatida oʻsmir uy egasini oʻldirgan. Voqeaga guvoh boʻlgan marhumning turmush oʻrtogʻi X. va uning dugonasi K.ni ham oʻldirish maqsadida ularning hayotiga suiqasd qilgan.

Angrenlik maktab oʻquvchisi J. esa tanishi S.ning 42 million soʻmlik tilla buyumlarini qoʻlga kiritish uchun uni pichoq bilan qasddan oʻldirgan.

Bosh prokuror Nigʻmatilla Yoʻldoshev voyaga yetmaganlar yetarli darajada nazoratga olinmagani, ularning pichoq va boshqa sovuq qurollar olib yurishiga befarq qarash oqibatida jinoyat sodir etish koʻpayganini tanqid ostiga oldi. 2019-yilda taʼlim muassasalarida 210 nafar oʻquvchi sovuq qurol olib yurgani aniqlangan.

Oʻtgan yilda yoshlar tomonidan pichoqdan qurol sifatida foydalanib, 346 ta jinoyat sodir etilgan. Bular asosan qotillik, tan jarohati yetkazish, bosqinchilik va bezorilik jinoyatlaridir. Ularning aksariyati Surxondaryo, Namangan, Andijon, Qashqadaryo, Toshkent, Fargʻona viloyatlari va Toshkent shahriga toʻgʻri kelgan.

Misol uchun, Qoʻqon shahridagi maktab oʻquvchisi O. oʻzaro kelib chiqqan janjal oqibatida tanishi Y.ning qorin qismiga pichoq bilan urib, unga ogʻir tan jarohati yetkazgan.

Oʻsmirlar nafaqat tigʻli, balki boshqa xavfli qurol bilan ham maktabga kelganiga nima deysiz? Misol uchun, Yunusobod tumanidagi maktab oʻquvchisi Yu. otasiga tegishli pnevmatik avtomatni metall oʻqlari bilan maktabga olib kelgan.

Oʻquvchilarning darsga qatnashishini nazorat qilish boʻshashtirib yuborilgan. Zero, davomat yaxshi boʻlishi ularning nazoratsiz qolmasligi, turli yoʻllarga kirib ketmasligini taʼminlovchi muhim omildir.

Ammo Bosh prokuratura tomonidan oʻtkazilgan davomat tadbirida 2019-yil 9-14-noyabr kunlari Toshkent shahar maktablarida 4 ming 215 nafar, 11-27-noyabr kunlari Qashqadaryoda 1 ming 57 nafar oʻquvchi darslarga sababsiz qatnashmagani aniqlangan.

Yoshlar ijtimoiy tarmoqlar va boshqa omillar taʼsirida milliy qadriyat, anʼanalarga yot gʻoyalarga berilayotganligi, ekstremistik va terroristik oqimlarga qoʻshilib qolayotganligi barchani tashvishga solishi kerak.

Xususan, Toshkent shahrida istiqomat qiluvchi T. ijtimoiy tarmoqlar orqali jihodga daʼvat etuvchi maʼruzalarni tinglab, Suriyadagi terrorchilik guruhlarga borib qoʻshilmoqchi boʻlgan. Bu yosh yigit mamlakatdan chiqib ketayotganida ushlangan.

Bu kabi holatlar voyaga yetayotgan, hali “oq va qora”ni ajrata olmaydigan bolalar, katta hayotga endigina qadam qoʻygan yoshlar bilan ish olib borishda mavjud uslublarni oʻzgartirish zarurligini koʻrsatmoqda. Farzandlar ongu shuuriga “in qurayotgan” jaholat oʻrnini maʼrifat egallashi zarur. Buning uchun masʼullar koʻproq ter toʻkishi, fidoyilik koʻrsatishi maqsadga muvofiq.
OʻzA


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?